2. Kuzgi shudgorni o’tkazish muddatlari, chuqurligi. Yer kuzda chuqur shudgorlansa tuproqning suv o’tkazuvchanligi, havo almashinishi va oziqa rejimi yaxshilanadi hamda mikroorganizmlar faoliyati jadallashadi. Bularning hammasi o’z navbatida ekinlarning o’sishiga, rivojlanishiga va hosildorligiga ijobiy tasir etadi. Shuning uchun ham shudgorlash chuqurligi uning asosiy sifat belgilaridan biri hisoblanadi. Tuproq sharoitiga ko’ra yer 30-35 sm gacha chuqurlikda haydalishi mumkin. Yangi o’zlashtirilgan yerlar 20-22 sm chuqurlikda haydaladi. Yangi o’zlashtirilgan yerlarda keyinchalik haydash chuqurligi asta-sekin oshirib boriladi.
Yerni ikki yarusli pluglarda haydash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun PYa-3-35, PUYa-3-35 rusumli pluglardan foydalaniladi. Ikki yarusli haydalganda ustki qatlam (0-15 sm) pastga, pastki qatlam (15-30 sm) tepaga chiqariladi. Ekinlar hosili malum darajada oshadi. Yer oddiy usulda PN-4-35 va P-5-35m markali pluglar bilan haydaladi.
Sug’oriladigan dehqonchilik sharoitida yer, asosan 28-32 sm chuqurlikda haydaladi.Yerni har xil chuqurlikda haydash begona o’tlarni, zararkunandalarni, kasalliklarni kamaytirish va organik qoldiqlarni to’la chirishini taminlash uchun o’tkaziladi. Yer birinchi yili 30-32 sm, ikkinchi yili 22-24 sm, uchinchi yili 26-28 sm chuqurlikda haydalsa, yuqorida ko’rsatilgan chuqurlikdagi qatlamga tushgan zararli organizmlar hamda organik qoldiqlar uch yilgacha tuproq yuzasiga chiqarilmaydi. Natijada, zararli organizmlarni kamaytirishga va o’simlik qoldiqlarini to’la chirishiga erishiladi. To’rtinchi yili kuzgi shudgorlash vaqtida 3032 sm chuqurlikda haydalganda birinchi yili haydashda ko’milgan organik qoldiqlar to’la minerallashgan, begona o’tlar urug’i va kasallik quzg’atuvchi zamburug’lar hayotchanligini yuqotgan qatlam ag’darilib, yer yuzasiga chiqariladi.
Ilmiy tadqiqotlarga ko’ra, yerni 20 sm chuqurlikda haydashga qaraganda 30 sm chuqurlikda haydash, tuproqning suv o’tkazuvchanligini gektariga 140-277 m3 ortiq bo’lishini ta’minlar ekan.
Yerlarni chuqur shudgorlash tuproqdagi tuzlarning yuvilishiga ijobiy ta’sir etadi. Masalan. O’zPITI tajribalarida yer 20 sm o’rniga 35 sm chuqurlikda shudgorlanganda, 0-20 sm qatlamda xlor miqdori 0,029 foiz, quruq qoldiq 0,062 % bo’lgan bo’lsa, 20-40 sm li hamda bir metrli qatlamda ham tuzlar shunga muvofiq kamayganligi aniqlangan.
Respublikamizda har xil tuproq iqlim sharoitida yerni 15 sm dan 30-35 sm gacha chuqurlikda shudgorlash paxta hosilini yuqori bo’lishini ta’minlaydi, Lekin yer birdaniga 45 sm chuqurlikda shudgorlansa 35 sm chuqurlikda shudgorlangandagiga qaraganda paxta hosili gektariga o’rtacha 0,6 s kamayadi, chunki bunda unumsiz pastki qatlam yuqoriga ag’darilib chiqib qoladi. Shuning uchun shudgorlash chuqurligini tuproqning hossalariga hamda ma’danli va maxalliy o’g’itlarni qo’llash usuliga qarab oshirish katta ahamiyatga ega.