Mavzu Kurs ishi, bitiruv malakaviy ishlar, magistirlik doktorli-fayllar.org
Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishiga qo‘yiladigan talablar. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishlar muvaffaqiyatini aniqlaydigan muhim va mas’uliyatli vazifalardan biri – tadqiqot mavzusini tanlashdir. Mavzularga qo‘yiladigan umumiy talab – ularning dolzarbligi bilan bog’liqligidir. Ular hozirgi zamon talablari va bank tizimining rivojlanish tendentsiyalari istiqbollaridan kelib chiqishi zarur.
Kurs ishi va bitiruv malakaviy ish mavzusi keng qamrovli nazariy va amaliy xususiyatga ega bo‘lishi, tijorat banklarini rivojlantirishning eng muhim vazifalarini qamrab olishi va ilmiy-ishlab chiqarish yo‘nalishida tadqiqotlar olib borishni nazarda tutishi lozim. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ish mavzusi muammoning zamonaviy holatini va iqtisodiyot, biznes, ishlab chiqarish, ijtimoiy sohalar, fan, ta’lim va madaniyatning istiqboliy rivojlanishini aks ettirishi kerak.
Mavzuning dolzarbligini asoslashda ushbu masala ustida tadqiqotlar olib borish nima uchun zarurligini, tijorat banklari bilan bog’liq qanday muammolar bunga sabab bo‘lganini va tadqiqot yakunlari bo‘yicha erishilajak natijalar muammoni echishga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniq bayon etib berish lozim.
Mavzu tanlashda ayrim talabalarning istiqbolda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishga layoqati borligini nazarda tutgan holda bitiruv malakaviy ishi uchun tanlangan mavzu kelgusida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari tayyorlashda ham davom ettirilishi maqsad qilib qo‘yilishi mumkin.
Shu bilan birga tavsiya qilinayotgan va tanlangan mavzuning o‘quv jarayonida foydalanishini ham nazarda tutmoq lozim. Buning uchun mavzuning o‘qilayotgan ma’ruza yoki olib borilayotgan amaliy mashg’ulot dasturida o‘z ifodasini topishiga erishish lozim.
Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishlari mavzulari ixtisoslashgan kafedralar tomonidan belgilanadi va unstitutning ilmiy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi, mavzular har o‘quv yilida 20-30 foizga yangilanishi tavsiya etiladi.
Ishlab chiqarish korxonalari buyurtmasi bo‘yicha bajariladigan bitiruv malakaviy ishlar alohida amaliy ahamiyatga egadir. Ayniqsa muayyan ishlab chiqarish korxonasining moliyaviy ko‘magida tahsil olayotgan talabalar bunday yondoshuvdan manfaatdor bo‘lishlari kerak. Bu ularga keyinchalik ishga boradigan korxonaning ishlab chiqarish va moliyaviy holatini chuqurroq tadqiq etishga va muammo va ehtiyojlarini aniqlashga imkon beradi. Talaba yoki talabaning o‘qishi uchun to‘lov-kontarkt mablag’ini to‘lovchi buyurtmachi zaruriy asoslar bilan malakaviy ishlar mavzusi bo‘yicha o‘z variantlarini taklif etishlari mumkin.
Bitiruvchi talabaga bitiruv malakaviy ish mavzusini tanlash huquqi beriladi. Mavzuni tanlash jarayonida talabalarga ish rahbari yordam berishi maqsadga muvofiq. Mavzuni tanlash jarayonida rahbar tavsiya etilayotgan mavzular ro‘yxatini berish bilan cheklanib qolmay, balki tanlanadigan mavzuni mohiyati va ochib berish imkoniyatlari bilan hamda ma’lumotlar manbalari bilan talabani tanishtirishi maqsadga muvofiq. Rahbar va talaba tanlagan mavzu bo‘yicha nazariy ma’lumotlar etarli bo‘lgani bilan talaba amaliyot o‘taydigan korxonada ushbu mavzuni yoritish bo‘yicha kerakli ma’lumotlar bo‘lishiga ham e’tiborni qaratish lozim. Shu sababdan bitiruv malakaviy ish mavzusi talabaning bitiruv oldi amaliyoti o‘tash uchun boradigan korxona aniq bo‘lgandan so‘ng tanlangani ma’qul.