Milliy hisoblar tizimida makroiqtisodiy ko’rsatkichlar
Makroiqtisodiy miqdor ko’rsatkichlari o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni milliy hisoblar tizimi orqali quyidagicha ifodalash mumkin;
Barcha tarmoqlarning yalpi ishlab chiqarishi – oraliq iste’mol = Yalpi ichki mahsulot.
Yalpi ichki mahsulot - amortizatsiya = sof ichki mahsulot.
Sof ichki mahsulot – biznesga egri soliqlar = milliy daromad
Milliy daromad – ijtimoiy sug’urtaga badallar – korporatsiya foydasiga soliqlar – korporatsiyani taqsimlanmagan foydasi + transfert to’lovlari = shaxsiy daromad.
Shaxsiy daromad – yakka tartibdagi soliqlar =Ixtiyordagi daromad.
Milliy daromad - bu, milliy ishlab chiqarishdan olingan daromad yoki ijtimoiy ishlab chiqarishdagi barcha daromad turlarining yig’indisidir.
Yalpi milliy daromad quyidagicha hisoblanadi ;
YaMD = YaIM + horijdan olingan omilli daromadlar – horijliklarning ushbu mamlakat hududidan olgan omilli daromadlari.
Shaxsiy daromad va milliy daromadning bir-biridan shunisi bilan farq qiladiki, ishlab chiqarishda mehnat qilish evaziga olingan daromadlarning bir qismi ( ijtimoiy sug’urtalar to’lovlari, korporatsiya foydasiga soliq va korporatsiyaning taqsimlanmagan foydasi ) amalda bevosita uy xo’jaligiga tushmaydi. Uy xo’jaligi hisobiga to’g’ri keladigan daromadlarning bir qismi, masalan, (transfert to’lovlari) - mehnat natijalarini bildirmaydi. Transfert to’lovlariga - sug’urta tashkilotlari tomonidan to’lanadigan, ya’ni qarilikda va baxtsiz xodisalarga shuningdek ijtimoiy dasturlarga asoslangan holda ishsizlarga to’lanadigan nafaqalar, nogironlarga to’lanadigan har xil to’lovlar, ishsizlarga va pensionerlarga to’lanadigan nafaqalar, iste’molchilar va davlat tomonidan to’lanadigan foiz to’lovlari va boshqa to’lovlar kiradi.
Shaxsiy ixtiyordagi daromad deb individual soliqlarni to’lagandan keyingi daromadlarga aytiladi. Individual soliqlar - daromad solig’i, xususiy mol- mulklarga va meros qolgan mulklarga solinidagan soliqlardan iborat.