Shu o'rinda mamlakatimiz uchun bu borada qanday muammolar yuzaga keladi, degan haqli savol tug'iladi.
Birinchidan, O'zbekistonning JSTga a'zoligi bojxona soliqlarini 8 — 10 foizgacha qisqartirishga olib keladi. Bundan esa Davlat byudjeti zarar ko'radi. Biroq, o'z navbatida, bojxona tariflarining keskin qisqarishi O'zbekiston bozorlarida mahsulotlarning arzonlashuviga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni liberallashtirish, sanoatni xususiylashtirish, bozor erkinligiga davlat aralashuvini cheklash borasida tugallanmagan ishlar turibdi.
Uchinchidan, respublika ichkarisida zamon talabiga mos bozorbop mahsulot ishlab chiqaruvchilar, xususan, paxta ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o'zbek fermerlari arzon va sifatli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi Xitoy, Hindiston, BAA savdo shirkatlariga raqobat qila olmasligi xavfi tug'iladi. Oqibatda qishloq xo'jaligi daromadsiz sohaga aylanib qolishi, bu esa 49,5 foizi qishloqlarda yashaydigan aholi uchun yangi infratuzilmani yaratish zaruratini keltirib chiqaradi. Qishloqqa sanoat tarmoqlari kirib kelishi G'arb mamlakatlarida bo'lganidek, fuqaroning tafakkur dunyosi jiddiy o'zgarishiga va ijtimoiy faolligiga olib keladi.
Intellektual mulk huquqi tizimi va bozorining shakllanmaganligi, ixtirolarni amaliyotda qo'llash, qaroqchi (pirat) mahsulotlar bozorining avj olganligini bartaraf etish yo'nalishida ham muammolar to'plangan.
Xususan, adabiy va badiiy asarlarni himoya qilishga doir Bern konvensiyasi (1971-yil 24-iyulda qabul qilingan Parij hujjati), "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida"gi Qonunga zid ravishda respublikamizdagi va chet el mualliflarining yaratilgan asarlarini noqonuniy takrorlash — litsenziyasiz (qaroqchi) mahsulotdan foydalanish, kontrafakt mahsulotlarni CD, DVD, VCD, VHS, mp3 shaklidagi disklarga ko'chirib, qalbaki nusxasini bozorlarda bemalol sotib, daromad ko'rish holatlari mamlakatimiz miqyosida avj olgan. Savdoga oid intellektual mulk huquqlari haqidagi bitim (TRIPS), g'oya va ixtirolar uchun adolatli raqobat muhitini yaratish, nohalol raqobat majburiyatlari bo'yicha ham qator vazifalar hamon yechilmagan.
Endi O'zbekiston tajribasidaJSTga a'zo bo'lish afzalliklari va ayrim kamchiliklarimiz xususida mulohaza yuritsak. Bugungi kunda ekspertlar guruhi ("Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo'yicha Idoralararo komissiya tarkibini tasdiqlash to'g'risida"gi 2018-yil 24-dekabrdagi hukumatning 1040-son qarori) tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mutasaddi bo'lgan maxsus komissiya sezilarli tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirganiga shubhamiz yo'q. Shunday bo'lsa-da, bu borada matbuotda yetarli axborot berilmaganligi bois, tahlilimiz asosida quyidagi ishlarni amalga oshirish zarurligiga e'tiboringizni qaratmoqchi edim.
Birinchidan, mamlakat fuqarolari ijtimoiy guruhlarida daromadlar darajasining jiddiy farqlanishi "bo'shliq"ni yuzaga keltiryapti. Xuddi shu "bo'shliq" boshqa sohalarda islohotlarni o'tkazishga xalaqit bermoqda.
Ayni chog'da mamlakatimizdagi kambag'allik darajasi 12 — 15 foiz atrofida ekanligi ma'lum qilindi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligi, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. Bizningcha, muammoning yagona yechimi shuki, "Yashash minimumi to'g'risida"gi qonun va konsepsiyani tezroq qabul qilishimiz lozim. Yuqoridagi komissiya "iste'mol savatchasi" va "yashash minimumi"ni belgilash bo'yicha xorijiy tajribani o'rganish va tahlil qilish ishlarini tugallashi maqsadga muvofiq. Hozirgi murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan, mazkur qonunga ehtiyoj kundan-kunga oshib boraveradi.
Ikkinchidan, ana shu muammoni tan olgan holda, JSTga a'zolikni istab, yaqin yillarda erkinlashtirish va raqobatni jadallashtirish dasturlarini qo'llagudek bo'lsak, jamiyatda ijtimoiy muammolar battar ko'payadi. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko'ra, O'zbekistonda 4 milliongacha bo'lgan fuqarolarning ishlamasligi, qishloq joylarida ishsizlarni qo'shgan holda, ularning soni taxminan 6 millionga yetishi, Rossiyada 3 million kishining mavsumiy asosda ishlashini hisobga olmaslik mumkin emas. Mamlakatning JSTga a'zo bo'lishidan eng ko'p zararni qishloq aholisi ko'radi.
Uchinchidan, 2010 — 2019-yillarda YAIM (yalpi ichki mahsulot)ning aholi jon boshiga dinamikasi bir tekis rivojlanmagani, 2017-yilda bu ko'rsatkich 1491 AQSH dollarini tashkil etgani, O'zbekistonning JSTgaa'zo bo'lishi natijasida Xitoy tajribasida bo'lgani singari ishsizlar sonining ko'payib ketishiga va subsidiyalar asosida moliyalashtiriladigan mashinasozlik, dehqonchilik tarmoqlari ahvolining yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
To'rtinchidan, mamlakat yirik tarmoqlarining bu iqtisodiy jarayonga tayyor emasligi, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ichki bozor narxlari tashqi bozor narxlaridan yuqori ekanligi bilan xarakterlanadi. Oddiy misol: 2020-yil iyul oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi tomonidan "UzAuto Motors" AJda "Raqobat to'g'risida"gi Qonun talablari buzilishi bo'yicha deputat so'rovi ko'rib chiqildi. Qo'mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o'tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganini tasdiqladi. Unga ko'ra, avtomobillar narxlari 3 million so'mdan 19 million so'mgacha asossiz oshirilgani aniqlandi.
Bunga o'xshagan holatni boshqa monopol korxonalar misolida ham ko'rsa bo'ladi. O'zbekiston tashkilotga qo'shiladigan bo'lsa, ijobiy jihat shuki, 1996-yildan beri "UzAuto Motors" kabi avtomobil sanoatidagi proteksionizm siyosatidan voz kechilishiga, monopoliya tugatilishiga va aholi turmush farovonligi oshishiga erishiladi.
O'zbekiston Respublikasining JSTga kirishini tezlashtirish bo'yicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga BMTning Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Jahon banki, Xalqaro rivojlanish bo'yicha AQSH agentligi (USAID), Xalqaro hamkorlik bo'yicha Germaniya jamiyati (GIS) texnik ko'mak berayotganini ham ta'kidlab o'tish lozim.
Ma'lum bo'lishicha, 2020-yilning 7-iyul kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida videokonferensiya shaklida O'zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo'yicha ishchi guruhining 4-yig'ilishi bo'lib o'tgan. O'zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o'rinbosari,investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov boshchilik qilgan. Yig'ilish doirasida O'zbekistonning tashqi savdo rejimi to'g'risida kengaytirilgan Memorandum muhokama qilingan.
JST — global platforma, undan mamlakat yaxshi foyda ko'radi. O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lishdagi -imkoniyatlarini qisqacha baholasak, bular — keyingi yillarda jiddiy islohotlarni boshidan kechirgan turizmning rivojlanishi, integratsiyalashuv imkoniyatlari ortishi, notarif cheklovlarning kamayishi, iqtisodiyotda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar ulushining oshishi, davlat monopoliyasining qisqarishida ko'zga tashlanadi. Lekin bu masalaning tashqi tarafi, shakli, xolos. Bizningcha, asosiy masala ichki tashkiliy-tuzilmaviy va texnologik tarafida — mazmunida bo'lib qolgan.
Xulosa shuki, O'zbekistonning xalqaro tashkilot vakillari bilan muzokaralari 2-3 yilga cho'zilishi ehtimoli mavjud. JSTga a'zolik masalasi oson hal bo'lmaydi, oldinda juda murakkab bosqichlar turibdi.
Bir maqolada masalaning barcha jihatlarini batafsil yoritishning imkoni yo'q. Mavzu va muammolar ko'lami shu qadar kengki, ularning birortasini ko'zdan qochirish yangi muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, tog' -kon, neft-gaz sanoati, energetika, temir yo'l, havo yo'llari sohalarida xususiylashtirish hali oxiriga yetkazilmaganligi jiddiy muhokama qilinishi lozim.
XULOSA
Xulosa qilib shuni ta'kidlash kerakki, Jahon savdo tashkilotiga O'zbekiston uchun kirish - bu iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan bozor islohotlarini rivojlantirish uchun ko'proq imkoniyat va rag'batdir. Shu bilan birga, ushbu islohotlar tarkibiga import bojlarini pasaytirish, chet el tovarlari uchun ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarish bilan teng raqobatlashishi va ko'p tomonlama savdo muzokaralari orqali o'z savdosini erkinlashtirishni davom ettirish majburiyatini o'z ichiga oladi. Shu sababli, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning potentsialini kuchaytirish va ularning raqobatbardoshlik ko'rsatkichlarini oshirish zarur.
Bu ularning chet el mahsulotlarini qabul qilish sababli ichki bozordan siqilib chiqishiga yo'l qo'ymaslikdir. Shuningdek, faqat shu holatda savdo cheklovlarining kamaytirilishi, shubhasiz, ishbilarmonlik faolligini oshiradi, sarmoyalarni jalb qiladi va mamlakatning xalqaro qiymat zanjirlariga qo'shilishiga yordam beradi, bu esa davlatning iqtisodiy ko'rsatkichlarining keyingi modernizatsiyasi va o'sishida namoyon bo'ladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda O'zbekiston Respublikasining JSTga a'zolikka kelajakda qabul qilinishi inobatga olingan holda quyidagilar taklif etiladi:
tovar va mahsulotlar bozorga kirish huquqiga ega bo'lishi uchun, JSTga a'zo mamlakatlar GATT - 1994 II moddasi bilan tartibga solinadigan Tariflar ro'yxatida (Schedule of Concession) belgilangan maksimal boj stavkalarini oshirmasligi shart. Bundan tashqari, JST a'zolari, tovar va mahsulotlarni bozorga kirishida miqdoriy cheklovlarni ham qo'llashi qat'iyan man qilinadi. Shuningdek, JSTga a'zo mamlakatlar tarifsiz to'siqlari (masalan, bojxona rasmiylashtirish protseduralari) savdoga ortiqcha to'siq bo'lishiga yo'l qo'ymasliklari kerak.
Shu sababli, O'zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga tegishli tartibga qayta ko'rib chiqilishi lozim. Jumladan, mazkur Kodeksning quyidagi miqdoriy cheklovlar belgilash huquqini beruvchi moddalari qayta ko'rib chiqilishi maqsadga muvofiq:
54-moddasi (O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovarlarni qayta ishlashga yo'l qo'yishga doir miqdoriy cheklovlarni belgilashi mumkin);
82-moddasi (O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishga doir miqdoriy cheklovlarni belgilashi mumkin);
364-moddasi (Tovarni bojxona hududiga olib kirishda tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat muayyan mamlakatdan olib kirilishi miqdoriy cheklovlar (kvotalar) yoki tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning boshqa choralari orqali boshqarib turiladigan tovarlarga majburiy tartibda taqdim etiladi);
Bojxona kodeksining Bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha imtiyozlar va tarif preferensiyalari deb nomlanuvchi 43-bobi Eng ko'p qulaylik tug'diruvchi rejim tamoyili va Milliy rejim tamoyili asosida qayta ko'rib chiqilishi maqsadga muvofiq.
Antidemping bitimida, shuningdek, JSTga a'zo davlatlarning tekshiruv organlari antidemping tekshiruviga kirishish va uni amalga oshirishga doir qoidalar batafsil bayon etilgan. Shuningdek, vakolatli organ tomonidan bajarilishi kerak bo'lgan antidemping tekshiruvi haqida xabardor qilish va tekshiruv natijalarini e'lon qilish majburiyatlari haqida Antidemping bitimining 12-moddasida ko'rsatilgan. Bundan tashqari, Antidemping bitimining 13-moddasida mustaqil sudlar, arbitraj sudlari yoki ma'muriy sudlarning mavjudligi hamda antidemping protseduralarida tekshiruvlarga doir xulosalarni yoki yakuniy xulosalarni ko'rib chiqishga doir protseduralarning mavjudligini talab qilinadi.
Bizning qonunchiligimizda bu turdagi nizolar ma'muriy sudlar tomonidan ko'rib chiqilishi belgilangan. Shu boisdan, Antidemping bitimida belgilangan qoidalarni implementatsiya qilish maqsadida antidemping bilan aloqador nizolarni arbitraj sudlarida ko'rib chiqish tartibini qonunchiligimizda joriy etishimiz lozim.
Bundan tashqari, qonunchiligimizda mavjud bo'lgan investitsion cheklovlarni bartaraf etish choralarini ko'rish, bu maqsadda O'zbekiston Respublikasining Maxsus iqtisodiy zonalar to'g'risidagi qonunidagi investitsiya kiritish man etilgan sohalarni qayta ko'rib chiqish lozim, shuningdek mamlakatimizdagi investitsiyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni JST va uning TRIMS bitmi qoidalariga moslashtirish maqsadga muvofiqdir.
JST faoliyati to'g'risidagi fikrlar va qarashlarning hozirgi beqarorligi sababli biz ushbu tashkilotga a'zo bo'lishga da'vogar sifatida voqealar rivojlanishining barcha mumkin bo'lgan oqibatlari va natijalarini ko'rib chiqishimiz kerak. Biroq, shu bilan birga, jahon savdosi pozitsiyalarining o'zgarishi munosabati bilan mamlakat savdo tizimini o'zgartirish g'oyasining o'zi savdo-sotiqni tartibga solishning milliy tizimida ijobiy ko'rinishda bo'lishi mumkin.
Eng muhim jihat shundaki, O'zbekiston, birinchi navbatda, o'zining ichki iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal qilishi kerak. Geoiqtisodiyot bilan ham jiddiy shug'ullanishga to'g'ri keladi. Bir vaqtning o'zida ikki tashkilot kuzatuvchisi sifatida ham JST, ham YEOII bilan hamkorlik qilinayotganligi rahbariyat oldida o'ta murakkab vazifalarning oqilona yechimini topishni ko'ndalang qo'yadi. Ushbu dolzarb masalalarning ijobiy yechimiga erishish uchun O'zbekistonning milliy taraqqiyot yo'li va yuksak farovonlikka erishishiga xizmat qiladigan yangicha yondashuv hamda qarashlar belgilab olinadi, deb ishonamiz.
JSTga a'zolik, avvalo, monopolist boshqaruvga barham beradi va erkin raqobat muhitini yaratadi.
Foydalanilgan adabyotlar
T.T. Jo’rayev – “Iqtisodiyot nazariyasi” (O’quv qo’llanma). Toshkent -2020
T.T. Jo’rayev – “Iqtisodiyot nazariyasi”.( Darslik). Toshkent – “Fan va texnologiya” nashriyoti -2019.
Sh.Sh.Shodmonov, U.V.G’afurov- ( O’quv qo’llanma).“Iqtisodiyot nazariyasi”. Toshkent-“Fan va texnologiya” – 2020.
Финансово-кредитный словарь. Т.1.М.: Финансы и статистика. Qo’shimcha adabiyotlar.
O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “Investitsiya faoliyati to’g’risida”gi Qonunining yangi tahriri. 2020. 29-oktabr
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag’ishlangan videoselektordagi nutqi
Foydalanilgan internet saytlari.
www.JST.org. Jahon savdo tashkilotining rasmiy sayti. https://www.wto.org/english/thewto_e/whatis_e/inbrief_e/inbr_e.htm
www.IDP.org. Islom taraqqiyot bankining rasmiy sayti. https://archive.aessweb.com/index.php/5002/article/view/1594
www.WD.org. Jahon bankining rasmiy sayti. https://www.wto.org/english/res_e/publications_e/wtr21_e.htm#:~:text=The%20W orld%20Trade%20Report%202021,greater%20transparency%20in%20trade%20po licies
Dostları ilə paylaş: |