Odamning har qanday faoliyatga moslashishi, organizmning turli funksional tizimlarini o‘z ichiga oladigan murakkab, ko‘p bosqichli jarayon hisoblanadi. Fiziologik jihatdan mushak faoliyatiga adaptatsiya — organizmni yuqori darajada mashq qilinganlikka erishishiga va buning uchun fiziologik sarflarni minimizatsiya qilishga yo‘naltirilgan tizimli javobi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, jismoniy yuklamalarga adaptatsiya bo‘lishni dinamik jarayon sifatida qarash kerak, uning asosida reaksiya qilishning yangi dasturini shakllantirish yotadi.
Moslashuv jarayonining o‘zi, uning dinamikasi va fiziologik mexanizmlari faoliyatning tashqi
va ichki sharoitlarining holati va nisbati bilan belgilanadi. Keyingi vaqtlarda, odamlar faoliyatini turli sharoitlarga adaptatsiya bo‘lish mexanizmlarini tadqiq qilish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, uzoq muddatli adaptatsiya paytidagi fiziologik omillar, albatta quyidagi jarayonlar bilan birga o‘tadi:
1) regulator mexanizmlarning qayta qurilishi;
2) organizmning fiziologik zaxiralarini mobilizatsiya qilish va ishlatish;
3) insonning aniq bir mehnat (sport) faoliyatiga nisbatan adaptatsiyaning maxsus funksional tizimini shakllantirish.
Ishning mazmuniga ko‘ra, ushbu uchta fiziologik reaksiyalar — adaptatsiya jarayonlarining bosh va asosiy tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi, bunday adaptiv qayta qurishlarning biologik qonuniyatlari esa, kishining har qanday faoliyatiga mansub. Fiziologik jarayonlarning amalga oshirilishi mexanizmini quyidagicha tasavvur qilish mumkin. Mustahkam va mukammal adaptatsiyaga erishishda regulatorli moslashuv mexanizmlarni qayta qurish va fiziologik zaxiralarni mobilizatsiya qilish hamda ularni har xil fiziologik darajalarda ketma-ket ishga qo‘shilishi katta rol o‘ynaydi. Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, avvaliga odatdagi fiziologik reaksiyalar va shundan keyingina — organizmning zaxira imkoniyatlarini ishlatish bilan katta energiya sarflarini talab qiladigan, adaptatsiya mexanizmlarining kuchlanish reaksiyalari ishga tushadi.
Bu oxir oqibatda, insonning aniq bir faoliyatini ta’minlaydigan, adaptatsiyaning maxsus funksional tizimini shakllantirishga olib keladi. Sportchilardagi bunday funksional tizim, organizmni jismoniy yuklamalarga moslashish masalalarini yechish uchun zarur bo‘lgan asab markazlarining, gormonal, vegetativ va ijrochi a’zolarning yangitdan shakllantirilgan o‘zaro ta’siri ko‘rinishida bo‘ladi. Adaptatsiyaning funksional tizimini, bu jarayonga organizmning turli morfofunksional strukturalarini jalb qilish bilan shakllantirish, jismoniy mashqlarga uzoq muddat adaptatsiya bo‘lishning prinsipial asosini tashkil qiladi. Funksional tizimni shakllantirishning qonuniyatlarini bilgan holda, turli vositalar yordamida, jismoniy yuklamalarga moslashishini tezlatish va mashq qilganlik darajasini oshirish orqali uning alohida bo‘g‘inlariga samarali ta’sir ko‘rsatish, ya’ni adaptatsion jarayonni boshqarish mumkin.
Sog‘lom organizmda moslashishning o‘zgarishlari ikkita turga ajratiladi:
a) muhit omillarining odatdagi zonalaridagi o‘zgarishlar, bunda funksional tizim odatdagi tarkibda ishlayotgan bo‘ladi;
b) o‘ta kuchli omillarning ta’siri paytidagi o‘zgarishlar, bu tizimga qo‘shimcha elementlar va mexanizmlarning qo‘shilishi, ya’ni adaptatsiyaning maxsus funksional tizimini shakllantirilishi bilan birga o‘tadi.
Mavjud adabiyotlarda, moslashuvchan o‘zgarishlarning har ikkala guruhi ham adaptatsion o‘zgarishlar deb ataladi. A. S. Solodkov (1990), o‘zgarishlarning birinchi guruhini — odatdagi fiziologik reaksiyalar deb atash (chunki, bu o‘zgarishlar organizmdagi ancha katta funksional qayta qurishlar bilan bog‘liq emas va qoidaga binoan, fiziologik me’yordan tashqariga chiqmaydi), ikkinchi guruhini — adaptatsion o‘zgarishlar deb atash (chunki, ular regulatorli mexanizmlarning ancha katta kuchlanishi, fiziologik zaxiralarni ishlatish va adaptatsiyaning funksional tizimini shakllantirilishi bilan farqlanadi) maqsadga muvofiqligini aytgan.