Мavzu. Milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlar tizimida xalq donishmandligi, og‘zaki ijodi, falsafasi tafakkur durdonalari Reja



Yüklə 42,04 Kb.
səhifə1/2
tarix19.11.2022
ölçüsü42,04 Kb.
#69874
  1   2
jabborov


Мavzu. Milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlar tizimida xalq donishmandligi, og‘zaki ijodi, falsafasi tafakkur durdonalari


Reja:



  1. Xalq og‘zaki ijodiyotining milliy g‘oya va qadriyatlar bilan aloqadorligi.

  2. Yoshlar ma’naviy – axloqiy, g‘oyaviy tarbiyasida xalq hikmatlarining o‘rni.

  3. Ajdodlar merosidagi o‘gitlarni insonlar qalbiga jo qilishning usul-vositalari.

Foydalanilgan adabiyotlar

Milliy g‘oya va qadriyatlar tizimida xalq donishmandligi, og‘zaki ijodi, falsafasi tafakkur durdonalari muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha qilib aytganda xalq og‘zaki ijodi, falsafasi tafakkur durdonalarida milliy g‘oya va qadriyatlar xos xususiyatlar muhirlangan desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz.


Xalq og‘zaki ijodi deganda ko‘z o‘ngimiz, xotira va xayolat olamimiz kengliklaridan bir-bir tizilib butun boshli O‘zbek xalq badiiy ijodiyoti durdonalari silsilasi va ular tizmidagi odamiylik va abadiylikdan, egulik va yaratuvchilikdan, mardlig-u matonatdan, imon-u insofdan, sabr-u qanoatdan, hikmat-u donishlikdan saboq berguvchi qadriyatlar tizim o‘tadi.
Ular Tumaris-u Shiroq, Alpomish-u Go‘ro‘g‘li, Tohir-u Zuhra, Luqmoni Hakim bo‘lib, yohud latif-yu, askiya, maqol-u topishmoq, hikmat-u naql, “Gulyor-u boychechak (qo‘shiq) bo‘lib gavdalanadi.
Bilamizki xalq og‘zaki ijodiyoti durdonalar tematik rangbarang, mavzu ko‘lamlari keng, tur va janrlari xilmaxildir. Bular sirasiga xalq rivoyatlari, ertaklari, matallari, masallari, maqollari, xalq dostonlari, qo‘shiqlari, termalari, laparlari, topishmoqlari, askiyalari, latifa-yu loflar kiradi.
Ular tizimida ko‘p ming yillik tarixga ega xalqimiz xos xususiyatlar, boy hayotiy tajribalar, ezgu orzu-umidlar, yorug‘ kelajakka bo‘lgan intilish va ideallari o‘z ifodasini topgan bo‘lib, dilga va tilga yaqinligi, samimiyligi va ravonligi bilan ham hamisha inson shaxsini ezgulikka da’vat etadi.
Hozirgi globallashuv, axborotlashuv, integratsiyalashuv va demokratlashuv sharoitda xalq og‘zaki ijodidagi etnomadaniy qadriyatlarni ahamiyatini ilmiy o‘rganish chuqur ma’no va muhim ahamiyatga egadir. Zero, ular tizimidagi qadriyatlar mangulikka daxldor bo‘lib, hamon navquron barkamol avlodni tarbiyalashga qodirligi bilan xarakterlidir.
Xalq topqirligi va donishmadligi, hayotdan ortigan tajribasi, kelajakka qoldiradigan saboqlari avvalo, uning og‘zaki ijodiyoti durdonalarida gavdalangan. Bu durdonalarning har biri, bir hayot gavhari bo‘lib, go‘zal badiiylik bilan ziynatlangani ham kishiga beminnat estetik qadriyatlarni ulashish bilan yanada keng mazmun kasb etadi.
Xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarining mazmunan teranligi, shakllan ixchamligi, badiiy ravonligi, ohangraboligi, mo‘l bo‘yoqdorligi, emotsional elastikligi kabilar uning qadr qimmatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘rinadiki, insoniyat tafakkuri taraqqiyotining ma’naviy-ma’rifiy mezonlari tizimida xalq hikmatlari, maqollari, topishmoqlari, qo‘shiqlari, dostonlari ayricha ahamiyat kasb etib, komil insonni tarbiyalashdek murakkab funksiyani bajarib kelgan. Shu nuqtai nazardan xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini shaxs, jamiyat, millat, xalq ma’naviyatining oshirishni rag‘batlantiruvchi omillar tizimida undan foydalanishning amaliy usullarini izlab topish masalalarini ilmiy asosda hal qilish muhim ahamiyatga egadir.
Inson ma’naviy madaniyatini shakllantirishda xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarining o‘rni to‘g‘risidagi qarashlar insoniyat tarixining qadimgi davrlaridanoq shakllangan bo‘lib, juda boy amaliy manba ega ekanligi ko‘zga tashlanadi. Masalan ajdodlar tomonidan egulikka yo‘g‘rilib yaratilgan qanchadan-qancha rivoyat, ertak, masal, doston, qo‘shiq, maqol kabilar shular jumlasidandir. Qolaversa aytilayotgan fikr yozma yoki og‘zakiligidan qat’iy nazar mohiyati maqol va hikmatlar bilan ziynatlansa, badiiylik bilan bezatilsa yanada ko‘rkam, ta’siri xo‘sh, yoqimli bo‘lishi barchamiz kundek ravshan. Albatta bu o‘z navbatida ajdodlar tajribasida hisobga olingan.
Ajdodlar tajribasi ko‘rsatadiki, ular tinglovchini yuqori o‘rinda qadrlagan, o‘zlar bilan hayot haqiqatlarini ularga oson va yodda qolarli darajada yetib borishini ta’minlashni juda ko‘plab mexanizmlarini yaratganligi ularning bir tomondan madaniy kashfiyotchiligini, yaratuvchiligini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan qalblari naqadar toza, beg‘ubor, ma’naviy olami butun va kelajak ma’naviy-madaniy sog‘lom muhitini asrab qolish borasida nechog‘lik darajada qayg‘urganligini ko‘rsatadi.
Milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlar tizimida xalq donishmandligi, og‘zaki ijodi, falsafasi tafakkur durdonalarining tarixiy ildizlari juda chuqur bo‘lib, uzoq o‘tmishdan bizgacha naql, maqol, afsona va rivoyat, matal, ertak, masal, topishmoq, lapar, qo‘shiq, terma, doston, latifa, lof, askiya, afandi kabilar tizimi orqali kelgan. Xalq donoligi va donishvarligi, topqirligi hayot muammolarga hozirjavobligi uning Nasriddin Afandi, Aldarko‘sa, Birbal kabilarida ham gavdalanadi.
Masalaga birgina xalq dostonlari tizimida yondoshganimizda ham ko‘plab asoslarni topamiz. Bu borada fikr yuritar ekanmiz ko‘z o‘ngimizdan “Tohir va zuhra”, “Alpomish”, “Yodgor”, “Shirin bilan Shakar”, “Malika ayyor”, “Go‘ro‘g‘lning tug‘ilishi”, “Chambil qamali”, “Kuntug‘mish”, “Rustamxon”, “O‘g‘izxon”, “Kitobi dada Qo‘rqud”, “Bo‘z o‘g‘lon” va boshqalar o‘tadi.
Turli tarixiy davrlardagi xalqimizning tasavvuri va tafakkuridagi yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzik o‘rtasidagi kurash, ezgulikni tantanasi, kelajakka ishonch ruhi Mitra, Anaxita, Kayumars, Yima (Jamshid), Gershasp, Elbek, “To‘maris”, “Shiroq”, “Zarina va Striangiya”, “Alp Ertunga”, “Alpomish”, “Rustam”, “Siyovush” sifatida ham bizgacha yetib kelgan. Bular antik tarixchilar Gerodot, Kteziy, Polien, Xares Mitilenskiy va boshqalar hamda O‘rta asr tarixchilari Hamza Isfahoniy, Tabariy, Mas’udiy, Beruniy, Saolbiy, Ba’lamiy asarlarida ham o‘z ifodasini topgan.
“Avesto”, “Irq bitigi”1, Kaykovusning “Bexistun”, “Bundaxishi”, “Denkard”, “Oltin yoruq”2, “Qobusnoma”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” kabilarda xalq tafakkur durdonalaring muayyan jihatlari o‘z fodasini topgan.
Xalq donishmandligi, og‘zaki ijodi, falsafasi tafakkur durdonalari bilan o‘z asarlar ziynatlash an’anasi qadimiylikka ega bo‘lib, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviyning “Hikmat”, N.B.Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy”, Abu Ali ibn Sinoning “Tayir”, Salomon va Ibsol”, A.Navoiy, A.Jomiy, Z.M.Bobur, Turdi Farog‘iy, Gulxaniy, Abdulla Avloniy kabilar ijodidan tortib hozirga qadar davom etganganligi kuzatishimiz mumkin. Bu xalq donishmandigi hamisha boqiyligi va bardovomligidan dalolatdir.
Bugungi globallashuv, axborotlashuv, turli madaniyatlar bilan muloqotlar davrida ajdodlarimizning ma’naviy mulki bo‘lgan milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlar tizimidagi bu noyob, betakror sharqona va o‘zbekona falsafasi tafakkur durdonalarini ilmiy o‘rganish, ma’naviy dunyomizni boyitibgina qolmasdan, balki uni rivojlantirishda va yukasaltirishda muhim omillardan birdir. Shu ezgu maqsaddan kelib chiqib uning milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlar tizimida tadadqiq qilish, nazariy metodologik va amaliy jihatdan uylaymizki muhim ma’no va ahamiyatga egadir.
Zero, xalq donishmandligini o‘zida ifodalagan og‘zaki ijodiyoti namunalari nafaqat milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlarimizni, balki milliy ma’naviy madaniyatimizning eng asosiy o‘zagidir.
Xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarida jamlangan ma’naviy xazina sandig‘ini ochmoq, bu javohirlardan bahramand bo‘lmoq zaruriyati va ehtiyoji bugun yanada ortayotirki buning sabablari bizningcha, avvalo hozirgi ochiq va ko‘p qutibli dunyoda turli-tuman tanish va notanish, yot va begona fikr, qarash, g‘oya va mafkuralar tahdidi ortib borishi hosilasi o‘laroq, yoshlarimizning ma’naviy sog‘lom dunyosini asrab-avaylashdagi ahamiyati bilan ham bog‘liqdir.
Ota-bobolarimizning aytmoqchi bo‘lgan pand-nasihatlari, el e’zozlagan odam bo‘lishning talab-qoidalari, Alp Erto‘nga, To‘maris, Shiroq kabi yurt farzandlarining botirliklari, xalqimizning urf-odatlari, fazilatlari, uning maqol, qo‘shiq, ertak, doston, bolalarga bag‘ishlangan asarlarida o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham xalq og‘zaki ijodini milliy qadriyatlar deb atash odat bo‘lgan. Xalq og‘zaki ijodi ilmda folklor deb yuritiladi.
Folklor atamasi ingliz olimi Vilyam Toms tomonidan 1846 yilda qo‘llanilgan bo‘lib, u ikki so‘zdan iborat: “folk” (folk) – xalq, “lor” (lore)-bilim, donolik, donishmandlik, ya’ni “xalq bilimi”, “xalq donoligi”, “xalq donishmanligi” demakdir3. “Folklor”- xalqaro termin. Aslini olganda, folklor deganda, xalq tomonidan yaratilgan hamma san’at namunalari tushuniladi. Me’morlik, naqqoshlik, ganchkorlik, zardo‘zlik, musiqa, raqs, og‘zaki adabiyot namunalari – hammasini folklor deb tushunish qabul qilingan. Har bir san’at sohasida ish olib borayotgan mutaxassis o‘zi tanlagan turni “folklor” deb atayveradi. Masalan, musiqachi xalq kuylarini, xoreograf xalq raqslarini, arxitektor xalq me’morchiligini, folklorshunos olim xalq dostonlari, ertaklarini folklor asari deb hisoblaydi. Folklor asarlarida muzika, raqs, teatr san’ati elmentlari qo‘shilib ketadi, shu sababdan folklor sinkretik san’at deyiladi.
O‘zbek folklorshunosligiga “folklor”, “O‘zbek folklori” terminlarini birinchi marta Hodi Zarif kiritgan (1932, 1941). U oliy o‘quv yurtlari uchun tuzilgan birinchi xrestomatiya kitoblarini “O‘zbek folklori” deb atadi (1939, 1941). Ungacha “El adabiyoti”, “O‘zbek og‘zaki adabiyoti”kabi atamalar ishlatilar edi. Bu atamalar ob’ektni aniq ifodalamaganligi tufayli iste’moldan chiqib ketdi va hozirgi kunda “O‘zbek folklori”, “O‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodi” terminilari fanda mustahkam o‘rnashib qoldi. Biz – bu o‘rinda maqol, topishmoq, lof, askiya, latifa, qo‘shiq, ertak, dostonlarni etnomadaniyat namunasi sifatida tahlil qilamiz. “Folklor” atamasini talaffuz qilganimizda xalq og‘zaki ijodini tushunamiz. Folklorshunoslik hozirgi paytda adabiyotshunoslikning tarkibiy qismidir. Badiiy adabiyot xalq og‘zaki ijodidan boshlanadi. Binobarin, adabiyot tarixining birinchi qismini folklor tashkil etadi4.
Mahmud Qoshg‘ariy turkiy folklorni birinchi o‘rgangan. Uning “Devonu lug‘otit turk” asarida bu boradagi ilk tadqiqotlardan desak bo‘ladi.
O‘tgan asrning yigirmanchi yillarda O‘zbekistonda xalq ijodini to‘plash, o‘rganish ishlari jiddiy boshlanib ketdi. Manbalarda keltirilishicha O‘zbek xalq ertaklari, topishmoqlari, matallari, maqollari hamda og‘zaki teatr materiallarini to‘plash va nashr etishda, ayniqsa missioner N.P. Ostroumovning xizmatlari katta bo‘lgan. Sobiq Sho‘ro davrida Turkiston maorif komissariati Davlat ilmiy kengashining o‘zbek milliy bilim hay’atida markazlashtirilgan. Bu hay’atning raisi M.Elbek a’zosi G‘.Yunusov shuningdek teatr-etnografik bilim hayatining raisi G‘ulom Zafariy, muzika-etnografik bilim hay’atining raisi V.A.Uspeniskie kabilar folklorning turli janrlariga oid qiziq materiallar to‘pladilar.
O‘zbek bilim hayatining topshirig‘i bilan Toshkent, Sirdaryo va Samarqand oblastlarida ilmiy komandirovkada bo‘lgan G‘ozi Olim Yunusov 1922 yilning yozida bu yerlarda yashovchi o‘zbeklardan ertaklar, qo‘shiqlar, maqollar, topishmoqlar juda ko‘plab dialektologik va etnografik materiallar to‘plagan hamda Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li va Hamroqul baxshidan o‘zbek eposshunosligi tarixida birinchi marta “Alpomish” dostonning bir qismi yozib olgan.
G‘ulom Zafariy va M.Elbekning (Mashriq Yunusov) Farg‘ona va Toshkent oblastining Bo‘stonliq rayoniga safari ancha samarali bo‘lgan. Ular turli qo‘shiqlar, laparlar, og‘zaki drama asarlarini yozib olishdi, qo‘g‘irchoqboz va qiziqchilar haqida ma’lumotlar to‘plashgan.
O‘zbek bilim hayati to‘plagan materiallarinng bir qismi 1925 yilda “Ashulalar” nomi ostida bosilib chiqqan. Qisqa bir davrda “Alpomish”, “Yodgor”, “Shayboniyxon”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek”, “Rustam”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Yunus pari”, “Misqol pari”, “Gulnor pari”, “Avazxon”, “Hasanxon”, “Dalli”, “Ravshan”, “Orzigul”, “Shirin bilan Shakar”, “Malika ayyor”, “Murodxon”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Chambil qamal”, “Tulak botir”, “Kuntug‘mish”, “Tohir va Zuhra”, “Latifalar”, “Gulyor”, “Askiya” va boshqalar to‘plandi.
Shu davrda M.F.Gavrilov o‘zbek qo‘g‘irchoq teatri xususiyatlari yoritgan hamda “Sarkardalar”, “Kachal palvon” tekstini rus va o‘zbek tiliga nashr qilgan. Muzayina Alaviya “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” to‘plagan (1959), V.M.Jirmunskiy turkiy eposlar “Manas”, “Alpomish”, “Edega”, O‘g‘iz qahramonlik eposi”, “Kitobi dada Qo‘rqud” haqida o‘zini “Tanlangan asarlari”da ma’lumotlar bergan. M.Afzalovning “O‘zbek xalq ertaklari haqida”, K.Imomovning “O‘zbek satrik ertaklari” (1974), G‘.Jahongirovning “O‘zbek bolar folklori” bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirgan, shuningdek, mazkur merosni o‘rganishda T.G‘oziboev, O.Sobirov, Z.Husainova, M.Saidov, J.Qobulniyozov, M.Murodov, B.Sarimsoqov, A.Qahhorov kabi olimlar ham hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, biroq bu sohani chindada xolis har tomonlama chuqur ilmiy tadqiq qilish ishlari mustaqillika erishganimizdan so‘ng amalga oshib bormoqda. Bu borada fikr yuritganda T.Mirzaev, S.Ro‘zimboev, O.Safarov, A.Musaqulov, M.Jo‘raev, U.Jumanazarov, Sh.Turdimov, J.Eshonqul, A.Ergashev kabilarni ilmiy izlanishlari shular jumlasidandir. Qolaversa “Alpomish” eposining 1000 yilligi, “Maqom san’ati” va boshqalarni mamlakatimizda keng nishonlanganligi kabilar fikrimizga dalillardir.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalar nafaqat milliy g‘oya va etnomadaniy qadriyatlar tizimida, balki xalq pedagogikasi rivojida ham muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Bundan tashqari xalq donishmandligini ifodalagan o‘zbek folklori elshunoslik (etnografiya), shevashunoslik (dialektologiya), til va adabiyot tarixi, madaniyatshunoslik, musiqa, adabiyot nazariyasi, tilshunoslik, tarix, arxeologiya kabi yana bir qator fanlar bilan ham uzviy aloqada bo‘lib, ular rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, folklor asarlarida tilga olingan ko‘plab ma’lumotlar arxeologik topilmalar orqali isbotlanmoqda. Xalqimizning uzoq yillik boy tarixi, urf – odatlari, ezgu fazilatlari folklor asarlarida badiiy in’ikosini topganligi vatanimiz tarixini o‘rganishda ahamiyat katta.
Xalq og‘zaki ijodi - so‘z san’ati deganimizda ertakchi, baxshi, qo‘shiqchi, askiyaboz, latifachi ijrochilarning tinglovchilarga bag‘ishlayotgan ma’naviy lazzatini ham unutmaslik lozim. Xalq qo‘shiqlarida aks etgan his-tuyg‘u, ichki kechinmalar, ertaklardagi g‘aroyib voqealar, dostonlardagi go‘zal tasvirlar, eng avvalo, zargarona tanlangan so‘zlardan iboratligi, ikkinchidan, ularning mahorat bilan ijro qilinishi asrlar davomida xalqimizga zavq bag‘ishlagan. Shuning uchun ham mazkur asarlar o‘zbek xalqi ma’naviy xazinasining bebaho qadriyatlari sifatida hamisha e’zozlangan.
Xalq og‘zaki ijodidagi ko‘p janrlarda majoziy fikr yuritishdan keng foydalanilgan. Ayniqsa, maqollarda bu usul yetakchi hisoblanadi. “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga”, “Otning yag‘iri toyga qolar”, “Tuyaga yantoq kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zar” kabi yuzlab maqollar mazmun-mohiyatan ko‘chma ma’no ifodalovchi hikmatlardan iboratdir. Shu bois badiiy asarlar bilan tanishganda, muallif bir fikrni ifodalash bilan qanday maqsadni nazarda tutganini tushunmasak, asarning asl bahosini bera olmaymiz.
Maqolu hikmatlar o‘zining uslubi, til nuqtai nazardan o‘z “matematika”siga ega bo‘lib, xalq dilidagini - tilida ifodalanishi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ular mohiyatan turli soha, kasb-korga qaratilganligi bilan ham anglash mumkinki ularning har biri o‘z yaralish tarixiga ega bo‘lib muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqimizning tabiatga oqilona munosabat uning naqlarda ham o‘z ifodasini topgan: “Suv – oltindan aziz”, “Suv-zar, suvchi-zargar”, “Tomchi suvda tol ko‘karar”, “Suvsiz yerga qush qo‘nmas, o‘tsiz yerga yurt qo‘nmas”, “Suvni ich chashmani bulg‘ama”, “Quduqqa tupurma qaytarib icharing bor”5, “Sof havo-tanga davo”, “Tog‘ havosi-dard davosi” va boshqalar shular jumlasidandir.
Xalqimizning asrlar davomida to‘plagan boy hayotiy tajribasi son-sanoqsiz maqollarda umumlashtirilgan va tipiklashtirilgan. Ularda ota-bobolarimiz bosib o‘tgan yo‘lni, kechirgan turmush sharoitlarini, shodliklari va chekkan azob-uqubatlarini, teran mazmunli pand-nasihatlarini, qadimgi davrlarda, o‘rta asr va undan keyingi asrlarda yashagan ajdodlarimizning urf-odatlarini, an’analari aksini ko‘ramiz, ana shu boy ijod durdonalarini imkoni boricha asrab avaylash har bir ma’naviyatli inson vazifasidir.
Maqollar zamonlar osha sayqallanadi, pishiydi, mazmuni teranlashadi. So‘zimizga isbot tariqasida ayrim hikmat durdonalari to‘plamlariga kiritilgan bir qancha maqollarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Masalan, ayrim asarlar va maqol to‘plamlarida “Hayt” degan – Tuyaga madad” maqolini “Hoy” degan tuyaga madad”, “Chu” degan ham tuyaga madad”, tarzida yoki “Piyozning po‘sti ko‘p, yomonning do‘sti ko‘p” maqolini “Yong‘oqning po‘sti ko‘p, Yomonning do‘sti ko‘p tarzida; “Yov qochsa, botir ko‘payar” maqolini “yov qochsa, dushman ko‘payar” tarzida uchratamiz.
Xalqimiz azal-azaldan bunyodkor, yaratuvchi, mehnatsevar, labzi ila tili, dili bir bo‘lgan vatanparvar xalqdir. Uning qoldirgan hikmatlari kelajakka, abadiylikka, mangulikka daxldordir. Biz ulardan duru javohirlar topib ma’naviy olamimizni boyitmog‘imiz va shu bilan birga ularni kelajak avlodlarga yetkazmog‘imiz ham qarz, ham farz.
Topishmoqlar hajmi va shakliga ko‘ra maqollarga o‘xshaydi. Ba’zan mazmuniga ko‘ra ham yaqinlik seziladi. Ammo yaratilish maqsadi boshqa hisoblanadi. Janrning nomlanishiga e’tibor bering. “Top” so‘zining talaffuz etilishidanoq o‘yla, axtar, solishtir, izla ma’nolari yetakchilik qiladi. Unga “ish” qo‘shimchasi qo‘shilganda, vazifa aniqlashadi: “-moq” harakat nomi qo‘shimchasidan keyin “qo‘lingdan kelsa”, “eplasang”, “uddalay olsang” tushunchalari ifodalanadi. Topishmoqlarning quyidagi janr xususiyatlari bor:
1. Hajm jihatdan qisqa va ixcham.
2. Shaklan she’riy, nasriy ko‘rinishga ega.
3. Yaratilish maqsadida matnda yashiringan narsani topish vazifasi qo‘yiladi.
4. Mazmunida hayvonot, o‘simlik, koinot, maishiy hayotdagi narsalarning xususiyatlari yashirin tarzda ifodalanadi, uni topishga da’vat etiladi.
5. Topilishi lozim bo‘lgan narsa, ko‘pincha, bitta, ba’zan ikki va undan ortiq miqdorga ega bo‘ladi.
6. Topishmoqlarda qo‘llangan asosiy badiiy san’at istiora (metafora) hisoblanadi.
Topishmoqlarda topilishi lozim bo‘lgan narsaning shakli, hajmi, rangi, vazifasi va shu kabi xususiyatlari haqida ma’lumot beriladi, ammo bu belgilar istiora san’atidan foydalanilgan holda boshqa narsa bilan bog‘lanadi. Masalan:
Qopcha,
Qopcha ichida uncha,
Uncha ichida ustuncha.
Topishmoqlardagi savollar tizimi xususiyatlarni sanash tarzda amalga oshirilar ekan, hayratomuz qarama-qarshi mulohazalarga duch kelamiz. Masalan: “Qo‘lsiz, oyoqsiz eshik ochar”, “U yoqqa o‘tdim – bildingmi, Bu yoqqa o‘tdim – bildingmi, Oq quvrayning boshini, chertib o‘tdim – bildingmi?” topishmoqlarida hayron qolishga majbur qiladigan muammolar juda ko‘pga o‘xshaydi.
Mumtoz adabiyotimizda oliy sarkardalarning g‘alabalari, katta qurilishlarning yakunlanishi, oliy martabali odamlar oilasida farzandning tug‘ilishi yoki mashhur olim – allomalarning vafot etishi munosabati bilan shoirlik iqtidori bor adiblar “tarix” yozganlar. Tarixni tashkil etuvchi har bir so‘z tarkibidagi harflar alohida raqamlarni bildirgan. Bunday tizim ilmda abjad deb atalgan. Abjad hisobining asosini arab alifbosi tashkil etgan bo‘lib, alif – 1, bo – 2, jim – 3, dol – 4, ho – 5, vov – 6 raqamlarini ifodalagan. Oxirgi harflar zod – 800, zo – 900 va g‘ayn – 1000 raqamlarini anglatgan. Masalan: Durbek “Yusuf va Zulayho” dostonining yozilgan yilini abjad hisobi bilan quyidagi baytda bergan:
“Zod”(ﺽ) edi tarix taqi “he” (ﺡ) yu “dol”(ﺩ)
Muddati hijratdin o‘tub mohu sol.
Baytda keltirilgan uch harf ifodalagan raqamlar qo‘shilsa (ﺽ - 800 + ﺡ - 8 + ﺩ- 4), 812 chiqadi. Demak, doston hijriy 812 (milodiy 1409) yilda yozilgan ekan.
Shunday qilib, chiston, muammo, tarix janrlaridagi boshqotirgich vaziyati xalq og‘zaki ijodidagi topishmoqlar bilan mushtaraklikni belgilaydi. Topishmoqlarda ham, yozma adabiyotdagi uchta janrda ham insonni o‘ylashga, qiyoslashga, izlashga chorlovchi fazilat namoyon bo‘ladi.
Folklorda etnomadaniy qadriyatlarni namoyon bo‘lishi

Folklor o‘zida etnomadaniy qadriyatlarni chuqur namoyon qilishi orqali inson shaxsini tarbiyalaydi. U kishiga badiiy voqelik orqali inson hayotning mohiyatini ezgulikdan, yaratuvchilikdan, bunyodkorlikdan, tabiatga-jamiyatga va butun bashariyatga faqat yaxshilik qilishdan iborat ekanligini va yovuzlikka, yomonlikka qarshi hamisha kurashda, ogohlikda bo‘lish zarurligi kabilardan saboq beradi. Masalan “Alpomish” dostonida Alpomishning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalangan dushman uni va sheriklarini tuzoqqa tushiradi. Qahramonning bir kun may ichib hushyorligining yo‘qotishi 7 yil zindonda yotishiga sabab bo‘ladi. Yoki dostonda aka-uka Boybo‘ri va Boysarining murosasizligi tufayli o‘n minglab Qo‘ng‘irotliklarning boshiga misilsiz ko‘rgiliklar tushadi. Dostondagi bunday epizodlar orqali ma’lum bo‘ladiki, dono xalqimiz uylamay bosilgan qadam, jilovlanmagan nafs balolarga girftor qilishini, tinchlik, taraqqiyot, farovonlik, avvalo hamjihatlikda, o‘zaro ahllikda, kuch esa birlikda, bilm va tafakkurda ekanligini, yomonlik va yovuzlik jazosiz qolmasligini kabilarni juda mohirlik bilan badiiy tasvirlay bilishgan.


Bu kabilar ajdodlarimizning bugungi til bilan aytganda naqadar iste’dodli pedagog va ruhshunos, estetik, axloqshunos va yuksak ma’naviyat sohiblari bo‘lganligini ham ko‘rsatadi. Ko‘rinadiki, ajdodlar yaratgan folklor namunalari asrlardan-asrlarga, tillardan-tillarga o‘tib necha ming yillik etnomadaniy boqiy, o‘lmas milliy va umuminsoniy qadriyatlarni saqlash, boyitish va kelajakka yetkazishdek muhim funksiyani bajarib kelgan.
Xulosa qilib aytganda etnomadaniy qadriyatlar o‘zida ifodalagan folklor namunalari, avvalo xalqimizning ma’naviy boyligidir. Yoshlar ma’naviy – axloqiy, g‘oyaviy tarbiyasida folklorning uning tizimidagi xalq hikmatlari, maqollari, topishmoqlari, qo‘shiqlari va xalq dostonlari kabilarning o‘rni beqiyosdir.
Ma’lumki xalqimiz o‘z o‘g‘lonlarini mardlik va halollik, jasorat ruhida, el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan asl pahlavonlar etib tarbiyalashda etnomadaniy qadriyatlarni o‘zida keng ifodalagan xalq og‘zaki ijodining noyob durdonalari keng foydalanishgan. Jumladan “Alpomish” dostonidan. “Alpomish” dostoni millatimizning o‘zligini namoyon etadigan, avlodlardan-avlodlarga o‘tib kelgan qahramonlik qo‘shig‘idir6.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz adabiyotni muqaddas va ulug‘ bir dargoh deb biladi. Shu ma’noda adabiyotga e’tibor - ma’naviyatga, kelajakka e’tibordir7.
Folklor namunalarining mazmunan teranligi, falsafiy mushohadaga boyligi, shakllan ranbarangligi o‘ziga xos estetik go‘zalligi, ifodaviy sodda va ravonligi, dilga yaqinligi kabilar uning boshqa tarbiya vositalariga qaraganda ta’sirchanligini, iqtisodiy kam harajatligi va samaradorligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda ma’naviy-madaniy hayotimizda yangilanishlar, o‘zgarishlar, yuksalishlar ro‘y berayotgan pallada hamda erkin fuqarolik jamiyati bunyod bo‘layotgan hozirgi davrda yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda folklor namunalari ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yoshlarimizning erkin tafakkur qilishida, Vatanga, yurtga daxldorlik, mas’uliyat hissini anglashida, qalbida ezgulikni qadru qaror topishida benihoya bebaho ahamiyatga egadir.

Milliy qadriyatlarimizni yuksaltiruvchi omillar tizimida xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini o‘rganishning ilmiy- nazariy zarurati


Milliy qadriyatlarning yuksaltiruvchi omillar tizimida xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini o‘rganishning ilmiy- nazariy zarurati haqida fikr yuritar ekanmiz, avvalo bu borada qilingan ilmiy ishlarni tahlili muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy. Yuqorida keltirganimizdek, bugungacha bu mavzu etnomadaniyat, milliy g‘oya va qadriyatlar kontestida o‘rganilmagan mavzu.


Yondosh soha olimlari filologlar bu borada ancha muncha ish qilishlariga qaramasdan, ularning qilgan ishlari tugal etnomadaniyatning o‘ziga xos rivojlanish muammolarini qamrab olgan degan fikrdan yiroqmiz. Garchand shunday bo‘lsa-da ularda ilgari surilgan bir qator ilmiy nazariy fikrlar mavzumizni yoritishda muayyan asoslarni berishi bilan ahamiyatli.
Etnomadaniyat fanining ilm tadqiqotlar sohasi tarkibida yangi bir yo‘nalish “naqlshunoslik”ka alohida ilmiy nazariy nuqtai nazardan e’tibor qaratish, uni o‘rganish, tadqiq etish o‘ylaymizki milliy ma’naviy takomilimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ma’naviyatni eng muhim asoslaridan birini yoki boshqacha qilib aytganda uning mag‘zini xalq hikmatlar tashkil etadi desak, bizningcha to‘g‘ri bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan ham kelib chiqib mavzuga yondoshadigan bo‘lsak, ma’naviy qadriyatlarni nafaqat kishilarimiz qalbi va ongidan chuqur joy olishida, balki amaliga ham tugal ko‘chishini ta’minlaydigan muhim mexanizim va vosita tomon yo‘l ochgan bo‘lardik ehtimol. Chunki hikmatlar kishi qalbidan chiqqanligi bois, inson qalbiga yetib borishi bir tomondan oson kechsa, boshqa tomondan uning ixchamligi ravonligi, ya’niki shaklliy tuzilishini nafisligi, betakrorligi kishilar yodida saqlanib qolinishida katta ahamiyat kasb etadi.
Biz xalq hikmatlarini chuqurroq o‘rganar ekanmiz, ma’naviy dunyomiz yana bir karra boyib, fikrlash doiramiz kengayib hikmatlardagi teran ma’nolar tobora hayotimiz mazmuniga aylanib boradi. Ulardagi til go‘zalligi, falsafiy mazmun teranligi kishini hayratga solmay qo‘ymaydi. Chunki ming yillar qaridan bizgacha yetib kelgan ajdodlar sadosi hayotiy ma’no mazmuniga ko‘ra qadim o‘tmishda emas, balki, kecha yoki bugun yaratilganga o‘xshaydi. Aslida esa ularning paydo bo‘lishi ko‘p qadimiylik kasb etadi.
Ajdodlarimiz og‘zaki va yozma qalb durdonalarini maqollar bilan ziynatlab uning badiiy qiymatini oshirish mexanizmini yaxshi bilganlar. U bir tomondan ijodkor dilidagi tuyg‘ularni tinglovchiga yoki o‘quvchiga yetkazishning muhim vositasi sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, yana bir tomondan ijodkorning mahoratini, ichki ma’naviy olamini anglashga tomon yo‘l ochib bergan. Xalq maqollari favqulotda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qoladigan, shunchaki ifodai, qofiya yoki bir jamlanmagina emas, balki chuqur falsafiy asosga, mohiyatga ega bo‘lgan bir hayot sabog‘idir. Bu shunday saboqki uzoq kelajak yo‘llarida qoqilmasdan olg‘a intilishga yo‘llovchi donishmand ustozdir.
bo‘lib, asrlar osha jonli so‘zlashuv, nutqiy munosabatlarda badiiy, tarixiy, va ilmiy asarlarda, siyosiy va publisistik adabiyotlardada doimiy ravishda qo‘llanilib kelingan va hozir ham qo‘llanilib kelinmoqda. Xalq hikmatlariga adabiy nuqtayi nazardan qiziqish, asar badiiyligini va badiiy til ravonligini ta’minlash uchun undan foydalanish hamma zamon so‘z san’atkorining diqqat markazida bo‘lgan.
XIX asrning ulkan tilshunos olim, folklorshunos va etnograf Mahmud Qoshg‘ariyning to‘plovchilik faoliyati va uning “Devoni lug‘otit turk” asari bunga yorqin misol bo‘la oladi. “Devon”da turli munosabatlar bilan turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan 400 ga yaqin maqol va matallar ham keltirilgan, ularning aksariyati bugun ham ayrim o‘zgarishlar bilan tilimizda ishlatilib kelinmoqda. Adabiyotimiz tarixida maqollar asosida yaratilgan asarlar ham mavjudligini ta’kidlab o‘tish joiz. Masalan, Muhammad Sharif Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari tarkibida 300 dan ortiq maqol bor. Yoki, Sulaymonqul Rojiy o‘zining “Zarbulmasal” asarida 400 dan ortiq maqolni she’riy vaznga solganligi ham e’tiborga loyiq hodisadir8.
Xalq hikmatlari va maqollarining xalq donishmandchiligi asosida yuzaga kelgan ko‘rinishlari xalq og‘zaki ijod namunalari o‘z davrining qolaversa, hech unitilmaydigan ko‘rinishlari ularning ma’naviyatga, madaniyatga, madaniy qadriyatlarga asoslangan ko‘rinishlari mavjuddir. Hozirgi kunga kelib bu hikmatlarning ma’no mazmuni to‘laligicha saqlanib, ular ustidan bir qancha buyuk allomalarimiz, olimu-fuzalolarimiz bosh qotirib o‘zlarining asarlari, darsliklari, maqola, risolalari va to‘plamlarini tayyorlashib bu mavzu ustidan ilmiy izlanishlar olib borganlar.
Yoshlar ma’naviy – axloqiy, g‘oyaviy tarbiyasida xalq hikmatlarining o‘rni

Bugungi kunda yoshlar har bir jamiyatimizning, xalqning hamda davlatning kelajagini belgilab beruvchi, mamlakatning yuksalib, ravnaq topishida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, madaniy, ma’naviy bir so‘z bilan aytganda, barcha jabhalardagi qudratini namoish etuvchi ertamiz tayanchi sifatida namoyon bo‘layotgan ekan, avvalo, ana shu yoshlarimizni ma’naviy, axloqiy va g‘oyaviy tarbiyalashni davrning o‘zi taqazo qiladi.


Halq hikmatlarida ham ko‘zimizning oqu qorasi bo‘lgan shirindan shakar farzandlarga yosh avlodga yorug‘ kelajak yaratib berish uchun ajdodlar bor salohiyatlarini ishga soladilar faqat bu jarayon kengroq va teranroq bo‘lishi bilan ustunlik qiladi. Xalq hikmatlarida farzand tarbiyasing murakkabligi ta’kidlanib: “Bir bolani katta qilguncha, bir shahar paydo bo‘lar” deya takidlanadi. Chunki bola huddi nam niholga o‘xshaydi, uni qanday o‘stirsang shunday o‘sadi. Yosh avlod avvalo bilim olgandagina yuksak ma’naviyat tomonin intila boradi. Yoshlarni ilmli qilishda fursatni boy bermaslik lozim. Buning sababi: “Yoshlikda bilgani – Toshga yozgani, qarilikda bilgani – muzga yozgani”.
Demak ko‘rinadiki ajdodlarimiz yoshlikda inson xotirasi kuchli bo‘lishini vaqt o‘tgani sayin zaiflashib borishini yaxshi tushinganlar. Yoshlikda olingan bilim va hunar avvalo kelajak kafolati, bu borada hikmatlarda: “Yoshlikda eksang, qarilikda o‘rasan” deb ta’kidlanishi shunga ishora qiladi.
Jamiyatga naf keltiradigan, bilimli, aqilli, o‘z hunari orqali oila ro‘zg‘orini tebratadigan farzand ota-onaning beliga quvvat beruvchi jamiyatni qudratli qiluvchi kuch. Shu sababli hikmatlarda: “Aql ko‘pga yetkazar, hunar – ko‘kka”, “Bilim baxt keltirar”, “Bilim - aql chirog‘i”, “Bilgan o‘zar, bilmagan to‘zar” deyiladi.
Yosh avlod tarbiyasi ko‘p jihatdan uning ko‘cha-ko‘yda, mahallada, o‘quv maskanlarida ortirgan do‘stlariga ham bog‘liq, albatta. Shu bois ota-onalar farzandlarining kimlar bilan do‘st tutinayotganligini bilishlari lozim. Axir aytadilar-ku: “yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, yomon bilan yursang qolarsan uyatga”. Yaxshi va ishonchli do‘st topishda, do‘stlikning ahamiyatini tushuntirishda yosh avlodga har doimgidek xalq hikmatlari ishonchli hamroh hisoblanadi. Masalan, “Do‘st do‘stni kulfatda sinar”, “Do‘st do‘stlikda toblanar” kabi maqollarda chin do‘st boshingga og‘ir kulfat kelganda bilinishi aytilsa, “Arpa bug‘doy bir kuningga yaraydi, sodiq do‘sting o‘lguningcha yaraydi”, “Daraxtni tomiri saqlar odamni – do‘sti” singari maqollarda do‘stning ahamiyati uqtiriladi. Do‘stlikning o‘ziga xos xususiyati shundaki ular bizga achchiq tuyilsada o‘z kamchiliklarimizni, qusurlarimizni, nuqsonlarimizni ko‘rsatib beradilar va shu orqali yetuk inson bo‘lishimizga chorlaydilar. Shu sabab donishmand xalqimiz: “Do‘st otgan tosh bosh yormas” deb takidlaydi. Do‘sti yo‘q odamning esa hayotidan ma’no topolmaydi, o‘z kamchiliklarini ko‘ra bilmaydi va oqibatda qolganlarning boshi tanbehdan ortmaydi. Chunki uning xatolarini ko‘rsatishda, ularni tuzatishda unga hech kim yordamlashmaydi, oqibatda: “Do‘stsiz boshim – Tuzsiz oshim” qabilida yashashga mahkum bo‘ladi9.
Do‘stlikning siri esa avvalo ahillikda. Do‘stlar ahil bo‘lsalargina yuksak marralar zabt etiladi. Ahillik jamiyatimizning eng katta boyligi. Hikmat durdonalarida bekorga: “Boylik boylik emas, ahillik – boylik”.deyilmaydi. Yana boshqa bir maqollarda: “Ahil ishlasang, ish unar, har mushkul oson bo‘lar”, “Baraka – Tejamlikda, yutuq – ahillikda”, “Ko‘mak bo‘lsa har ishga, bitadi qolmay qishga” deyilishi zamirida yotgan g‘oya inoqlik bo‘lgan yerda doim yuksalish, o‘sish kuzatilishini izohlaydi.
Biz xalq hikmatlarini yosh avlod diliga jo qila bilsak kelajak avlodni ma’naviy – axloqiy, g‘oyaviy tarbiyasida ularni yo‘ldan ozdirishga urunuvchi har qanday tahdidga qarshi to‘laqonli imunititet hosil qila bilgan bo‘lamiz. Eng muhimi hech qanday yovuz kuch bunday “oltin avlod”ni o‘z ezgu maqsadidan qaytarishga qodir bo‘lmasdi. Ayni shu sababli bugun biz xalq hikmatlarini yuksak qadrlashimiz davr talabi demakdir.



Yüklə 42,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin