Mavzu. Jamoatchilik nazorati va davlat organlari faoliyatini ochiqligi. Ijtimoiy sheriklik


Ijtimoiy sheriklikning nazariy asoslari



Yüklə 45,49 Kb.
səhifə7/9
tarix02.01.2022
ölçüsü45,49 Kb.
#42855
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Mavzu. Jamoatchilik nazorati va davlat organlari faoliyatini och

3.Ijtimoiy sheriklikning nazariy asoslari

Ijtimoiy nizolarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha dastlabki urinishlarni italiyalik davlat arbobi va nazariyotchi Nikkolo Makiavelli amalga oshirgan edi. U birinchilardan bo‘lib nizolarning faqat vayronkor emas, balki yaratuvchilik funksiyalari ham mavjudligiga e’tibor qaratdi. Bunda u nizolarga to‘g‘ri ta’sir o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra bunday vazifani davlat bajarishi lozim edi.

Ijtimoiy mehnat munosabatlari tizimini birinchilardan bo‘lib angliyalik Frensis Bekon nazariy tahlil qildi. U ijtimoiy tabaqalarning fikrlarini mensimaslik, boshqaruv jarayonidagi xatoliklar, mish-mishlar va g‘iybatlarning tarqalishi jamiyatdagi nizolarning paydo bo‘lishiga olib kelishini dalillar bilan ko‘rsatib berdi.

Odamlar o‘rtasida ijtimoiy shartnoma tuzish zarurligi g‘oyasi Tomas Gobbsning asarlarida bayon qilindi. Mazkur shartnoma jamiyatning o‘zini o‘zi himoya qilishi hamda xususiy mulkning abadiy bo‘lishiga xizmat qiladi. Uning “Leviafan”, “Fuqarolar haqidagi ta’limotning falsafiy elementlari” asarlarida ijtimoiy shartnomaga erishish zarurligi asoslab berilgan. Bunday shartnoma umumiy kelishuv hamda xususiy mulkning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi davrga kelib ma’rifatparvar faylasuf Jan-Jak Russoning ijtimoiy shartnoma to‘g‘risidagi g‘oyalari keng tarqaldi. Uning asarlarida ijtimoiy shartnoma odamlar o‘rtasida yo‘qotilgan ijtimoiy munosabatlarning uyg‘unligini, o‘zaro kelishuv va tinchlikka intilishni qayta tiklaydi.

Yollanma ishchi va ish beruvchi kapitalist o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar Adam Smit asarlarida ilk bor tahlil qilindi. Xo‘jalik yuritishning asosiy maqsadi foyda olish ekanini e’tirof etar ekan, u erkin raqobat, xususiy mulk humronligi, savdo-sotiq erkinligi, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi iqtisodiy hayotning “tabiiy tartibi” degan xulosaga keldi. Uning fikriga ko‘ra, yollanma ishchilar va kpitalistlar o‘rtasidagi o‘zaro kurash jamiyatning rivojlanib borishi manbai, raqobat esa insoniyat uchun farovonlik keltiruvchi hodisadir.

Nemis faylasuflari Leybnits va Immanuil Kant fikriga ko‘ra odamlar o‘rtasidagi murosa va tinchlik ijtimoiy-iqtisodiy hayotda shartnoma va kompromissga erishish asosida ta’minlanishi lozim. Tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot almashish g‘oyasi hamda turli ijtimoiy kuchlar o‘rtasidagi kurash muammolarini Pьer Jozef Prudon tomonidan tadqiq qilindi.

Fransiyalik olim Lui Ogyust Blanki kapitalistik jamiyatni tanqid qilar ekan tarixiy taraqqiyotni ma’rifatning tarqalishi va shu asosda madaniy-ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi sifatida talqin qildi.

Ijtimoiy sheriklikning nazariy konseptual asoslari ijtimoiy harakat nazariyasi, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy kelishuv, ijtimoiy jipslik to‘g‘risidagi g‘oyalar asosida shakllandi.

M.Veber fikriga ko‘ra an’anaviy harakat tahlil qilish hamda oqilona tanqid qilish mumkin bo‘lmagan madaniy an’analarda mustahkamlangan xulq-atvor namunasidir. Harakatning mazkur tipi ahamiyati odamlarning kundalik xulq-atvori ko‘pincha ana shu tarzda yuz berishi bilan belgilanadi. Bunday harakatlarda hal qiluvchi rolni urf-odatlar, turli darajada anglangan odatlarga sadoqat o‘ynaydi.

Ijtimoiy harakat nazariyasi amerikalik sotsiolog Parsons tomonidan tadqiq etildi. U sub’ektlarning o‘zaro ta’siri mexanizmlarini tadqiq qildi. Bunda u ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan me’yorlar, xulq-atvor andozalari faoliyatning ichki motivlariga aylanishi jarayoniga alohida ahamiyat berdi. Muvozanat, konsensus, ijtimoiy tizimning me’yoriy holatidagi eng muhim belgilar ekaniga e’tibor qaratar ekan T.Parsons ana shu holatni nazorat qilish va tartibga solish jarayonlariga katta e’tibor berdi. Uning fikricha, aynan ana shu jaryonlar jamiyatni ko‘ngilsiz nizolardan himoya qiladi. Uning tadqiqotlarida konsensus muammosi o‘zaro kelishilgan harakat yo‘llarini izlash bilan bevosita bog‘liq tarzda tadqiq etiladi. Bunday o‘zaro ta’sir sheriklarning o‘zaro ekspektatsiyalariga, ya’ni bir-birlaridan kutayotgan harakatlar va natijalarga asoslanadi.

Ijtimoiy sheriklikning nazariy va tashkiliy asoslaridan biri bo‘lgan konsensusni nemis sotsiologi YU.Xabermas demokratiyaning muqobili sifatida talqin qiladi. Uning talqinida demokratik usul jamoa va jamiyatni ikkiga: ko‘pchilik va ozchilikka bo‘lib qo‘yadi. Konsensus esa bo‘lingan jamoa va jamiyatni birlashtiradi. Bunga u hal qilinayogan muammoga nisbatan ko‘pchilikning fikrini aniqlash yo‘li bilan emas, barcha tomonlar qarshi bo‘lmagan echimni topish yo‘li bilan erishadi. Konsensusga erishish uchun manfaatlari va yondashuvlari bir-biriga unchalik mos kelmayotgan tomonlar hech bir tomon qarshi bo‘lmagan echimni topishga harakat qilishlari va topishlari kerak.

Konsensus mohiyatan kelishuvni bildiradi. Lekin uning XX asrgacha mavjud bo‘lgan kelishuvlardan farqi shundaki, u kelishuvga erishishning yangi samarali amaliyotini yaratdi. Unga ko‘ra manfaatlari bir-biriga mos kelmaydigan tomonlar o‘zaro munosabat va muzokaraga kirishar ekan, ular avvalo bir-birlariga yon bosishlari kerak. Qolaversa, ular barchani qoniqtiradigan, hech bo‘lmaganda hech qaysi tomonda qarshilik uyg‘otmaydigan echimni topishga harakat qilishlari va topishlari lozim. Bunday echimning topilishi konsensusga erishganlikni bildiradi.

Ijtimoiy sheriklik tarixi va tadrijini qisqacha ko‘rib o‘tish shundan guvohlik beradiki, ungacha mavjud bo‘lgan barcha nazariya va mafkuralar faqat u yoki bu sinf, ijtimoiy guruh manfaatlarini ifodalagan. Ijtimoiy sheriklik nazariyasi munosabatga kirishuvchi barcha ijtimoiy guruhlar manfaatini uyg‘unlashtirilgandagina jamiyatda totuvlik va ijtimoiy barqarorlik vujudga kelishi mumkinligini asoslaydi. SHuning uchun bu nazariya u yoki bu sinf nazariyasi emas, o‘zaro munosabatlarga kirishayotgan barcha ijtimoiy guruhlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish orqali ifodalaydigan nazariya hisoblanadi. Ijtimoiy guruhlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishning muhim sharti va asosi hisoblanadi.

Ijtimoiy sheriklik jarayonida o‘zaro ta’sirning eng muhim belgilaridan biri konsensusga yo‘naltirilganlikdir. Bu belgi ijtimoiy sub’ektlarning maqsadlari va manfaatlarini mavqelarni o‘zaro yaqinlashtirish orqali ro‘yobga chiqarishni nazarda tutadi. Bu jarayon tomonlarning bosim o‘tkazishga moyilligini inkor qiladi. Tomonlardan birining bosim o‘tkazishga intilishi bir zumda ijtimoiy sheriklikni yo‘q qilib uni o‘zaro kurashga aylantiradi.

Ijtimoiy sheriklikning juda muhim belgilaridan biri erkin fikr almashishning kafolatlanganligi, tomonlar o‘zining me’yoriy qadriyatli tizimlarini erkin taqdim qila olishi hisoblanadi.

Ijtimoiy sheriklik nazariyasi nizolar muammosi bilan chambarchas bog‘liq holda vujudga keladi. CHunki ijtimoiy sheriklik nizolarni hal qilish jarayonida vujudga keladi va nizolarni hal qilish uchun xizmat qiladi. Ijtimoiy sheriklik nizolar tufayli yuzaga keladi, nizolardan o‘sib chiqadi. Bu jarayon nizolarni boshqarish hamda manfaatlarni kelishtirish asosida hal qilishga intilish bosqichida, shuningdek, kompromissga, konsensusga intilish bosqichida yuz beradi.

Ijtimoiy sheriklikning jamiyat hayotiga keng tadbiq etilishi o‘z-o‘zidan avtomatik tarzda yuz beradigan hodisa bo‘lmay, atroflicha va puxta o‘ylab amalga oshiriladigan siyosat natijasidir. Mamlakatimizda bunday siyosatni Prezident Islom Karimov ishlab chiqdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy islohotlarning negizida yotgan besh tamoyil ijtimoiy sheriklikning jamiyat hayotida ildiz otishi uchun sharoit yaratdi.

Ijtimoiy sheriklik turli ijtimoiy guruhlar va qatlamlarning manfaatlarini maksimal darajada hisobga olish, muvofiqlashtirish va imkon boricha to‘laroq ro‘yobga chiqarishni nazarda tutadi.

Ijtimoiy sheriklik mohiyat e’tibori bilan jamiyatda konsensus va osoyishtalik o‘rnatilishiga, shuningdek, turli ijtimoiy guruhlar va qatlamlar o‘rtasidagi tarangliklarni yumshatishga, turli darajadagi hokimiyat organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida siyosiy birdamlikni shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Har qanday mamlakat hududida aholining ko‘pchiligi manfaatlarini ko‘zlaydigan adolatli ijtimoiy tartibotlarni joriy etish faqatgina davlat organlarining ishi emas. Jahon tarixi guvohlik berishicha, ijtimoiy nizolarni alohida holda davlat ham, oila ham, bozor munosabatlari ham hal etolmaydi. Faqatgina ijtimoiy sheriklik, ya’ni ijtimoiy-siyosiy maydondagi turli kuchlarning konstruktiv muloqotigina insonlarga xos turmush kechirish imkoniyatlarini berishi mumkin. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini hayotga tadbiq etishning asosiy maqsadi davlat va fuqarolik jamiyatlari o‘rtasida katta ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni ta’minlashdir.

O‘zaro hamkorlik jamiyatda mavjud bo‘lgan qashshoqlik, jinoyatchilik, atrof-muhitning ifloslanishi, etimlik singari ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun zarur. Bu jarayonda ishtirok etayotgan barcha tomonlar ana shu muammolarni hal etishda o‘zlarining mas’uliyatlarini his etishlari lozim. Ayni paytda ular bu muammolarni hal etish uchun turlicha imkoniyatlar va turlicha tasavvurlarga ega. Ana shu turlichalik, o‘zaro tafovutlar, ba’zi ziddiyatlarga qaramay o‘zaro sheriklik munosabatlarini o‘rnatish mumkin va zarur.

Ijtimoiy sheriklikning muhim qirralaridan biri ijtimoiy muammolarni hal qilish yo‘llari va usullarini birgalikda topish, bu muammolarni echishga keng jamoatchilikni jalb etish hamdir.

Ijtimoiy sheriklikning tadbiq etilishi davlatning kuchli, barqaror va samarador bo‘lishiga olib keladi, chunki u hokimiyatning maqsadlari va harakatlarini keng jamoatchilik tomonidan ma’qullanishi, qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi. Ijtimoiy sheriklik g‘oyalari keng xalq ommasi maqsadlari va manfaatlariga yaqin bo‘lib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilganda, u ko‘pchilik aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu tamoyil xalqni hokimiyat bilan yaqinlashtiradi, adolatli, samarali jamiyat shakllanishiga ko‘maklashadi.

Demokratik tamoyillarga amal qiladigan davlatning maqsadi huquqiy davlatni shakllantirishdir. Huquqiy davlat fuqarolik jamiyati qurishning muhim sharti hisoblanadi. Ko‘ngilli jamoat birlashmalarida, kasaba uyushmalarida, xayriya jamg‘armalari va boshqalarda ishtirok etish har bir fuqaroning shaxsiy ishi bo‘lsa ham, aslida u jamiyat va shaxsning munosabatlari darajasini ko‘rsatadigan indikator hisoblanadi. Bunday birlashmalarda ishtirok etish bir tomondan shaxsiy ish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ulkan siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy hodisadir. Fuqarolar o‘z erkinliklari va huquqlaridan foydalanib, jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lar ekan, o‘z zimmalariga muayyan mas’uliyat va majburiyatni oladilar. Jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lishdan avval fuqarolar o‘sha birlashmalarning maqsadlari, tamoyillari, strategiya va taktikalaridan xabardor bo‘lishlari zarur.

Jamiyatda mavjud muammolarni aniqlash, ifodalash va tegishli tashkilotlarga etkazishda jamoat birlashmalari muhim rolь o‘ynaydi. Ularning mas’uliyati ham xuddi mana shunda, ya’ni muammoni aniqlash va davlat yoki biznes vakillariga etkazishda ko‘rinadi. Ana shu birlashmalar faoliyatida ishtirok etar ekan, fuqarolar muayyan muammolar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ladi va bu ma’lumot ularning zimmasiga muammoni echish yo‘llarini izlash, undan davlat hokimiyati organlari va biznes vakillarini tegishli tarzda xabardor qilish mas’uliyatini yuklaydi. Fuqarolarning mana shu jarayonda faol ishtirok etishi ijtimoiy sheriklikning harakatga keltiruvchi kuchi hisoblanadi.

Ijtimoiy sheriklik sub’ektlaridan biri bo‘lgan davlatning funksiyalari ana shu sheriklikni rivojlantirish uchun huquqiy va iqtisodiy stimullarni yaratishdan iborat. O‘zbekistonda davlatning eng muhim funksiyalaridan biri jamiyatdagi turli ijtimoiy guruhlar va qatlamlar o‘rtasidagi muvozanatni va dialogni saqlab turishdir. Davlat tomonidan o‘tkazilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat aholining muayyan guruhlari haddan tashqari boyib ketishi, boshqa guruhlar esa qashshoqlashib ketishining oldini olib turadi. Bunday siyosatning maqbulligi shundaki, juda boy va juda qashshoq guruhlar o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va madaniy tafovutlar kelib chiqadi. Bunday tafovutlarning kuchayishi esa, ziddiyatlarga, ijtimoiy larzalarga olib kelishi mumkin.

Ijtimoiy sheriklik turli mamlakatlarda umumiy xususiyatlar bilan bir qatorda milliy o‘ziga xosliklarga ham ega bo‘ladi. Ko‘pincha ijtimoiy sheriklik tushunchasi ijtimoiy ongda adekvat tarzda aks etmaydi. CHunki, ijtimoiy sheriklikni to‘la va chuqur tushunish uchun ijtimoiy fanlar, xususan, sotsiologiya, ijtimoiy falsafa, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha muayyan bilimlarga ega bo‘lish taqozo etiladi. Ba’zan tashkilotlar ichidagi yoki tashkilotlar o‘rtasidagi har qanday hamkorlikni ijtimoiy sheriklikning ko‘rinishi sifatida qabul qilinadi. Aslida bu haqiqatga unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Bunday hamkorlik oddiy sheriklikning ko‘rinishidir. Ijtimoiy sheriklik, yuqorida ta’kidlanganiday, katta ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi sheriklikni anglatadi.

Hozirgi kunda ijtimoiy sheriklikning mohiyati ijtimoiy-siyosiy maydondagi kuchlar: davlat tuzilmalari, tijorat korxonalari va notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi konstruktiv aloqadorlik sifatida anglashiladi. Ijtimoiy fanlarda bu kuchlar 1-, 2- va 3-sektor nomlari bilan yuritiladi. Ijtimoiy sheriklik har uch sektor vakillari o‘rtasida hamkorlik paydo bo‘lganda va bu hamkorlik har uch guruh va jamiyat uchun manfaatli ekani anglashilganda vujudga keladi.

Ijtimoiy sheriklikning quyidagi muhim elementlarini ko‘rsatish mumkin: ijtimoiy muammo; sheriklarning manfaatlari va sheriklikning huquqiy asoslanishi; o‘zaro ta’sir va o‘zaro nazoratning qoidalari ishlab chiqilgani; ijtimoiy sheriklik jarayonlarini yoritadigan axborot maydoni mavjudligi; tomonlarning o‘zaro jipslashishi uchun loyihalarning mavjudligi; ijtimoiy sheriklik jarayonining barqarorligi va doimiyligi; ijtimoiy muammolarni echishning innovatsion usullarini izlash va topish; ijtimoiy muammoning barcha tomonlar uchun muhimligi; sheriklarning manfaatlarini aniqlash va hisobga olish; faoliyat maqsadi va vazifalarini birgalikda belgilash; hamkorlik jarayonida amal qilishi zarur bo‘lgan aniq qoidalarni ishlab chiqish; hamkorlik alohida-alohida harakat qilishga nisbatan bir necha barobar samarali bo‘lishi mumkinligini barcha tomonlar to‘la anglab etishi.

Har qanday kooperatsiya ham ijtimoiy sheriklikka misol bo‘la olmaydi. CHunki, kooperatsiyaga tomonlar o‘zlarining maqsadlariga erishish uchun birlashadilar. Masalan ikki yoki undan ortiq xususiy korxonaning muayyan faoliyat turlarini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risida tuzgan bitimi ijtimoiy sheriklik emas. Bu iqtisodiy sheriklikdir. Ijtimoiy sheriklik ko‘pqirrali hodisa bo‘lib siyosiy jihatlardan tashqari ma’naviy, ahloqiy, falsafiy jihatlarga ham ega. Uni ijtimoiy amaliyotga tadbiq qilish uchun jamiyatda bag‘rikenglik keng tarqalgan bo‘lishi taqozo etiladi.

Bag‘rikenglikning amaliy ahamiyati qay daraja katta ekanini shundan ham bilish mumkinki, bir qator shaxslararo munosabatlargina emas, guruhlararo munosabatlarni ham uning yordamisiz yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi. Masalan, ijtimoiy sheriklik munosabatlariga kirishayotgan guruhlar va shaxslarda bag‘rikenglik singari ma’naviy-ahloqiy sifat bo‘lmasa, uning qaror topishi benihoya qiyinlashadi.

Ijtimoiy taraqqiyot intensivlashayotgan va davlatlararo munosabatlar murakkablashib ketayotgan hozirgi davrda bag‘rikenglik guruhlar va davlatlararo munosabatlarni tartibga solishda, jamiyatda millatlararo, ijtimoiy guruhlararo, dinlararo tinch-totuvlikni ta’minlashda borgan sari ulkanroq ahamiyat kasb etmoqda.

Bag‘rikenglik ahamiyatining ortib borishi uning umuminsoniy qadriyatlar bilan uzviy bog‘liqligi tufayli ham yuz bermoqda. Mazkur qadriyatlar asnosida bag‘rikenglik shaxslararo va guruhlararo munosabatlarning ko‘pchilik tomonidan eng maqbul, deb hisoblanadigan yo‘li sifatida namoyon bo‘lmoqda. SHuning uchun ham katta ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmi bo‘lgan ijtimoiy sheriklikning ijtimoiy hayotda qaror topishi ko‘p jihatdan bag‘rikenglikning ijtimoiy guruhlar faoliyati tamoyili sifatida qanday o‘rin egallaniga bog‘liq bo‘lmoqda.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi inqilobiy yo‘l emas, ijtimoiy sheriklik mamlakatlarni farovon hayotga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Biz ana shu sheriklik yo‘lini tanladik. Lekin bu G‘arb mamlakatlari tajribasini mexanik tarzda O‘zbekistonga ko‘chirishni anglatmaydi. Mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib islohotlar o‘tkazish Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va hozir dunyoda o‘zbek modeli nomi bilan mashhur bo‘lgan modelda o‘z ifodasini topgan.


Yüklə 45,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin