V BO‘LIM. MEHNATNI MUHOFAZA QILISh TO‘FRISIDAGI QONUNLAR VA BOShQA ME’YoRIY HUJJATLARNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK 25-modda. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar ta’minlanmagani uchun korxonalarning javobgarligi Korxonalar mehnatni muhofaza qilishga doir talablar ta’minlanmaganligi uchun ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan ijtimoiy sug‘urta qilish maqsadlariga oshirilgan tariflar bo‘yicha mablag‘lar ajratadilar. Tariflar mehnat sharoiti, bajariladigan ishlar xavfliligi, zararliligi va og‘irligiga bog‘liq holda vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi bergan xulosa tariflarni qayta ko‘rib chiqish uchun asos hisoblanadi.
(25-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda) 26-modda. Mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan ishlab chiqarish ahamiyatidagi mahsulotni tayyorlaganlik va sotganlik uchun korxonalarning iqtisodiy javobgarligi Mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan ishlab chiqarish ahamiyatiga molik mahsulot ishlab chiqarayotgan va yetkazib berayotgan korxonalar iste’molchilarga yetkazilgan zararni O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilanadigan tartibda va shartlarda qoplaydilar.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha standartlar, qoidalar va me’yorlarning O‘zbekiston Respublikasida belgilangan talablariga nomuvofiq ishlab chiqarish vositalarini, yakka tartibdagi va jamoani himoyalash vositalarini, shu jumladan xorijdan sotib olinganlarini sotish va targ‘ib qilish g‘ayriqonuniy hisoblanadi. Bunday faoliyat natijasida korxona olgan foyda belgilangan tartibda budjetga musodara qilinishi kerak.
27-modda. Mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarni buzganlik uchun javobgarlik Mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar buzilishida aybdor bo‘lgan yoki davlat va jamoatchilik nazorati idoralari vakillarining faoliyatiga monelik qilayotgan mansabdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda intizomiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Korxonalarning boshqa xodimlari mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarning talablarini buzganlik uchun belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.