3. Ishlab chiqarish faoliyatida xavfsizlikni oshirish.
Sanoat korxonalarida xavfsizlik texnikasi, sanoat sanitariyasi va yong'in xavfsizligi qoidalariga, me'yor va tavsiyanomalariga rioya qilmaslik ishchilarni jarohatlanishga, zaharlanishiga va kasb kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Inson tanasining teri yoki ayrim qismlari tashqi mexaniq, kimyoviy, issiqlik va elektr ta'siri natijasida shikastlansa, buni jarohatlanish deb ataladi. Jaroxatlanishga urilish natijasida lat eyish, kesilish, suyak sinishi va chiqishi, kimyoviy yoki issiqlikdan kuyish, issiq urishi, sovuq urishi, o'tkir zaharlanish va elektr toki ta'sirida organizmning ba'zi qismlarida hayot faoliyatining buzilishi kiradi. Jaroxatlanish tushunchasi baxtsiz hodisa deb ham yuritiladi.
Jarohatlanish uch turga bo'linadi. Birinchisi, ishlab chiqarishda, ish joyida jarohatlanish, ikkinchisi ish bilan bog'liq, lekin ishlab chiqarish bilan bog'liq bo'lmagan jarohatlanish va uchinchisi ishlab chiqarish va ish bilan bog'liq bo'lmagan jarohatlanish.
Ishlab chiqarishda, ish joylarida olingan jaroxatlanishga, ishchi ma'muriyat tomonidan buyurilgan ishni bajarish chog'ida ish joyida, tsexda, zavod hududida yuk ortish va yuk tushirish yoki ba'zi yuklarni bir joydan ikkinchi joyga ko'chirish vaqtida olgan jaroxatlanishlar kiradi.
Ikkinchi tur jarohatlanishlar ishga borib-kelish vaqtida transport vositalarida, komandirovka vaqtida yoki korxona ma'muriyatining topshirig'iga muvofiq ishlab chiqarish hududidan tashqaridagi ba'zi bir ishlarni bajarganda olingan jarohatlanishlardan iborat.
Uchinchi tur jarohatlanishga mast bo'lish natijasida olingan jarohatlar, davlat mulkini o'g'irlash va boshqa shunga o'xshash holatlaridagi jarohatlanishlar kiradi.
Agar baxtsiz xodisa u ma'muriyat tomonidan xavfsiz ish sharoitni yaratish sohasida yo'l qo'yilgan xato orqasida bo'lmay, balki ishchining mehnatini muhofaza qilish qoida va me'yorlariga amal qilmasligi natijasida kelib chiqqan bo'lsa, unda ishchi ham ma'muriyat xodimi bilan birga javobgar hisoblanadi. Bunda moddiy to'lov miqdori ma'muriyat xodimi va ishchining aybdorlik darajasiga qarab belgilanadi. Mehnat qonunlariga asosan ishlab chiqarish bilan bog'liq bo'lgan jarohatlanishdan yo'qotilgan ish kunlariga korxona tomonidan haq to'lanishi kerak deb belgilangan.
Sanoat sanitariyasi me'yorlarining buzilishi natijasida ishlab chiqarish joylaridan ajralib chiqqan zararli omillar ta'siridan ishchi kasbiy zaharlanish yoki kasb kasalligiga chalinishi mumkin. Kasbiy zaharlanish ishchining nafas olish, ovqat hazm qilish natijasida kelib chiqishi mumkin.
Kasbiy zaxarlanish bir smena davomida yuz bersa, uni o'tkir zaharlanish deyiladi, agar uzoq muddat davomida zaharli moddalar yig'ilishi natijasida yuz bersa, surunkali zaharlanish deyiladi. Surunkali zaharlanish kasb kasalliklariga olib keladi. Kasb kasaliklariga qoniqarsiz ish sharoitlarida ishlash natijasida kelib chiqadigan hamma kasalliklar kiradi. Masalan, havo bosimining ortiq yoki kam bo'lishi natijasida kesson yoki tog'kasalligi, sanoatda ajralib chiqadigan chang ta'siridan pnevmokonioz kasalligi, yallig'lanish va zaharli moddalar ta'siridan dermatit va yara kasalliklari kelib chiqadi.
Shuning uchun ham ishlab chiqarish korxonalarida yuz bergan har qanday baxtsiz hodisa har tomonlama tekshiriladi va hisobga olinadi. Tekshirish va hisobga olish umumiy o'rnatilgan qat'iy tartib asosida olib borilishi kerak. Yo'l qo'yilgan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini hisobga olish va tekshirish, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash tufayli bunday baxtsiz hodisa va kasb kasalliklarining qaytarilishining oldi olinadi.
Dostları ilə paylaş: |