5.Naturaning tana qismlaridagi suyaklarini anatomik tahlil qilib ishlash24
Mavzu: Naturaning tana qismlaridagi suyaklarini anatomik tahlil qilib ishlash Antik bosh rasmi ustida ishlashning butun majmui tasviriy san’atning ustivor tamoyili - umumiylikdan xususiylikka va xususiylikdan yana umumiylikka usuli va uslubiga asoslanadi. Boshqacha qilib aytganda, naturaning butun qismlarini tahlil qilish orqali umumiy shakl obrazini ifoda etish qoidasiga rioya qilish kerak. Bu tamoyil rasm chizish bo‘yicha chiqarilgan hamma o‘quv dasturlarida o‘z aksini topgan va maxsus badiiy maktab, kasb-hunar kollejlari va oliy o'quv yurtlarida yetakchi hisoblanadi.
U barcha talabalarga (ularning davomli rasm chizish tayyorgarligi darajasidan qat’iy nazar) taklif etiladi va bajarish talab qilinadi. Talabalar uni osonroq egallab olishlari va uning mazmunini yaxshiroq tushunib olishlari uchun tasvir ustida ishlashning murakkab majmui alohida - alohida bosqichlarga bo‘lib o‘rgatiladi. Bundan tashqari uslubiy izchillikka rioya qilgan holda tasvirlash talabaga har bir bosqichni alohida tushunib olishga va ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni anglashga imkon yaratadi. Davomli tarzda rasm chizish jarayoni juda murakkab bo‘lib, bunda yetarli ish tajribasiga ega bolmagan talaba ko‘pincha qiynalib qoladi. U, eng avvalo, nimalarga e'tibor berish, o‘z imkoniyatlaridan qanday qilib oqilona foydalanish kerakligini bilmaydi va ishni lozim darajada tashkil qila olmaydi. Bunday talaba odatda, nimani ko’rsa – shundayligicha ko‘chirib qo‘ya qoladi. Tashqi shakl ko’rinishidan diqqat bilan nusxa ko‘chiradi. Kerak-nokerak qismlarni ajratmay, birdek tasvirlayveradi.
Detallarga berilib ketib, ular naturaga juda o‘xshayapti, degan fikrda chizaveradi. Ko‘pchilik talabalar odam boshi rasmini chizar ekanlar, ishda uslubiy ketma-ketlikka rioya qilmaydilar, darhol murakkab vazifalarni bajarishga kirishadilar va tez orada muvaffaqiyatsizlikka uchraydilar. Vaholanki, bosh rasmi ustida ishlashning uslubiy bosqichlari ham o‘ziga xos xususiyatlarga egaki, ularni rasm chizuvchi, albatta, bilishi kerak. O'quv materialini yaxshi o‘zlashtirib olish uchun chizuvchi ushbu ish bosqichida qaysi vazifani amalga oshirishi, tasvir qurishning qaysi jihatlariga alohida e’tibor qaratishi kerakligini bilishi zarur. Talaba naturani kuzatish va tahlil etish hamda rasmni konstruktiv chizish-qurish jarayonida aniq tizimga rioya qilishi kerak.