Mavzu: O`zbekistonda statistikaning tashkil qilinishi
Reja
1. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan davrdan boshlab statistika faoliyatini tashkil etish masalasida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi
2. Respublikaning ehtiyojlaridan kelib chiqib xalqaro registrlarni shakllantirish
3. O’zbekiston Respublikasida korxona va tashkilotlarni yagona davlat hisobiga olishni ta’minlash;
Sobiq Sovet Ittifoqi davrida statistika faoliyati markazdan boshqarilib, barcha metodologik va uslubiy masalalari u erdamujassamlashgan edi. Ittifoqdosh respublikalardagi statistika idoralari (avvalgi Markaziy statistika boshqarmalari, keyinchalik esa Davlat statistika qo’mitalari) faqat statistik ma’lumotlarni respublika miqyosida to’plash, qayta ishlash va olingan ma’lumotlarni markazga etkazib berish bilan shug’ullanar edilar. Masala shu qadar markazlashtirilgan ediki, hatto ittifoqdosh respublikalarda yaratilgan milliy daromad hajmi joylarda emas, balki markazda aniqlanar edi.
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan davrdan boshlab statistika faoliyatini tashkil etish masalasida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Dastavval, statistika va bashorat qilish ishlarini uyg’unlashtirish hamda metodologik-uslubiy masalalarni bozor iqtisodiyoti sharoitlariga moslashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 6 avgustdagi UP-949 sonli Farmoni va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 avgustdagi 367-sonli qaroriga ko’ra Davlat statistika qo’mitasi Taraqqiyot istiqbolini belgilash qo’mitasi bilan birlashtirilib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika («O’zistiqbolstat») Davlat qo’mitasi tashkil qilindi.
Respublikaning ehtiyojlaridan kelib chiqib xalqaro registrlarni shakllantirish tamoyillariga muvofiq korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat registrini (KTYaDR) ishlab chiqish va yuritish maqsadida 1994 yilning 17 noyabrida Vazirlar Mahkamasining 555-sonli «Mulkchilik va xo’jalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat registri to’g’risida» qarori qabul qilindi. Bu qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad:
O’zbekiston Respublikasida korxona va tashkilotlarni yagona davlat hisobiga olishni ta’minlash;
aniq mo’ljalli iqtisodiy ko’rsatkichlar negizida yoppasiga statistik kuzatishni yuritish, shuningdek bir yo’la hamda tanlab o’tkaziladigan tadqiqotlar va ro’yxatga olishlarni tashkil etish;
respublika va hududiy boshqaruv idoralarining axborot almashishda ijtimoiy- iqtisodiy ko’rsatkichlarning bir-biriga to’g’ri kelishini va taqqoslamaligini ta’minlash;
xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning respublika axborot makoni doirasida o’zaro hamkorlik qilishlarida ularni identifikatsiyalashtirishning yagona tamoyillarini ta’minlash;
ishonchli axborot to’plash va ular bilan boshqaruv idoralari va foydalanuvchilarni ta’minlash.
Korxona va tashkilotlar Yagona davlat registrining amaliyotga kiritilishi natijasida quyidagilarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi:
xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni bir yoki bir necha axborot belgilari bo’yicha istalgan jamlikda tanlash va guruhlarga ajratish;
boshqa idoralarning registrlari bilan o’zaro hamkorlik qilish;
KTYaDR ma’lumotlarini qog’ozda, disketda, aloqa vositalari orqali tanlash va berish;
KTYaDR ma’lumotlarini yangilash va dolzarblashtirish;
KTYaDR ma’lumotlarini himoya qilish.
Yuqorida keltirilgan qonuniy asoslar respublikamizning bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayonining birinchi bosqichida statistika ishlarini tashkil qilish va takomillashtirishda tashkil qilishda katta ahamiyat kasb etdi.
Shu davrda respublikamizda xalqaro moliya va statistika institutlarining ekspertlari yordamida xalqaro standartlarga asoslangan inflyatsiya jarayonlarini ifodalovchi iste’mol narxlari indekslari hamda milliy hisoblar tizimiga asoslangan yalpi ichki mahsulot boshqa makroiqtisodiy ko’rsatkichlarni hisoblashga asos solindi. Bozor iqtisodiyotiga o’tishning ikkinchi bosqichida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yo’llari va uslublarini belgilash, iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini ta’minlash, iqtisodiy voqea va hodisalarni hisobga olish, tahliliy va statistik uslublarini rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadida 1997 yilning 11 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining 474 - sonli qaroriga ko’ra Davlat Istiqbolni belgilash va statistika vazirligi tashkil qilindi. Bu davrda respublika axborot tizimining yagona ilmiy uslubiyat asosida faoliyat ko’rsatishi ta’minlandi, milliy hisoblar tizimi va iqtisodiy balanslarni xalqaro me’yorlarga to`g`irlash ishlari davom ettirildi, respublika hududida joylashgan barcha xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tizimini yuritish uchun asos yaratildi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning hozirgi bosqichida, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asosan va to’la mustaqillikni ta’minlash maqsadida 1993-yilda qabul qilingan «Davlat statistikasi to’g’risida»gi qonunga o’zgartirishlar kiritilib, 2002 yilning 12-dekabrida Oliy Majlis tomonidan «Davlat statistikasi to’g’risida» O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi qonuni qabul qilindi.
Qonunning «Davlat statistikasining asosiy vazifalari» nomli 3-moddasida quyidagi vazifalar keltirilgan:
ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar hamda ularning natijalari to’g’risidagi statistika ma’lumotlarini yig’ish, qayta ishlash, to’plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va e’lon qilish;
xalqaro standartlarga mos keluvchi yagona statistika uslubiyatini ta’minlash;
davlat organlari va fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari, yuridik shaxslar, davlat muassasalari va xalqaro tashkilotlarni, shuningdek, jamoatchilikni belgilangan tartibda statistik ma’lumotlar bilan ta’minlash;
statistik ishlarini tashkil etish uchun zarur bo’lgan iqtisodiy-statistika tasniflagichlar tizimini hamda korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish.
Yangi tahrirdagi «Davlat statistikasi to’g’risida»gi qonun 16 ta moddadan iborat bo’lib, unda davlat statistikasining asosiy vazifalari, tamoyillari, davlat statistika organlarining huquqlari, majburiyatlariga qonuniy asos berildi. Unga dunyodagi rivojlangan mamlakatlar qo`llaydigan statistika to’g’risidagi qonunlarning o’rganilishi natijasida zarur bo’lagan qo’shimcha moddalar kiritilgan.
Ko’p yillar davomida statistik ma’lumotlarni shakllantirishda asosiy manba- xo’jalik yurituvchi sub’ektlar taqdim qiladigan hisobot bo’lib kelgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida statistika ishlari uchun davlat byudjetidan ajjratiladigan moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyati yaratilib, bajarilayotgan ish hajmini qisqartirish orqali ortiqcha hisobot turlarini bartaraf qilish bilan hisobot turlarini 10 tadan 3 yoki 4 tagacha qisqartirish imkoniyati tug’iladi va tanlab kuzatish dasturini kengaytirish natijasida keng qamrovli va sifatli statistik ma’lumotlar to’plash mumkin bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 24 dekabrdagi UP-3183- sonli «O’zbekiston Respublikasi Makroiqti-sodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to’g’risida»gi Farmoniga binoan Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tugatilib, uning negizida O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi tashkil qilindi.
2003 yilning 8-yanvarida Vazirlar Mahkamasining 8-sonli «O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida»gi qarori qabul qilinib, unda respublika Davlat statistika qo’mitasi tizimining tuzilmasi, markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasi, qo’mita to’g’risidagi Nizom, maxsus jamg’arma to’g’risidagi Nizom tasdiqlanib, Davlat statistika qo’mitasi huzurida davlat statistikasini rivojlantirish, uning faoliyat ko’rsatishi va uni muvofiqlashtirish muammolari bo’yicha kollegial maslahat organi tashkil etilishi belgilandi.
Dostları ilə paylaş: |