Marketing evolyutsiyasining birinchi yirik bosqichini XX asrning boshidan 30-yillarning o‘rtasigacha deb hisoblash qabul qilingan. Bunda marketing tashkilotlar, korxonalar va shaxslar o‘rtasidagi tovar va xizmatlar harakatining nazariyasi yoki mahsulotni sotish bo‘yicha korxonaning funksiyasi deb tushunilardi. Shu vaqtda ketma-ket ikkita konsepsiya paydo bo‘ldi: ishlab chiqarishni takomillashtirish va tovarni takomillashtirish.
30-yillarning o‘rtalaridan 80-yillarning o‘rtalarigacha marketing rivojlanishining ikkinchi bosqichi davri bo‘ldi. Bu davrda e’tibor sotishga, so‘ngra esa iste’molchiga qaratiladi (tijorat harakatlarini jadallashtirish konsepsiyasi, marketingning umumiy konsepsiyasi, marketing-miks).
1. Ishlab chiqarishni takomillashtirish konsepsiyasini qo‘llash ikki holatda o‘rinli bo‘ladi. Birinchisi, talab taklifdan yuqori bo‘lgan holatda. Bu holatda korxona rahbariyati asosiy e’tiborni ishlab chiqarishni yuksaltirishga qaratadi. Ikkinchisi, tovarning tannarxi yuqori bo‘lganda, chunki uni kamaytirish uchun ishlab chiqarish samaradorligini oshirish talab etiladi. Demak, bu konsepsiyada tovar ishlab chiqarilsa bas, hech qanday marketing tadbirlari qo‘llanmasa ham tovarning haridorlarga sotilishi ta’minlanadi.
2. Tovarni takomillashtirish konsepsiyasining mohiyati shundan iboratki, iste’molchilar yuqori sifatli, yaxshi ekspluatatsion xususiyatlarga va tavsiflarga ega bo’lgan tovarga nisbatan hayrihoxlik bilan qaraydilar.
Marketing evalyutsiyasining ikkinchi bosqichida tijorat faoliyatini jadallashtirish va marketingning umumiy konsepsiyalari (marketing-miks) vujudga keldi. Bu konsepsiyalarda asosiy e’tibor tovarni sotishga va iste’molchilarga qaratilgan.
Tijorat faoliyatini jadallashtirish konsepsiyasi tovarni siljitish, sotish va sotilishlarini rag‘batlantirish sohasida yetarli darajada, hatto agressiv harakatlar amalga oshirilmasa, iste’molchilar korxonaning tovarlarini kerakli miqdorda sotib olmaydilar – deb hisoblaydi. Ko‘pgina firmalar sotishda qiyinchiliklar tug‘ilsa, ortiqcha ishlab chiqarish belgilari ko‘rina boshlasa, mazkur konsepsiyani mo‘ljal qiladilar. Bunday firma va kompaniyalarning maqsadi - bozor talab qilayotgan tovarlarni ishlab chiqarish emas, balki ishlab chiqarilgan tovarlarni sotishdan iboratdir.
3. Zamonaviy marketing konsepsiyalari va ularning mazmuni
Hozirgi kunda marketing amaliyotida ijtimoiy va axloqiy masalalarni hisobga olish zaruriyati ijtimoiy-axloqiy marketing konsepsiyasining rivojlanishini keltirib chiqardi. Bugungi kunda atrof-muhitning ifloslanishi, aholi sonining tez sur’atlar bilan o‘sishi marketingning ana shu konsepsiyasidan foydalanishni taqozo etadi. Bu konsepsiya firmaning foydaliligi, iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish darajasi va jamiyat manfaatlari kabi uch omilning o‘zaro uyg‘unlikda bo‘lishini talab qiladi.