Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yashash joyidagi ijtimoiy ko‘maklashish xizmatlari va maslahat xizmatlari tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi va quyidagi xizmat turlarini o‘z ichiga oladi:
ijtimoiy muhofaza qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish, tegishli tashkilotlarga yuborish;
sog‘lig‘ining holati bo‘yicha muhtoj bo‘lgan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularga homiylikni belgilashda ko‘maklashish hamda homiylarning o‘z vazifalarini bajarishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiyaning texnik vositalarini olishda ko‘maklashish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashaydigan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul yoki imtiyozli dori-darmonlar bilan ta’minlanishda ko‘maklashish.
Yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uyida parvarish qilish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi hamda ular maishiy xizmat ko‘rsatishni, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini, zarur sanoat tovarlarini va dori-darmonlarni sotib olish va uyiga yetkazib berishni, ovqatlar tayyorlashda va uyni yig‘ishtirish-tozalash, gigiyena ishlarida ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.
Kunduzi yoki qisqa vaqt bo‘linadigan muassasalarda (nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarida, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning muloqot va dam olish markazlarida, sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil ravishda harakatlanish va mo‘ljal olish, reabilitatsiyaning texnik vositalaridan foydalanish ko‘nikmalariga o‘rgatish;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy integratsiyalash tadbirlari;
qonunchilikka muvofiq pulli va pulsiz asosda sanatoriyda sog‘lomlashtirish.
Internat muassasalarida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
doimiy parvarish qilishni ta’minlash, maishiy xizmat ko‘rsatish, mebellar, inventarlar, yotoqxona buyumlari bilan jihozlangan qulay uy-joy berish, kiyim va poyabzallar, boshqa kundalik ehtiyoj buyumlari bilan ta’minlash, yoshini va sog‘lig‘ini davolashni hisobga olgan holda oqilona va parhez taomlar bilan ovqatlanishini tashkil etish;
dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish, dispanserizatsiyadan o‘tkazish, zaruriyat bo‘lganda, ixtisoslashtirilgan statsionarlarda davolatish, tibbiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlash;
maxsus psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish, hayotiy ko‘nikmalarini rivojlantirish;
dam olishini, qiziqishlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun klub va to‘garak ishlarini tashkil etish;
shaxslarni internat muassasalaridan chiqarish va ularning mustaqil hayot kechirishi yoki oilada yashashi uchun shart-sharoitlar yaratish.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish uyida xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, o‘zgalarga xavf tug‘diradigan yuqumli hamda ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatilmaydi.
Uyda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlarning faoliyat chegarasi tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan aniqlanadi.
Uyda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar o‘z ishlarini yolg‘iz fuqarolarning xohishlarini inobatga olgan holda tuzilgan va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan jadval (reja) asosida tashkil etadi.
Uyda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim lavozimi ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmatining shtat jadvalida 1 ta lavozim:
qishloq joylarida 6 — 8 nafar yolg‘iz fuqaroga;
shahar joylarida 8 — 10 nafar yolg‘iz fuqaroga xizmat ko‘rsatish hisobida belgilanadi.
Uyda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar maxsus xo‘jalik sumkalari (bir yilga bitta sumka), xalat (bir yilga bitta xalat) hamda xonalarni tozalash uchun inventar bilan ta’minlanadi.
Uyda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlarning lavozim-maoshlari ijtimoiy ta’minot xodimlari uchun o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan mehnatga haq to‘lash tarif setkasiga muvofiq belgilanadi.
Uyda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlarga yo‘l haqi uchun kompensatsiya to‘lovlari qonunchilikda belgilangan miqdorlarda joriy qilinadi.