Mavzu: Ishlab chiqarish menejmenti va uning korxona rivojlanishidagi o’rni.
Reja:
1. Ishlab chiqarish menejmentining obyekti, predmeti va uni o‘rganish metodologiyasi.
2. Ishlab chiqarish menejmentining vazifalari.
3.Uning korxona rivojlanishidagi o’rni.
Xalq farovonligini oshirish borasida iqtisod bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar muhim o‘rin egallaydi. Ana shu iqtisodga asoslanib, ijtimoiy 6 masalalarni hal qilish, davlatning tashqi hujumga qarshi himoya vositalari, faol tashqi siyosati sohalarida poydevor yaratiladi. Iqtisod, ijtimoiy ishlab chiqarish, taqsimot va ayirboshlash barcha tarmoqlarini qamrab oluvchi xalq xo‘jaligi kompleksini tashkil etadi. Bu kompleksda asosiy o‘rin sanoat korxonalariga tegishlidir. Chunki u yerda bevosita ishlab chiqarish jarayoni amalga oshib, moddiy boyliklar yaratiladi. Xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish murakkab jarayon bo‘lib, ishlab chiqarishning uchta elementi aloqasi bilan tavsiflanadi: mehnat predmetlari, mehnat qurollari va ishchi kuchi, yoki mehnatning o‘zi. Agar bu elementlarning nisbati o‘zgarsa, jarayonning natijasi ham o‘zgaradi. Ishlab chiqarishning tarixi davomida odamlar doimo shu elementlarning eng yaxshi aloqasini ta’minlovchi nisbatni topishga, uni takomillashtirishga va shu orqali oz miqdordagi harakat va moddiy sarflar orqali yaxshi natijaga, a’lo navli mahsulot ishlab chiqarishga intilganlar. Amaliyot sifatida ishlab chiqarish menejmenti eng yaxshi natija olish maqsadida ishlab chiqarish elementlarini taqsimlash va ishlatish bilan shug‘ullanadi. Bu ko‘p pog‘onali va mashaqqatli ish faqatgina fanni bilish asosida, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilish prinsiplarini bilgan holda amalga oshirilishi mumkin. Ishlab chiqarishni tashkil etish amaliyoti, o‘z predmeti, obyekti va uslubiga ega bo‘lgan «Ishlab chiqarish menejmenti» fanida aks etadi. Bu fanning predmeti — xo‘jalik ishlab chiqarish faoliyati sharoitida iqtisodiy qonunlarning harakati va turlari, kam mehnat, moddiy va pul resurslari sarflagan holda, yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga imkon beruvchi ish uslublarini ishlab chiqish hisoblanadi. Fan ijtimoiy fanlar sinfiga kirib, ishlab chiqarish jarayonida odamlarning munosabatlariga taalluqli bo‘ladi, demak u iqtisodiy ijtimoiy fanlar tiliga tegishlidir. Ishlab chiqarishni tashkil etish fani ham boshqa fanlar kabi bir joyda turmaydi. O‘zining taraqqiyotining har bir bosqichida fan rivojlanish qonuniyatini o‘rganish va korxonaning takomillashtirish shartlari hamda ularning ishini yaxshilash yo‘nalishlarni belgilashga intiladi. «Ishlab chiqarish menejmenti» fanining obyekti — oziq-ovqat sanoati korxonasidir. «Korxona» atamasining eng oxirgi ta’rifi «O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida»gi qonunida ifoda etilgan. Unda xususan bunday deyiladi: «Huquqiy shaxs huquqiga ega bo‘lgan, mulkchilik huquqi yoki xo‘jalikni to‘la yuritish huquqi bo‘yicha o‘ziga qarashli molmulkdan foydalanish asosida mahsulot ishlab chiqaradigan va sotiladigan yoki mahsulotni ayirboshlaydi, ishlarni bajaradigan, xizmat ko‘rsatadigan, bellashuv hamda mulkchilikning barcha shakllari teng huquqligi sharoitida amaldagi qonunlarga muvofiq o‘z faoliyatini ro‘yobga chiqaradigan 7 mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt korxona hisoblanadi»
Prezidentimiz Islom Karimov «Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot pirovard maqsadimiz» to‘plamida korxonalarni tashkil etish va ularni rivojlantirish to‘g‘risida quyidagilarni ta’kidlab o‘tgan: «Iqtisodiyotda mukammal texnologik jarayonni o‘z ichiga olgan, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan, mineral va qishloq xo‘jaligi xomashyosini sifatli qayta ishlaydigan quvvatlar yetakchi o‘rinda turishi zarur. Bu jarayonda mahalliy xomashyo va tabiiy imkoniyatlar asosida ishlaydigan, ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda nafaqat ichki, ayni vaqtda tashqi bozorda ham raqobatga bardosh beradigan mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqlarga asosiy e’tibor qaratilishi kerak». Korxona o‘z faoliyatini maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga ishlab chiqarilayotgan mahsuloti, bajarilayotgan ishlari yoki ko‘rsatayotgan xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish hamda ana shu asosda mehnat jamoasi a’zolarining iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarining hamda korxona mol-mulki egasining manfaatlarini ta’minlash yo‘li bilan erishadi. Korxona o‘z asosiy faoliyatini o‘zining Ustavida ko‘zda tutilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq ravishda amalga oshiradi. Korxona Ustavi esa respublika qonun va qoidalariga asoslanadi. Korxona faoliyatini ilmiy asosda oqilona tashkil etish va boshqarish uchun, ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlash uchun umumiy iqtisodiy qonunlarni chuqur bilish, barcha qonun qoidalardan unumli foydalanish, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishning hozirgi zamon usullaridan keng foydalanish zarur.
«Ishlab chiqarish menejmenti» fani boshqa fanlar kabi yagona ilmiy uslub — dialektik uslubga asoslanadi. Xo‘jalik ishlab chiqarish faoliyatining barcha bo‘g‘inlari bir-biriga bog‘liq ravishda o‘zgaradi va rivojlanadi, bunda yangi, progressiv hodisalar eskilari bilan kurash sifatida yuzaga keladi. Bilishning dialektik uslubi, fikr yuritish va namuna uslubini o‘z ichiga oladi. Ilm yoki fanning metodologiyasi deyilganda uni bilish va o‘rganish faoliyatining shakllari va usullari tushuniladi. Shu fan bo‘yicha masalani o‘rtaga tashlash, tadqiqot mavzuini va ilmiy nazariyani shakllantirish, shuningdek, aniqlangan natijaning haqiqiyligi, ya’ni o‘rganilayotgan obyekt muvofiqligi jihatidan tekshirish metodologiyasini qo‘llashning eng muhim tomoni hisoblanadi. Demak, metodologiya — bu tadqiqot yoki bilish, anglash yo‘li, voqelikni amaliy yoki nazariy o‘zlashtirish usullarining majmuasidir.
Xalqning moddiy va ma’naviy darajasini yanada oshirish, butun 9 ijtimoiy ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish asosida, shaxsni har tomonlama rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, mehnat unumdorligini, odamlarning ijtimoiy va mehnat faoliyatini oshirish — ijtimoiy strategiyasining oliy maqsadidir. Shulardan kelib chiqqan holda fanning quyidagi vazifalarini aytib o‘tish mumkin: 1. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada oshirish, aholining turli-tuman yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirish va buning uchun kerakli rezervlarni yaratish. 2. Ishlab chiqarish jarayonlarining mohiyati, ahamiyati, mazmuni, asosiy va yordamchi ishlab chiqarish, sanoat korxonalarining infrastrukturasini, mehnat va unga haq to‘lashning nazariy va amaliy masalalarini o‘rganish; 3. Iqtisodiy islohot sharoitida korxonalarda boshqarishni, ayniqsa iqtisodiy boshqarishni, rejalashtirish, baholash, moliyalash, kreditlash muammolarini yechishni o‘rganish. 4.Mamlakatni yetarli darajada ichki oziq-ovqat va furajli resurslar bilan ta’minlash, boshqa mamlakatlardan keltiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, ya’ni importni kamaytirib borib, oxiri umuman tugatish, eksportni vaqti bilan kengaytirish. 5. Qishloq xo‘jalik, unga xizmat ko‘rsatuvchi ishlov berish sanoati tarmoqlari, tayyorlov majmuyi, saqlash, transportirovka va savdoning harakati birligini ta’minlab, ularni umumiy maqsadga — aholini yuqori sifatli va turli-tuman mahsulotlar bilan ishonchli va o‘z vaqtida ta’minlashga bo‘ysundirish. 6. Korxonalarda ishlab chiqarish tizimining o‘zgarishi shakllari va yo‘llari, ishlab chiqarishi faoliyatining maqsadi va vazifalari, ularni amalga oshirish yo‘llari va baholash mezonlarini o‘rganish. 7. Mahsulot tannarxini kamaytirish. 8. Xomashyo, material, yoqilg‘i va energiyani tejash. 9. Mehnat samaradorligini oshirish. 10. Asbob-uskunalardan foydalanish va ularni takomillashtirish maqsadida texnik-tashkiliy tadbirlarni ishlab chiqish va mavjud rezervlarni aniqlash. Yuqorida aytib o‘tilgan vazifalarni bajarish uchun menejer — iqtisodchi ishlab chiqarish menejmenti nazariyasini yaxshi bilishi, kerakli miqdordagi yuqori iqtisodiy bilimlar va tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Korxonalarda ishlab chiqarish menejmenti haqidagi fan o‘z mazmuni bo‘yicha juda ko‘p qirrali bo‘lib, ishlab chiqarish jamoalari hayotining hamma tomonlarini qamraydi. Fanning mazmuni quyida keltirilgan bo‘limlarda o‘z aksini topadi: 1. Nazariy bilimlar, obyektning tavsifi, ishlab chiqarish jarayonining tuzilishi. 2. Ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish va ulardan foydalanishning ilmiy asoslari. 3. Xo‘jalikni boshqarish funksiyasi. 4. Boshqarishning tashkiliy shakllari va texnologiyasi. Fan bir qator boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liq. Avvalambor u falsafa, iqtisod nazariyasi, menejment, strategik menejment, makro va mikroiqtisod, tarmoq iqtisodi, mehnatni ilmiy tashkil etish, pedagogika, psixologiya, huquq, texnologik fanlar, kibernetika va boshqalarning yutuqlaridan foydalanadi. Falsafa bilan aloqasi shuni bildiradiki, ishlab chiqarishni tashkil etish, rivojlantirishning qonuniyatlarini tadqiq qilish va analiz qilishda dialektika va tarixiy jihatdan yondashish kerak. Iqtisodiyot nazariyasi jamiyatdagi ishlab chiqarish munosabatlarining taraqqiyot qonunlarini o‘rganadi. Texnologik fanlar u yoki bu xomashyoga ishlov berish va uni tayyor mahsulotga aylantirishda mexanik, kimyoviy, termik va boshqa xil jarayonlar mazmuni sifatida qaraladi. Menejment asoslari fani xo‘jalikni boshqarish amaliyotida boshqarish uslubi, texnika va texnologiya sohasida foydalaniladi. Kibernetika, rejalashtirish va boshqarish sohasida sistemali yondashish, eksperiment va modellashtirishni qo‘llash kerakligini ta’kidlaydi. Ko‘rib turibmizki, bu fan boshqa fanlar bilan chambarchas bog‘liq. Bu fan o‘ziga xos bo‘lgan savollarga javob topishga va korxona ishining tashkil qilishining yanada samaraliroq shakl va uslublarini ishlab chiqarishga, butun ishlab chiqarish jarayonining birligini ta’minlashga bog‘liq masalalarni yechishga harakat qiladi.
Raqobatbardoshlik — bu ma’lum bir bozorda o‘xshash obyekt bilan taqqoslanganda unga nisbatan ma’lum bir iste’molni qoniqish darajasini xarakterlovchi obyektiv xossadir. Raqobatbardoshlik bozorda obyekt bilan taqqoslaganda raqobatni saqlash qobiliyatini aniqlaydi. Iste’molchilar daromadiga bog‘liq holda raqobatbardoshlik aniq obyektlar turlari bo‘yicha shakllanadi: o‘rta sifatdagi obyektlar — past daromadli iste’molchilar uchun; yuqori sifatdagi obyektlar — o‘rta daromadli ommaviy iste’molchilar uchun; juda yuqori sifatdagi obyektlar — yuqori daromadli iste’molchilar uchun. Raqobatbardosh obyektlar ishlab chiqarishiga erishish asosiy omillari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi: 1. Obyektlarni ishlab chiqish va loyihalash, menejment metodlari va prinsiplari, ilmiy yondashishlarning qo‘llanishini son jihatdan aniqlovchi menejment sistemasining sifati. 2. Loyihaviy — konstruktorlik hujjatlarda ko‘rsatkichlar optimalligi, ishonchliligi va progressivligi jihatidan obyektni ishlab chiqish sifati. 3. Menejment va ishlab chiqarishni tashkil qilish, texnologiyalar progressivligini aniqlovchi loyiha sifati. 4. Obyektni normativ xizmat qilish muddatida uni o‘rnatish, ko‘chirish, remont va ekspluatatsiya qilish uchun iste’molchi xarajatlari (obyekt qiymati). 5. Aniq iste’molchining qo‘shimcha iste’mollar bilan qoniqish darajasi (qadoqlash sifati, kafolatli xizmat ko‘rsatish sifati). Tahlil qilinadigan obyekt raqobatbardoshligini miqdoriy o‘lchash imkoniyatini ta’minlash zarurki, u uning darajasi orqali boshqarishga erishadi. Tahlil qilinadigan obyekt raqobatbardoshligini o‘lchash uchun ma’lum obyekt va raqobatbardosh obyektlar foydali samarasini tavsiflovchi sifatiy axborot zarurdir. Foydali samara — bu aniq iste’molchi bilan yoki aniq ishni bajarish uchun foydalaniladigan obyekt majmuasi, sifat esa — bu bir necha iste’molchilar guruhi uchun potensial foydali samara. Foydali samara — obyekt, tovarning bir tomoni, boshqa tomoni bo‘lib esa, obyektdan foydali samara olish uchun obyektning hayotiy davriga sarflanadigan umumiy xarajatlar hisoblanadi.
Boshqaruv faoliyatining bajarish usullari menejment usullaridir. Bu usullar boshqarish fanida muhim o‘rin tutadi. Bu usullar juda ko‘p va ular bir-birlari bilan uzviy bog‘langan. Amaliyotda quyidagi usullar qo‘llaniladi: iqtisodiy, tashkiliy farmoyish (ma’muriy) va ijtimoiy-ruhiy. Bozor munosabatlari sharoitida boshqarishning iqtisodiy usullari muhim ahamiyatga loyiq. Iqtisodiy usullar orqali kishilarning moddiy qiziqishlariga ta’sir ko‘rsatiladi. Korxonalarda boshqarishning iqtisodiy usullaridan biri rejalashtirish hisoblanadi. Xo‘jalikni rejali yuritish uning quyidagi barcha faoliyatini qamrab oladi: ishlab chiqarish, lizing, ishlab chiqarish fondlaridan foydalanish, mehnat va ish haqi, ijtimoiy masalalar va boshqalar. Bozor iqtisodiyoti sharoitida rejalashtirishda oshkoralik muhim jihatdir. O‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash bozor xo‘jaligining harakatdagi muhim richagidir. U mahsulotni ishlab chiqarish va sotish uchun ketgan xarajatlarni qoplash, xo‘jalik yuritish faoliyati xarajatlarini pul ko‘rinishda o‘lchashga 26 asoslangan. Bozorni egallash, raqobat kurashi va beziyon ishlash uchun korxonaning o‘zi javobgar. Agar foyda xarajatdan oshib ketmasa, ular bankrotga uchraydilar. Shuning uchun o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash boshqaruv usuli sifatida korxona va ularning bo‘linmalarida keng qo‘llaniladi. Ishlab chiqarish samaradorligi darajasi o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash, rejalashtirishni to‘g‘ri, iqtisodiy asoslangan holda tashkil etishiga bog‘liq. Ishlovchilarni moddiy rag‘batlantirish mehnat unumdorligini oshirishning muhim omilidir. Asosiy oylikdan tashqari ishchi va xizmatchilar quyidagi turdagi mukofotlar oladi: erishilgan texnik-iqtisodiy yutuqlari uchun, o‘ta muhim topshiriqlarni bajargani va boshqalar. Oylik ish haqi va iqtisodiy rag‘batlantirish to‘lovlaridan tashqari korxonalarda ijtimoiy va madaniy tadbirlar fondi shakllanadi. Ana shu fondlardan uy-joyga qisman to‘lov, nafaqa ta’minoti, o‘qitish, davolash, madaniy-maishiy xizmatlar amalga oshiriladi. Bularning hammasi mehnatkashlarni topshirilgan ishga ongli yondashishga, tashabbus ko‘rsatishga undaydi. Bozor — bu tovar-pul munosabatlarini doimo balansda ushlab turadi. Jumladan, baho sistemasi, ish haqi, foyda, daromad, rentabellik, moliya-kredit munosabatlari soliqqa tortish masalalarida namoyon bo‘ladi. Bozor xo‘jalik rahbarlaridan tashabbuskorlikni, ijodkorlikni, ishbilarmonlikni, kerak bo‘lsa tavakkal qilishni talab etadi. Bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiy boshqaruv usullari cheksiz imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda boshqa usullardan o‘z vaqtida foydalanish kerak. Bozor iqtisodiyoti qonunlari, huquqiy hujjat prinsiplarini bajarilishini hisobga oluvchi va boshqaruv obyektiga o‘z ta’sirini o‘tkaza oladigan uslublar sistemasining tashkiliy-taqsimlovchi usullardir. Ular iqtisodiy boshqarish usullarini to‘ldiradi. Davlat maxsus ma’muriy hujjatlar bilan boshqaruv organlari tuzib, boshqariluvchi sistemalarga ta’sir ko‘rsatadi. Tashkiliy-taqsimlovchi usullar tashkiliy aniqlik, tashkiliy tuzilmalar, har bir boshqaruvchi zvenolari funksiyasi, boshqaruv apparati xodimlari ishi samarasi va intizom, kadrlarni tanlash, o‘rniga qo‘yish, qayta o‘qitishni ta’minlaydi. Tashkiliy-taqsimlovchi usullarni uch guruhga ajratish mumkin: tashkiliy muvofiqlashtiruvchi, ta’siriy farmoyish va intizomiy. Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ta’sir qo‘shma ishlarni tashkil etish, funksiyalarni taqsimlash, majburiyat, mas’uliyat, vakolat, tartib o‘rnatish, ish munosabatlari o‘rnatishga mo‘ljallangan. Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ta’sirga quyidagilar misol bo‘la oladi: korxonalar haqidagi qonun, bo‘lim, mansab yo‘riqnomalari haqidagi nizom, kun tartibi va boshqalar. Farmoyish bilan ta’sirning vazifasi boshqaruv apparati ishini aniq, barcha boshqaruv bo‘linma va xizmatlar ishini bir 27 maromda ishlashini ta’minlashdir. Farmoyish usullari buyruq, ko‘rsatma, farmoyish berish va boshqacha hujjatlar yo‘li bilan amalga oshadi. Buyruq va farmoyishlar korxona va uning bo‘linmalari rahbarlari tomonidan imzo chekiladi. Buyruq — rahbarning o‘z qo‘l ostidagilardan ayrim ishlab chiqarish masalalarini talab qilishidir. Boshqaruv amaliyotida ta’sir ko‘rsatish shakllaridan biri sifatida og‘zaki ko‘rinishi hisoblanadi. Farmoyishda rahbarning o‘z qo‘l ostidagi og‘zaki ko‘rsatmalar ham qo‘llaniladi. Bu xil ta’sir etish shaklidan barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, ishlab chiqarishda brigadir va master-ustalar tomonidan ko‘p qo‘llaniladi. Har qanday buyruq yoki farmoyishlarda quyidagilarni bilishi shart: nima qilish kerak, qachon bajarish kerak, kimga qanday muddatda topshiriladi. Farmoyish orqali ta’sir ko‘rsatish, agar qonun va qonunchilikka, me’yoriy hujjatlarga zid bo‘lmasa hamma bajarishi majburiy bo‘lgan huquqiy kuchga ega. Qo‘l ostida ishlovchilar buyruq va farmoyishlarning o‘z vaqtida bajarmagani uchun intizomiy jazoga tortiladilar. Shuning uchun tashkiliymuvofiqlashtiruvchi, farmoyish ta’sir usullaridan tashqari uchinchi guruh — intizomiy ta’sir usuli qo‘llaniladi. Har uchala usullar alohida hamda qo‘shma bir-birini to‘ldirgan holda qo‘llaniladi. Boshqarishning ijtimoiy-ruhiy usulida ishlovchilarga ruhshunoslik va ijtimoiy bilimlar asosida ta’sir ko‘rsatiladi. Ijtimoiy bilim va ruhshunoslikdan xabari bo‘lmagan rahbar odamlarni boshqara olmaydi. Ijtimoiy (sotsiologiya) ishlab chiqarish sharoitida asosiy mehnat omillari turli ijtimoiy hodisalar va ular orasidagi bog‘liqliklarni o‘rganadi. Ruhshunoslik (psixologiya) fan sifatida kishi ruhini o‘rganadi. Ruhiyat deganda hissiyot, fikr, intilish, xohish kabilar tushuniladi. Bundan tashqari inson ruhiyatiga uning qiziqish va qobiliyati, g‘ayrati va xulqi, fe’li ham kiradi. Quyidagilar ijtimoiy uslublar tarkibiga kiradi: ijtimoiy muvofiqlashtirish, ijtimoiy rejalashtirish, ma’naviy rag‘batlantirish. Ijtimoiy muvofiqlashtirish uslublari korxona va jamoat tashkilotlari qaroriga asoslanadi. Ta’sis shartnomalari, o‘zaro majburiyat yuklash ishlovchilarning ijtimoiy talab va qiziqishlari, taqsimot sistemalari unda aks etadi. Mehnat jamoalaridagi ruhiy holatni yaxshilashda ijtimoiy muvofiqlashtirish usullaridan foydalaniladi. Bularga erkin muomala, turli masalalar yuzasidan erkin fikrlash, jamoa maqsad va vazifalarini tushunib yetish, rahbarlarning ishlovchilariga e’tibori, ular haqida doimiy g‘amxo‘rlik kiradi. Bozor munosabatlari, mulkchilikning turli shakllari odamlarni ijtimoiy va axloqiy xususiyatlarni yuksak darajada namoyon etishga imkon beradi. Amaldagi qonunlar bilan ijtimoiy va huquqiy me’yorlar, ilg‘or axloq shakllari amalga oshiriladi. 28 Umuminsoniy axloq etikasi va huquqlari etika me’yorlari sistemasida o‘z aksini topadi va uni bajarilishi hamma uchun majburiydir. Moddiy rag‘batlantirish bilan bir qatorda ma’naviy rag‘batlantirishning turli shakllarini ham qo‘llash yaxshi natija beradi. Ma’naviy rag‘batlantirishga quyidagilar kiradi: faxriy yorliqlar bilan mukofotlash, o‘rnak ko‘rsatganlarni taqdirlash, faxriy unvonlar berish, orden va medallar bilan mukofotlashga taqdim etish, rahmatnoma va boshqalar kiradi. Boshqarishning ruhiy usullari odamlar o‘rtasida sog‘lom muhitni hosil qiladi, shaxsning ruhiy xususiyatlarini ochadi. Shaxsning ruhiy xususiyatlariga quyidagilar kiradi: odamlar qiziqishi va moyilligi, qobiliyati, g‘ayrati, fe’l-atvori. Boshqarishda rahbar insonning hamma qirralarini o‘rganish lozim. Rahbar go‘yoki katta ansamblni boshqaruvchi dirijorga o‘xshaydi. Dirijor har bir cholg‘uchini bilishi kerak. Tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, ishdan bo‘shatilishning 27—38 foizi aynan ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq. Shuning uchun xodimga shunday sharoitlar yaratish kerakki, u korxonani o‘z uyi deb bilsin.
Xulosa
Xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish murakkab jarayon bo‘lib, ishlab chiqarishning uchta elementi aloqasi bilan tavsiflanadi: mehnat predmetlari, mehnat qurollari va ishchi kuchi yoki mehnatning o‘zi. Agar bu elementlarning nisbati o‘zgarsa, jarayonning natijasi ham o‘zgaradi. Ishlab chiqarishni tashkil etish amaliyoti, o‘z predmeti, obyekti va uslubiga ega bo‘lgan «Ishlab chiqarish menejmenti» fanida aks etadi. Bu fanning predmeti — xo‘jalik ishlab chiqarish faoliyati sharoitida iqtisodiy qonunlarning harakati va turlari, kam mehnat, moddiy va pul resurslari sarflagan holda, yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga imkon beruvchi ish uslublarini ishlab chiqish hisoblanadi. «Ishlab chiqarish menejmenti» fanining obyekti bu oziq-ovqat sanoati korxonasidir.
Menejment usullari boshqarish fanida muhim o‘rin tutadi. Bu usullar juda ko‘p va ular bir-birlari bilan uzviy bog‘langan. Amaliyotda quyidagi usullar qo‘llaniladi: iqtisodiy, tashkiliy farmoyish (ma’muriy) va ijtimoiyruhiy. Buyruq rahbarning o‘z qo‘l ostidagilardan ayrim ishlab chiqarish masalalarini talab qilishidir. Boshqaruv qarorlari keng ma’noda hamma obyektiv qonunlar asosida jamiyatning moddiy va ma’naviy talablarini real qondirish imkoniyatlarining kelishilgan shaklidir. Qaror bu boshqaruv faoliyatining shunday shakliki, unda rahbar mehnati gavdalanadi, mehnat jamoasiga maqsadga yo‘nalgan ta’siri o‘z vazifasini topadi. Qarorni ishlab chiqish rahbarning yetakchilik faoliyati jarayonini, keyingi boshqaruv muvaffaqiyatini belgilaydi. Boshqaruv qarorlari turli darajada, turli masalalar uchun qabul qilinadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni. — T., 1998-y.
2. O‘zbekiston Respublikasining «Kadrlarni tayyorlash Milliy dasturi».— T., 1998-y.
3. I. A. Karimov. Buyuk kelajak sari T., 1998-y.
4. I. A. Karimov. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot pirovard maqsadimiz. T., 2000-y.
5. I. A. Karimov. Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz. T.9. T., 2001-y.
6. A. Abdullayev, Q. Muftaydinov, X. Aybeshov. Kichik biznesni boshqarish. T., 2003-y.
Dostları ilə paylaş: |