Mavzu Paleontologiya va stratigrafiya fanining ahamiyati, o’rga-fayllar.org
Mezozoy eratemasi (ERASI) (mezo... va yun. zoe — hayot), mezozoy — fanerozoy eoniniyag oʻrta yirik boʻlinmasi va Yer geologik tarixining shunga muvofiq erasi. Mezozoy eratemasi 230 mln. yil avval boshlangan, 163 mln. yil davom etgan. Mezozoy eratemasini dastlab 1841-yil ingliz geologi J. Fillips ajratgan. 3 sistema (davr)ga boʻlinadi: trias, yura va boʻr. Mezozoy eratemasida hozirgi materiklar oʻz shakliga ega boʻla boshlagan va ehtimol okeanlardagi botiklar ham oʻsha davrda shakllangan. Paleozoy erasi oxirida barcha qad. platformalar dengiz sathidan koʻtarilgan va gersin burmalanishi natijasida vujudga kelgan togʻ sistemalari bilan oʻralgan. Ayrim platformalar tutashgan, quruqlik maydoni beqiyos koʻpaygan. Janubiy yarim sharda qad. Gondvana materigi katta maydonni egallab turgan. Mezozoy boshlanishi bilan Yer poʻstining materik qismlari choʻkib dengiz transgressiyasi kuchaygan. Gondvana materigi Afrika, Janubiy Amerika, Avstraliya, Antarktida materiklariga va Hindiston yarim orol massiviga ajralib ketdi. Yura davridan boshlab qad. platformalarning koʻp qismini dengiz bosdi. Janubiy Yevropa va Jan.-Gʻarbiy Osiyoda chuqur bukilmalar shakllana boshladi. Shunday bukilmalar Tinch okean tubi chekkalaridagi Yer poʻstida ham sodir boʻldi. Bunday jarayon bur davrining oxirigacha davom etdi. Sungra materiklar koʻtarilib, dengiz sathi qisqardi. Mezozoy eratemasida burmalanish, togʻ hosil boʻlishi va magmatizm juda kuchaydi. Trias va yura davri dengiz yotqiziklariga qora gil va gilli slanetslarning qalin qatlamlari xos. Iklimiy zonallik bur davrida hozirgiga yaqin boʻlgan. Mezozoyda iqlim sernamligi ortgan. Moʻʼtadil iqlim mintaqalarida katta maydonni igna bargli oʻrmonlar, paporotnik va boshqa egallagan. Botqokli oʻrmonlarda hosil boʻlgan torfli yotqiziqlardan keyinchalik kumir qatlamlari vujudga kelgan. Trias davrida ayrim joylarda vulkanlar faoliyati bilan bogʻliq tuf va lavaning qalin qatlamlari hosil buldi. Yura davrida kattagina maydonlarni dengiz suvi bosdi. Oʻsimliklar orasida ochiq urugʻlilar hukmron mav-qeni egalladi. Yura va boʻr davrida ulkan reptiliyalar koʻpaydi. Ularning xillari koʻpayib, suv va qurqlik kaltakesaklariga (dinozavrlar va pterozavrlar) boʻlindi. Yurada mayda sut emizuvchilar va dastlabki tishli qushlar paydo boʻldi.
Bur davrining urtalaridan yopiq urugʻli oʻsimliklar hukmron boʻlib, hozirgacha shu mavqeini saklab kelmoqda. Nam sevuvchi oʻsimliklap esa kamaydi. Hasharotlar keng tarqala boshladi. Sut emizuvchilar sudraluvchilarni siqib chiqardi. Mezozoy eratemasi oxirida dinozavrlar yoʻqolib ketdi.
Mezozoy eratemasi davomida dengiz florasi va faunasi ham ancha oʻzgaradi. Plastinkajabrali va qorinoyoqli mollyuskalar rivojlandi. Boshoyoqlilardan ammonitlar va belemnitlar, ignatanlilardan dengiz kirpisi va dengiz liliyasi koʻpaydi. Suyakli baliqlar hukmron mavqeni egalladi. Mezozoy eratemasi adogʻida ulkan dengiz reptiliyalari, ammonitlar, belemnitlar va boshqa yoʻqolib ketdi.
Foydali qazilmalardan Mezozoy eratemasi yotqizikdarida qoʻngʻir koʻmir va toshkoʻmir, neft, choʻkindi temir rudasi, boksit, fosforit, tosh tuzi, oltin, kumush, mis, qoʻrgʻoshin, rux, qalay konlari bor.[1]