· ular gunohkorni «kofir» deb e’lon qildilar. Shunga ko’ra xalifa Usmonni Abu Bakr va Umar yo’lidan yurmagani uchun kofir deyishadi. Ali, Mu’oviya, Abu Muso al-Ash’ariy, Amr ibn al-Oslar muxolif guruhlarda qatnashganlari uchun ular nazdida kofirlar;
· «zolim» podshohga qo’lda qilich bilan qarshi chiqishni diniy vazifa (vojib) deb biladilar. O’z e’tiqodini yashirish printsipini (taqiya) rad etadilar. O’zlari harbiy jihatdan zaif bo’lsalar ham, qudratli «zolim» podshohga qarshi chiqish vojib bo’laveradi, deb hisobladilar;
· xalifalikka har qanday odam, Quraysh qabilasidan yoki arab bo’lishligidan qat’i nazar musulmonlar tomonidan saylanishi mumkin. Xalifalik, shialar aytganidek, ma’lum jamoat (sulola) ichida cheklanmagan;
· namoz, ro’za, zakot va boshqa amallarni imonning bir bo’lagi, deb hisoblaydilar. Kishi to barcha amallarni bajarmaguncha, dili bilan tasdiqlab, tili bilan aytishi musulmon deb tan olinishi uchun kifoya emas.
Ibodiya. Ibodiya boshqa xavorij guruhlari orasida eng mo’’tadili hisoblanib, bizning davrimizgacha saqlanib qolgan yagona xavorij firqasidir. Bu mazhabning asoschisi umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida vafot etgan Abdulloh ibn Ibod (yoki Abod)dir. Mazkur mazhabning ta’limoti mo’’tadil bo’lib, u qolgan musulmonlar bilan qiz olib-qiz berishdan, ular bilan meros ulashishdan qaytarmaydi. Shuningdek, ularning ta’limoti hujjat va isbot keltirib e’lon qilgandan so’nggina boshqa musulmonlarga qarshi urush ochishga ijozat beradi. Buning aksi o’laroq boshqa xavorijlar esa o’zlaridan boshqa oqimdagi musulmonlardan uylanishni, ular so’ygan hayvon go’shtini yeyishni, ular bilan o’zaro meros ulashishni man etib, e’lonsiz ularga qarshi urush ochishni joiz deb bilishadi. Gunohi kabira (katta gunoh) qilgan odamni kofir deb, tovon (jizya) to’lab yurgan boshqa din vakillarini (ahl az-zimma) o’ldirishni va mol-mulkini tortib olishni mumkin deb bilishadi.Al-Ibodiya fiqhiy mazhabi ahl as-sunna mazhabi bilan ko’plab amaliy diniy masalalarda (furu’) o’zaro kelishadi. Bu mazhabning ta’limoti ko’plab qo’lyozma va bosma kitoblarda jamlangan. Eng muhim chop etilgan kitobi Muhammad ibn Yusuf ibn Utfoishning o’n jildda chop etilgan «Sharh an-nil» asaridir. Mazkur mazhab vakillari Marokash, Umonda istiqomat qilishadi.