Mavzu mantiq bilish nazariyasining tadqiqot ob`yekti reja 2
Nozidlik qonuni. Inson tafakkuri aniq, ravshan bo‘libgina qolmasdan, ziddiyatsiz bo‘lishi ham zarur. Zidiyatsizlik inson tafakkuriga xos bo‘lgan eng muhim xislatlardan biridir. Ma’lumki, ob’ektiv voqelikdagi buYum va hodisalar bir vaqtda, bir xil sharoitda biror xususiyatga ham ega bo‘lishi, ham ega bo‘lmasligi mumkin emas. Masalan, bir vaqtning o‘zida, bir xil sharoitda inson ham axloqli, ham axloqsiz bo‘lishi mumkin emas. U yo axloqli, yo axloqsiz bo‘ladi.
Bir vaqtning o‘zida bir predmetga ikki zid xususiyatning taalluqli bo‘lmasligi tafakkurda nozidlik qonuni sifatida shakllanib qolgan. Bu qonun fikrlash jarayonida ziddiyatga yo‘l qo‘ymaslikni talab qiladi va tafakkurning ziddiyatsiz hamda izchil bo‘lishini ta’minlaydi.
Nozidlik qonuni ayni bir predmet yoki hodisa xaqida aytilgan ikki o‘zaro bir-birini istisno qiluvchi (qarama-qarshi yoki zid) fikr bir vaqtda va bir xil nisbatda birdaniga chin bo‘lishi mumkin emasligini, hech bo‘lmaganda ulardan biri albatta xato bo‘lishini ifodalaydi. Bu qonun «A ham V, ham V emas bo‘la olmaydi» formulasi orqali beriladi.
Nozidlik qonuni qarama-qarshi va zid mulohazalarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunda qarama-qarshi mulohazalarning har ikkalasi ham bir vaqtda xato bo‘lishi mumkin; o‘zaro zid mulohazalar esa bir vaqtda xato bo‘lmaydi, ulardan biri xato bo‘lsa, ikkinchisi albatta chin bo‘ladi. Qarama-qarshi mulohazalarda esa bunday bo‘lmaydi, ya’ni ulardan birining xatoligidan ikkinchisining chinligi kelib chiqmaydi. Masalan: «Aristotel-mantiq fanining asoschisi» va «Aristotel-mantiq fanining asoschisi emas» - bu o‘zaro zid mulohazalardir. Bu zid mulohazalarning har ikkalasi bir vaqtda xato bo‘lmaydi. Ulardan birinchisi chin bo‘lgani uchun, ikkinchisi xato bo‘ladi. O‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan «Bu dori shirin» va «Bu dori achchiq» mulohazalarining esa ikkalasi bir vaqtda, bir xil nisbatda xato bo‘lishi mumkin. CHunki dori shirin ham, achchiq ham bo‘lmasligi, balki bemaza yoki nordon bo‘lishi mumkin.
Noziddlik qonunini bilish va unga amal qilish raqibning, suhbatdoshning fikrlaridagi mantiqsizlikni aniqlash, ilmiy tahlilni izchil va chuqur mantiqiy asosda olib borish imkonini beradi.
Uchinchi istisno qonuni nozidlik qonunining mantiqiy davomi bo‘lib, fikrning to‘liq mazmunini qamrab olib bayon qilingan ikki zid fikrdan biri chin, boshqasi xato, uchinchisiga o‘rin yo‘q ekanligini ifodalaydi. Bu qonun «A - V yoki V emasdir» formulasi orqali beriladi.
Uchinchisi istisno qonuni tushunchalar o‘rtasidagi zid munosabatlarni ifodalaydi. Agarda zid munosabatlar tushunchaning to‘liq mazmunini qamrab olmasa, ikki zid belgidan boshqa belgilarning ham mavjudligi ma’lum bo‘lsa, unda uchinchisi istisno qonuni amal qilmaydi.
Masalan:
Talaba imtihonda» a’lo» baho oldi.
Talaba imtihonda «ikki» baho oldi.
Bu mulohazalar munosabatida nozidlik qonuni amal qiladi. CHunki bu mulohazalarning har ikkisi ham xato bo‘lishi va talaba imtihonda «o‘rta» yoki «yaxshi» baho olishi mumkin.
Agar, «Talaba imtihonda «a’lo» baho oldi» va «Talaba imtihonda «a’lo» baho olmadi», mulohazalarini tahlil qilsak, unda bu mulohazalardan biri chin, boshqasi xato, uchinchisiga o‘rin yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ladi. CHunki «yaxshi», «o‘rta» va «ikki» baholar – «a’lo» baho emas.