Tashxisi epidemiologik anamnez, klinik belgilari va laborator tekshiruvlarga asoslanadi.
Elektron mikroskopiyada toshmadan olingan suyuqlikdan virusni aniqlash. Tovuq embrioniga ekib virusologik va serologik reaksiya (RNGA, RTGA, MFA) usullar qo’llanadi.
Bezgak
Bezgak – bu xurujli isitma, anemiya, jigar va taloqning kattalashuvi bilan kechuvchi protozoy antroponoz kasallikdir.
Qo’zg’atuvchisi Protozoa tipi, Sporozoa avlodi, Plazmodiidae sinfi Plasmodium turkumiga mansub. 4 xil qo’zg’atuvchi odamda kasallik chaqiradi.
1.Plasmodium vivax – 3 kunlik bezgak.
2.Plasmodium malariae – 4 kunlik bezgak.
3.Plasmodium falciparum – tropik bezgak.
4.P.ovale – 3 kunlik tipidagi bezgak.
Plasmodium vivax ning shimoliy (Plasmodium hibernans) yashirin davri uzoq va janubiy (Plasmodium vivax) yashirin davri qisqa bo’lgan variantlari mavjud.
Bezgaklarning antroponoz shaklida kasallik manbai bo’lib qonida plazmodiylarning shizont va gametotsitlarini tutuvchi odam va parazit tashuvchilar hisoblanadi. O’tish yuli transmissiv (Anopheles chivini orqali), parenteral (qon quyilganda), kam hollarda platsenta orqali (tug’ma).
Klinikasi. Odamda bezgakning3 xil klinik shakli kuzatiladi:
1) malaria tertiana – 3 kunlik.
2) malaria quartana – to’rt kunlik.
3) malaria tropica – tropik.
Bezgak kasalligining asosiy klinik belgilari xurujli isitma, anemiya, gepatosplenomegaliya hisoblanadi. Isitma xuruji qaltirash, qizib ketish, terlash bosqichlaridan iborat bo’ladi. Kasallik engil, o’rta og’ir va og’ir shaklida kechishi mumkin.
Plasmodium vivax janubiy turining yashirin davri 10-20 kungacha davom etsa, shimoliy turida 6-14 oy, to’rt kunlik bezgakda 25-45 kun davom etadi. Tropik bezgakda yashirin davri 8-16 kun, ovale bezgagida esa 7-20 kun davom etadi. Yashirin davrdan so’ng ko’pincha prodromal davr belgilari kuzatiladi: darmonsizlik, bosh og’rig’i, belda, mushaklarda og’riq, og’iz qurishi, jigar va taloq sohasida og’riq xissi.
Prodromal davri 2-3 kun davom etishi mumkin. Ayrim hollarda esa bir necha soatdan so’ng bezgak xuruji boshlanadi. Odatda kasallik o’tkir boshlanib xos bo’lgan bezgak xurujidan oldin 2-3 kun isitma 38-39°S gacha ko’tariladi. Isitma notartib tipida bo’ladi. Bezgakning keyingi xurujlarida kasallikka xos bo’lgan klinik belgilar namoyon bo’ladi va xurujlar ma’lum aniq bir vaqtda (11 bilan 15 soat) oralig’ida kuzatiladi.
Bezgak xuruji qo’yidagi bosqichlari bilan boshlanadi: “qaltirash” (1-3 soat), “qizib ketish” (6-8 soat) va”terlash”.Umuman olganda bezgak xuruji 1-2 soatdan 12-14 soatgacha davom etadi. Tropik bezgakda esa 36 soatgacha davom etishi mumkin.
Kasallik o’rta og’ir va og’ir kechgan hollarda umumiy intoksikatsiya belgilari kuzatiladi. “Qaltirash” bosqichida bemorda kuchli darmonsizlik, bosh og’rig’i, katta bo’g’imlarda va belda qaqshab og’rish, nafas olishning tezlashuvi, bir necha bor qusish. Bemor kuchli qaltirash va sovuq qotishni sezadi. Yuz terisi oqarib ketadi. Tana harorati tez raketasimon ko’tarilib 38-40°S gacha etadi. So’ng qizib ketish bosqichi boshlanadi. Bunda bemorning yuzi qizargan, sklera toshmalari in’eksiyasi kuzatiladi. Paypaslanganda bemor tanasi issiq, qo’l oyoqlari sovuq. Bemorlar bosh og’rishiga, chanqash, ko’ngil aynishga shikoyat qiladilar. Taxikardiya, AQB tushib ketadi. O’pkada bronxit rivojlanganligini ko’rsatuvchi belgi – quruq xirillash kuzatiladi.
Tropik bezgakda qariyib hamma bemorlarda qorin biroz damlangan, og’iz qurigan, gohida ichi suyuq bo’ladi va urtikar toshmalar toshadi.
Terlash bosqichida bemorda kuchli terlash kuzatilib tana harorati kritik me’yorgacha tushadi. Umumiy intoksikatsiya belgilari kamayadi. Kurashish qobiliyati sust bo’lgan bemorlar uyquga ketadilar.
Xurujlar orasidagi interval uch kunlik bezgaklarda 48 soat, to’rt kunlik bezgaklarda 72 soatga cho’ziladi. Jigar va taloq kasallikning birinchi haftasidayoq kattalashadi. Anemiya belgilari asta rivojlana boradi. Birinchi va ikkinchi isitma xurujidan so’ng ko’z sklerasi va terida sariqlik paydo bo’la boradi. Davo choralari ko’rilmagan bemorlarda isitma xurujlari 4-5 haftagacha davom etishi mumkin. Boshlang’ich isitma xuruji tugagandan (6-8 hafta) so’ng erta residiv kuzatilishi mumkin. Bunda isitma xurujlar tartibli almashib turadi. Prodromal davr belgilari kuzatilmaydi. Apireksiya davrida bemorlar ish qobiliyatini yo’qotmaydi. Lekin paroksizm (xuruj) soni qancha ko’p bo’lsa bemorlarda darmonsizlik, bosh og’rig’i, mialgiya, artralgiyalar apireksiyada ham kuzatiladi. Yuzi kerkkan, terisi rangpar, ko’kimtir tus oladi.
Tropik bezgak ko’pincha og’ir kechib koma, o’tkir bo’yrak etishmovchiliigi, gemorragik sindromlar bilan kechishi mumkin.
Gemogrammada kasallikning birinchi kunidayoq leykopeniya, neytrofilli chapga siljishi bilan, keyinchalik eritropeniya, gemoglobin tushib ketishi, nisbiy limfotsitoz, trombotsitopeniya, EChT ortadi, retikulotsitoz, anizopoykolitsitozlar kuzatiladi.
Tashxisi. Bezgak tashxisoti epidemiologik va klinik manzarasiga, dinamikada klinik o’zgarishlariga; umumiy ko’ruvda olingan ma’lumotlarga asoslanib qo’yiladi. Ayrim murakkab holatlarda tana haroratini har 2 soatda o’lchab turishga to’g’ri keladi. Tashxis laborator usullar bilan tasdiqlanadi. Hatto bemorda tipik klinik manzara bo’lganda ham bezgak tashxisini tasdiqlash maqsadida gemoparazitni aniqlash uchun qon (yo’g’on tomchi va surma) olinishi shart.
Toksoplazmoz
Toksoplazmoz – bu asab tizimi, skelet mushaklari, miokard va ko’zning zararlanishi, limfadenopatiya, mezadenitlar bilan kechuvchi surunkali parazitar kasallik hisoblanadi.
Parazitning asosiy xo’jayini mushuklar bo’lib, ularning organizmida jinsiy ko’payadi. Najasi orqali ootsista chiqariladi va tuproqda bir yilgacha saqlanib turadi. Ootsista ozuqa mahsulotlariga tushganda odamga o’tadi. Boshqa hayvonlar odamga xavf tug’dirmaydi. Faqat xom go’sht (go’shtli farsh) iste’mol qilinganda yuqishi mumkin. Odamdan odamga o’tmaydi. Lekin homilador ayoldan homilaga o’tishi mumkin.
Oraliq xo’jayini va odam organizmida trofozoitlar ko’rinishida hujayra ichida rivojlanadi. Organizmda qalin qobiqqa o’ralgan sista shaklida ham bo’lishi mumkin.
Klinikasi. Kasallik odatda birlamchi surunkali shaklida kechadi. Odam organizmiga qo’zg’atuvchi tushgandan to birlamchi klinik belgilari paydo bo’lguncha bir necha oylab vaqt o’tadi. Tug’ma va orttirilgan toksoplazmoz farqlanadi. Birlamchi latensiya shakli 95-99%ni tashkil etadi, klinik belgilar kuzatilmaydi. Faqat serologik usulda tashxis qo’yiladi.
Birlamchi surunkali shakli (15% uchraydi).
O’tkir toksoplazmoz juda kam uchraydi va meningit, meningoensefalit, ensefalit, limfadenit (ko’proq mezadenit) gepatosplenomegaliya, mialgiya, artralgiya belgilar bilan kechadi. O’tkir toksoplazmozdan so’ng ikkilamchi latent yoki ikkilamchi surunkali shakllariga o’tadi.
Surunkali shakllari galma-gal remissiya-residiv holda uzoq yillab davom etishi mumkin. Surunkali shaklining asosiy klinik belgilariga davomli subfebrillitet, polilimfadenopatiya, miozit, mushaklarda kaltsinatlar, jigar kattalashuvi kiradi. EKGda o’zgarishlar, MNS zararlanishlari kuzatiladi.
Tug’ma toksoplazmozning o’tkir shakli og’ir kechadi. Kuchli intoksikatsiya, yuqori isitma, jigar, taloqning kattalashuvi, terida sariqlik va makula-papulyoz ekzantemalar kuzatiladi. Ko’pchilik bemorlarda og’ir ensefalit bilan ko’z zararlanishi rivojlanadi.
Toksoplazmozning laborator tashxisida serologik usuldan foydalaniladi: IFA, PSR va KTG, MRT.
Ornitoz
Ornitoz (psittakoz) umumiy intoksikatsiya, o’pka to’qimasi, asab tizimining zararlanishi, jigar, taloq kattalashuvi bilan kechadigan kasallikdir.
Qo’zg’atuvchisi S.psittaci – chlamydia turkumi, Chlamydiaceae oilasiga mansub.
Kasallik manbai 140 turdan ortiq yovvoyi va uy parrandalari hisoblanadi.
Klinikasi. Yashirin davri 6-17 kun.
Ornitozning zotiljam (pnevmonik) shakli o’tkir boshlanadi. Umumiy intoksikatsion belgilar bilan birga isitma 39-40°S gacha ko’tariladi. Isitma qaltirash, kuchli terlash hamda bosh og’rig’i, mialgiya, artralgiya, uyqusizlik, ko’ngil aynish, tormozlanish bilan birga kechadi.
Kasallikning 2-4-kunlaridan o’pka to’qimasi zararlanish belgilari (pnevmoniya) qo’shiladi. Kasallikning 5-7-kunlaridan jigar va taloq kattalashadi. Qonda leykopeniya, EChT yuqori bo’ladi.
Isitma sindromi va o’pka to’qimasi zararlanish belgilari 4-6-haftagacha saqlanib qoladi.
Laborator tashxisida KBR qo’llaniladi. Diagnostik titri 1:16, 1:32.
Sepsis
Davomli isitma sepsisning asosiy klinik belgilaridan hisoblanadi.
Qo’zg’atuvchilari – streptokokk, stafilakokk, ichak tayoqchalari, proteyalar va h.k. bo’lishi mumkin.
Bakteriemiya – bu infeksiyalar va travmalar sababli bakteriyalarning qonda bo’lishidir.
Bakteriemiyada qo’zg’atuvchilar qonda ko’paymaydi. Ayrim hollarda bakteriemiya simptomsiz kechishi mumkin. Sepsis birlamchi o’choq mavjudligi bilan xarakterlanadi. Bu birlamchi o’choq har doim ham aniqlanavermaydi. Bakteriyalar fagotsitar hujayralarda ko’payadi va ikkilamchi yiringli metastatik o’choqlarni (septikopiemiya) keltirib chiqarishi mumkin. Ayrim hollarda asosiy septik o’choq endokardda, klapanlarda, katta qon tomir endoteliyalarida bo’lishi mumkin.
Sepsisdan o’lim juda yuqori. Shu sababdan – UASh sepsisga taxmin qilganda bemorni shoshilinch holda kasalxonaga yuborishi shart. Sepsis septik karaxtlik, har xil a’zolarga metastaz, abssesslar berishi mumkin. Masalan: jigar, o’pka, bosh miyaga.
Yiringli o’choqdan qo’zg’atuvchi qonga o’tsa ikkilamchi sepsis deb yuritiladi. Birlamchi yoki kriptogen sepsisda qo’zg’atuvchining kirish darvozasi aniq bo’lmaydi. Kirish darvozasiga qarab teri sepsisi, akusher-ginekologik, urosepsis, otogen, oral, xirurgik, kriptogen sepsislar farqlanadi.
Sepsisda isitma gektik, kam hollarda doimiy, remittirlovchi yoki to’lqinsimon tipda bo’ladi.
Laborator tashxisoti – qonni sterillikka ekish.
Spiroxetoz infeksiyalar
Makulyar (dog’li) zahm – bu ikkilamchi zahmning bir varianti hisoblanadi. Bemorning ahvoli qoniqarli bo’ladi. Davomli subfebril isitma bilan birga ko’krakning ikki yon tarafida, qorinda dumaloq ko’kimtir rozeolez toshmalar toshishi bilan kechadi. Toshma bosilganda yo’qoladi, 2-3 haftadan so’ng o’zidan so’ng iz qoldirmay yo’qoladi.
Tashxisi anamnez, ob’ektiv ko’ruv va laborator (Vasserman reaksiyasi) tekshiruvlarga asoslanadi.
Leptospiroz
Qo’zg’atuvchisi Spirochaetaeceae oilasi, Leptospira turkumiga mansub.
Kasallik manbai kasal va kasallanib o’tgan yovvoyi va uy hayvonlari hisoblanadi. Kontakt va alimentar yo’l bilan yuqadi. Odamdan odamga yuqmaydi.
Klinikasi. Sariqlik va sariqsiz kechadigan shakllari farqlanadi. Yashirin davri 3-30 kun. Kasallik to’satdan o’tkir boshlanadi. Isitma qaltirash bilan tezda 39-40°S gacha ko’tariladi. Bemorlar kuchli bosh og’rig’i, bosh aylanishi va darmonsizlikka shikoyat qiladilar. Bel va boldir mushaklarida kuchli og’riq bo’ladi. Isitma 5-10 kungacha saqlanib, doimiy yoki remittirlovchi tipda bo’ladi. Kritik yoki qisqa lizis bilan tushadi. 7-9 kundan so’ng isitma yana ko’tarilish mumkin (ikki to’lqinli).
Residiv berganda 7-8 kundan so’ng yana 3-6 kungacha isitma subfebrilgacha ko’tariladi. Bu davrda bemor qo’zg’aluvchan, yuzi kerkgan, qizargan, sklera qon tomirlari kengaygan bo’ladi. Kasallikning 3-6-kunlaridan tana va qo’l-oyoqlarga polimorf toshma (qizamiqsimon, mayda nuqtali, urtikar va h.k.) toshadi. Og’ir hollarda gemorragik toshmalar toshishi mumkin. Kasalikning ikkinchi haftasidan boshlab umumiy intoksikatsiya va isitma belgilari biroz pasayadi. Isitma pog’onasimon tushadi. Lekin buyrak, jigar zararlanishi belgilari kuchayib boradi. Bemorda sariqlik sindromi rivojlanadi. Buyrakning zararlanishi leptospirozga xos belgidir.
Kasallikning 3-haftasidan orqaga qaytish davri boshlanadi.
Laborator tashxisida qon, siydik va likvordan leptospiralarni ajratib olish mumkin.
Serologik reaksiyalardan mikroagglyutinatsiya reaksiyasi (diagnostik titri 1:100), KBR, RNGA usullari qo’llaniladi.
Gistoplazmoz
Gistoplazmozning engil shakllarida isitma 3-4 kun davom etadi. Og’ir shakllarida kasallik to’satdan o’tkir, qaltirash bilan boshlanadi. Tana harorati 40-41°S gacha ko’tariladi. Isitma 4-6 haftagacha davom etib, sutkalik tebranishi 3°-4°S bo’ladi.
O’pkani rentgenologik tekshirganda suvdagi paxta cho’kindisiga o’xshash infiltrat ko’rinadi, keyinchalik ular o’rnida fibroz va kaltsinat o’choqlar paydo bo’ladi.
Tashxisi: balg’am, qon va yutqum shilliq pardasi qirindisidan gistoplazmlarni topish.
Davosida amfoteritsin, promizon, vitaminlar, yod preparatlari qo’llaniladi.
Trixinellyoz
Qo’zg’atuvchisi Trichinella spiralis – mayda nematoda.
Peroral biogelmint, zoonoz. Manbai yovvoyi hayvonlar (bo’ri, tulki, it, yovvoyi cho’chqa, ayiqlar) hisoblanadi.
Yaxshi termik ishlov berilmagan go’sht orqali trixinella lichinkasi odam organizmiga tushadi, oshqozon va ingichka ichakda kapsulasidan ajraladi. 1-1,5 soatdan so’ng shilliq parda, shilliq parda ostiga o’tadi va bir kundan so’ng jinsiy etiladi. Kopulyatsiyadan so’ng 3-4 kundan 10-30 kungacha urg’ochisi lichinka qo’yadi. Bu lichinka qon orqali skelet mushaklariga etib boradi. Spiralsimon buraladi va kapsulaga o’raladi. 17-18 kundan so’ng invaziv xususiyatga ega bo’ladi.
Klinikasi. Yashirin davri 10-25 kun. Kasallikning xos klinik belgilari – bu qovoq va yuzlarning shishishi, mialgiya, isitma, qonda yuqori eozinofiliya. Qovoqlarning, yuzning shishishi kon’yunktivit va isitma bilan birga kuzatiladi. Isitma ko’pincha remittirlovchi, kam hollarda doimiy yoki intermittirlovchi tipda bo’ladi. Kasallik engil kechgan hollarda isitma kuchsiz namoyon bo’ladi. Kasallik 1-6 haftagacha davom etadi.
Tashxisida: epidemiologik anamnez va klinik belgilari, qondagi eozinofiliya (50-60% va yuqori), leykotsitoz, iste’mol qilingan go’shtni tekshirish (trixinelloskopiya) ahamiyatga ega.
Immunologik tekshiruvlardan halqa presipitatsiya reaksiyasi (2-3-haftadan), KBR (4-5-haftadan), tirik lichinka bilan mikropresipitatsiya reaksiyasi (1-2-haftadan) qo’llaniladi.
Dori preparatlari keltirib chiqargan isitma
Dori-darmonli isitma dori preparatlarining salbiy ta’sirlaridan biri hisoblanib, 3-5% hollarda kuzatilishi mumkin.
Ko’pincha amfoterritsin, antigistaminlar, barbituratlar, dopegit, penitsillin, novokainamid, xinidin, salitsilatlar, sulfanilamidlar, azotioprin, izoniazid, yodidlar, nitrofuranlar, PASK, rifampitsin, streptokinaza, streptomitsinlar isitmani keltirib chiqaradilar.
Dori-darmonli isitmalarning bir necha turlari farqlanadi.
1.Dori preparatlarni organizmga yuborayotgan yoki yuborib bo’lishi bilan kuzatiladigan isitma (preparatlarning pirogen ta’siri).
2.Dori preparatlarning farmakologik ta’siridan kuzatiladigan isitma. Masalan, bakteriotsid ta’sir qiluvchi antibiotiklar yuborilganda ko’p miqdorda mikroorganizmlarni o’ldiradi va pirogen moddalarni ajratadi. O’sma kasalliklarida ximioterapiya o’tkazilsa endogen pirogenlar ajratiladi.
3.Termoregulyatsiya jarayonining biron bir bosqichiga ta’sirdan paydo bo’ladigan isitma. Masalan, amfetamin, kokainlar termoregulyatsiyaning periferik bosqichiga ta’sir etadi. Qalqonsimon bez gormoni issiqlik ishlab chiqarishiga ta’sir etadi.
4.Nasliy fermentativ defekt hisobiga ham isitma ko’tariladi. Masalan, ayrim preparatlar glyukoza-6-fosfat degidrogenaza fermenti etishmovchiligi kasalligining manifestatsiyasiga sababchi bo’ladi va isitma ko’tariladi.
5.Dori preparatlariga sezuvchanlikning juda yuqori bo’lishi hisobiga isitma ko’tariladi.
Buning asosida immunologik mexanizm yotadi. Terida toshmalar bilan kechishi dori preparatlariga allergik reaksiyadan dalolat beradi. Genezlari o’xshash bo’lganligi sababli dori preparatlari hisobiga kelib chiqadigan isitmani boshqa genezli isitmalardan farqlash qiyin. Dori preparati hisobiga kuzatilgan isitma remittirlovchi, intermittirlovchi, to’lqinsimon, subfebril harakterda bo’lishi mumkin.
Dori preparatini iste’mol qilish to’xtatilganda isitma yo’qoladi. Qayta iste’mol qilinganda esa isitma residiv beradi. Bunday holatlarning diagnostikada ahamiyati katta.
Sun’iy chaqiriluvchi isitma
Isitmaning odam organizmiga ijobiy ta’sir etishi piroterapiya o’tkazishga asos bo’lib xizmat qiladi. Ya’ni davolashning zamonaviy usullariga qo’shimcha tarzda tozalangan bakterial pirogenlarni organizmga yuborib davolash (pirogenal, piromena, pireksal) usullaridan foydalanish.
Piroterapiyani antibiotiklarga rezistent, cho’ziluvchan, residiv beruvchi va surunkali bakterial infeksiyalarda, zahm kasalligining erta shakllarida, neyrozahmda, sust kechuvchi gonoreyada, psoriaz, ekzema, streptodermiya, saramas, jinsiy a’zolarning surunkali kasalliklarida, qora oqsoqda, jigar sirrozida, sust kechuvchi sil kasalligida, bronxial astmaning infeksion-allergik shaklida qo’llash mumkin.
Piroterapiyani yurak qon tomir etishmovchiligi, gipertonik kasallikning II-III bosqichida, yurakning surunkali ishemik kasalligida, qandli diabet dekompensatsiyasida, tireotoksikoz, homiladorlikda qo’llash mumkin emas.
Noaniq genezli isitma (NGI)
Noaniq genezli isitma atamasi Beeson nomi bilan bog’liq.
Isitma 3 haftadan ortiq davom etsa, 38°S dan yuqori bo’lsa, intoksikatsiyasining faqat nospesifik umumiy simptomlari kuzatilsa, statsionar sharoitda ham 2 hafta davomida o’tkazilgan to’liq, chuqur tekshiruvlarda ham isitma sababini aniqlab bo’lmasa NGI deb tashxis qo’yiladi.
Bu holatlarda isitma kasallikning asosiy simptomi hisoblanadi.
UASh noaniq genezli isitmalarni ko’p kuzatishi mumkin. Shu sababdan qiyosiy tashxis o’tkazish asoslarini yaxshi bilishlari shart.
NGI ning ko’plab etiologik tasniflari mavjud. Lekin NGI ni shartli ravishda 6ta guruhga bo’lib o’rganish qulayroq.
1.Surunkali infeksiyalar (masalan, lokalizatsiyasi aniq bo’lmagan surunkali abssesslar; o’pkadan tashqaridagi sil; qora oqsoq; bezgak va h.k.).
2.Organizmning paraneoplastik reaksiyasi (gipernefroma va umumiy saraton).
3.Ko’proq qorin bo’shlig’i limfatik bezlarining yomon sifatli limfoblastomalari (limfogranulematoz, limfosarkomatoz).
4.Biriktiruvchi to’qimaning tizimli zararlanishi (birinchi navbatda tugunchali periarterit va unga o’xshash vaskulitlar, revmatoid artritlar).
5.Neyroendokrin zararlanishlarda.
6.To’liq, chuqur tekshiruvlardan so’ng ham isitma etiologiyasi aniq bo’lmaydigan kasalliklar.
Tashxis qo’yishda bemorning avval o’tkazgan kasalliklari, kasbi, hayvonlar bilan muloqat endemik o’choqlarda bo’lganligi haqidagi ma’lumotlarning ham ahamiyati katta.
Ko’pchilik olimlarning ta’kidlashicha NGI ga ko’p uchraydigan kasalliklarning atipik shakllari sababchi bo’lar ekan. NGI tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan yuqumli kasalliklarning qariyb 22% ini o’tkir respirator virusli kasalliklar; 20% enterovirusli infeksiyalar; 3% iersinioz va psevdotuberkulyoz; 8% xlamidioz infeksiyalari tashkil etgan.
Umuman olganda kattalar orasida NGI tashxisi qo’yilganlarda quyidagi kasalliklarni aniqlash mumkin:
Yuqumli kasalliklar – 40% hollarda:
-
bakterial infeksiyalar – jigar va taloq abssesslar; siydik yo’llari, o’t yo’llari infeksiyalari; surunkali sepsis; infeksion endokardit; sil, qora oqsoq, osteomielit, TPK;
-
virusli va xlamidiya infeksiyalari, rikketsiozlar; infeksion mononukleoz, SMV; OIV-infeksiyasi; Ku-isitmasi;
-
protozoy infeksiyalar: bezgak; toksoplazmoz; amyobiaz.
Yomon sifatli o’smalar – 30% hollarda:
-
gemoblastozlar: leykozlar, limfomalar va limfogranulematozlar;
-
jigar, buyrak, oshqozon osti bezi, oshqozon va o’pkada katta hajmli o’smalar.
Immun tizimi kasalliklari – 20% hollarda:
-
dori preparatlari allergiyasi;
-
revmatik kasalliklar: revmatizm, revmatoid artrit; tizimli qizil bo’richa; tugunchali periarteriit; gigant hujayrali arteriit; revmatik polimialgiya;
-
sarkoidoz;
-
Kron kasalligi.
Yo’q isitmani bor qilib ko’rsatish – simulyatsiya – 1-3% uchraydi.
Isitma genezini umuman aniqlab bo’lmaydi – 5-9% hollarda.
Demak, UASh NGI ning sababini aniqlashda isitmani keltirib chiqaruvchi 3ta asosiy omillarni bilishi shart: 1) yuqumli kasalliklarni; 2) qo’shuvchi to’qimaning tizimli kasalliklarini; 3) o’sma kasalliklarini.
Uch kundan ortiq isitmalayotgan, tashxisi noaniq bo’lgan bemorlardan albatta gemokulturaga, yo’g’on tomchi va surtmaga, RPGA va Vidal reaksiyasiga, OIV antitelasiga qon olinishi shart. Bulardan tashqari, ko’krak qafasi rentgenologiyasi, EKG, sil kasalligi ko’p tarqalganligi sababli Mantu sinamasi, balg’amni sil mikobakteriyasiga ekish ishlari olib boriladi. Lozim topilganda to’qimalardan biopsiya olish mumkin. Limfa bezlarining kattalashuvi biopsiyaga ko’rsatma hisoblanadi.
Unutmaslik kerakki, har qanday zamonaviy tashxis usullari ham soxta salbiy yoki soxta ijobiy natija berishi mumkin. Shu sababli malakaviy, chuqur va har tomonlama to’liq klinik tekshiruvning o’rnini laborator tekshiruvlar bosa olmaydi.
Davriy isitma kasalligi – NGI guruhiga kiruvchi kasallik hisoblanadi (sinonimlari: oilaviy poliserozit, Djeynueya-Mozental paroksizmal sindromi, davriy peritonit, nevropatiyasiz nasliy oilaviy amiloidoz va h.k.). Ko’pincha O’rta Er dengizi sohili aholisida uchraydi.
Kasallik belgilari: qisqa davom etuvchi va residiv beruvchi isitma, qorinda og’riq, peritonit belgilari. Kam hollarda ko’krak (plevrit) va katta bo’g’imlarda og’riq, boldir va tovonda saramasga o’xshash eritema. Odatda xuruj 1-2 kun davom etib, residiv bilan kechadi. Xuruj davrida EChT yuqori, leykotsitoz, S-reaktiv oqsil va zardobdagi fibrinogenlar yuqori bo’ladi. Remissiya davrida bemor holati qoniqarli bo’ladi.
Davosi – kolxitsin.
Neyrogen gipertermiya – uzoq davom etuvchi NGI ga o’xshab kechadi. Neyrogen gipertermiya asosan psixovegetativ va termoregulyatsiyaning markaziy mexanizmlari zararlanishidan kelib chiqadi. Bunda isitma har xil bo’lishi mumkin: uzoq vaqt boshqa belgilarsiz; yoki faqatgina psixoemotsional belgilarning o’zigina yaqqol bo’lmay; gohida kuchli terlash, qaltirash, yurakda og’riq, nafas olish qiyinlashuvi (havo etishmaslik), ertalabki isitma kechkisidan yuqori; birdan paydo bo’lib birdan yo’qoluvchi ,tana temperaturasi bilan yurak qisqarish sonining mos kelmasligi.
Neyrogen isitmada klinik va laborator-instrumental tekshiruvlar bemorda hech qanday patologik o’zgarishlarni ko’rsatmaydi. Lekin bemorda psixoemotsional o’zgarishlar etarli darajada va ko’proq kuzatiladi.
Neyrogen isitmaning rivojlanishida psixogen omilning ahamiyatini nazarda tutib bemorlarni davolashda malakali psixonevrolog va psixofarmakologlarning ishtiroki zarur. Ayrim hollarda termoregulyator markazning reflektor qitig’lanishi hisobiga ham isitma kuzatiladi (masalan, siydik yoki o’t yo’llaridan toshning o’tishida).
MAVZU: Sеpsis. Klinikasi, diagnostikasi. Birinchi tеz tibbiy yordam.
UASH taktikasi
Sеpsis bu organizmning immun dеfitsit fonida infеktsiyaga tizimli yallig`lanishli javobi bo`lib, immun rеaksiya mеdiatorlari balansi buzilishi, tomirlar endotеliysi shikastlanishi, ichakning epitеlial baryеr funksiyasi buzilishi va poliorgan yetishmovchilik bilan haraktеrlanadi. Sеpsis muammosining aktualligi diagnostikasi qiyinligi, davolash qimmatligi va o`lim darajasining yuqoriligi bilan baholanadi. Sеpsis rivojlanishi asosida ikkilamchi immunodеfitsit holatlari yotib, bu quyida kеltirilgan omillar yordamida qo`zg`atiladi:
-
Onkologik bеmorlarda agrеssiv himiotеrapiya va nur tеrapiya;
-
Qandli diabеt bilan uzoq vaqtdan bеri kasallangan bеmorlar sеpsisga moyil hisoblanadi;
-
Turli hil invaziv diagnostika va davolash usullarini qo`llash:
bo`g`imlarni va yirik tomirlarni protеzlash, magistral tomirlar siydik pufagi katеtеrizatsiyasi, kardistimulyator implantatsiyasi.
-
Antibiotiklari noto`g`ri qo`llash natijasida mikroorganizmlarning rеzistеnt shtammlarining o`sishiga sharoit yaratish;
-
Travma yoki splеnomеgaliya natijasida taloqni olib tashlash, funksional
asplеnizm. Funktsional yoki yatrogеn asplеnizm natijasida opsonlovchi plazma protеinlari - taftsin va propеrdin miqdorlarining kamayishi. Ikkilamchi immunodеfitsit holati va sеpsis rivojlanish ehtimolligi, ayniqsa pnеvmokokkli infеktsiya bunday bеmorlarda 10 - 30 marta oshadi.
Dostları ilə paylaş: |