Ma’lumotlarni kriptografik uslublar bilan muhofazalash jarayonlari algoritmik tillar bilan maxsus kriptobardoshli algoritmlarni dasturlash orqali yoki maxsus texnik apparatlar yordamida amalga oshiriladi. Bunda dasturlash uslublari o‘zining qo‘llanilishi jihatidan qulayligi bilan ajralib turadi. Texnik apparatlardan foydalanish uslublari katta qiymatdagi moddiy mablag‘ni talab qilsada, o‘zining samaradorligi, qulayligi, ishonchliligi va shu kabi xususiyatlari bilan farqlanadi.
Kriptografik tizimlar xavfsizligi kriptografik algoritm va foydalanilgan kalit xavfsizligiga asoslanadi. Zaif kalit foydalanilganligi bardoshli algoritm foydalanilgan taqdirda ham kriptotizim zaifligiga olib keladi. Bundan tashqari, Kirxgof prinsipiga binoan kriptografik tizim faqat kalit noma’lum bo‘lgan taqdirdagina maxfiylik ta’minlanadi.
Axborotlar tizimi muhofazasining zamonaviy kriptografik uslublariga quyidagi umumiy talablar qo‘yiladi:
shifrlangan ma’lumotni asl nusxasiga ega bo‘lish imkoniyati faqat deshifrlash kaliti ma’lum bo‘lgandagina mumkin bo‘lsin;
foydalanilgan shifrlash kalitini shifrmatnning biror ma’lum qismi bo‘yicha yoki unga mos keluvchi ochiq qismi bo‘yicha aniqlash uchun, bajarilishi zarur bo‘lgan amallar soni kalitni aniq topish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan barcha amallar sonidan kam bo‘lmasligi kerak, ya’ni kalit tanlab olinishi kerak bo‘lgan to‘plam elementlarining sonidan kam bo‘lmasligi kerak;
shifrlash algoritmining ma’lumligi uning bardoshliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak;
kalitning har qanday darajadagi (ozmi, ko‘pmi) o‘zgarishi shifrlangan ma’lumotning jiddiy o‘zgarishiga olib kelishi kerak;
shifrlash algoritmi tarkibidagi elementlar o‘zgarmas bo‘lishi kerak; shifrlash jarayoni davomida ma’lumotlarga kiritiladigan qo‘shimcha bitlar (elementlar) shifrlangan matnda (ma’lumotda) to‘la va ishonchli xolda qo‘llanilgan bo‘lishi kerak;
shifrlash jarayonida qo‘llaniladigan kalitlar orasida sodda va osonlik bilan o‘rnatiladigan bog‘liqliklar bo‘lmasligi kerak;
kalitlar tarkibi to‘plamidan olingan ixtiyoriy kalit axborotning ishonchli muhofazasini ta’minlashi kerak;
Kriptoalgoritm dasturiy hamda texnik jihatdan amaliy qo‘llanishga qulay bo‘lib, kalit uzunligining o‘zgarishi shifrlash algoritmining sifatsizligiga olib kelmasligi kerak.
Nazorat savollari: Buzg‘unchining maqsadi va vazifasi.
Kirxgof prinsipi nimadan iborat.
Kriptografik tizimlarga qo‘yilgan umumiy talablar.