2. Davlatchilikni sakllanishi Qadimgi Xett podsholigi (er. avv. XVIII-er. avv. XVI asrlar). Er. avv. XX-XVIII asrlarda Kichik Osiyoda ashshurlik savdogarlar bir necha savdo koloniyalarini barpo qiladilar. Bu savdo koloniyalari orqali xalqaro savdo olib boriladi. Eng avvalo, metallar va yuqori sifatli gazlamalar savdosi amalga oshiriladi. Bu davrda Sharqiy Kichik Osiyoda xett qabilalari boshqa mahalliy tub joy aholini assimilyatsiya qiladilar.
Kichik Osiyodagi Nesa (Kanes), Burusxan, Kussar va Xattusi kabi shaharlarni o`z ichiga olgan siyosiy birlashmalar vujudga kela boshlaydi. Kichik Osiyoning bu siyosiy birlashmalarining ilk birlashuvi er. avv. XVIII asrning birinchi yarmida yuz beradi. Viloyatlarning birini hokimi Anitta Nesa shahrini markaz qilib, Qora dengizdan Kichik Osiyodagi Tuz ko`ligacha bo`lgan hududlarni egallab, bepoyon davlatni barpo qiladi.
Qadimgi Xett davlatida urug`-jamoa qoldiqlari hali kuchli bo`lgan. Xett podsholari o`z hokimiyatlarini xalq kengashlariga tayanib amalga oshirganlar. Qurol ko`tarishga qobiliyatli bo`lgan barcha erkaklar podsho chiqaradigan «pankus» deb ataladigan yig`ilishga muntazam ishtirok etganlar. Zodagonlar davlat boshqaruvida faol qatnashib, o`zlarining kuchli tayanchi bo`lgan zodagonlar kengashi (Tuliya) orqali xalq yig`iniga boshchilik qilganlar. Zodagonlardan tashqari, davlat boshqaruvida podsho oilasi: aka-ukalari va boshqa qarindoshlari muhim rol o`ynaganlar.
Qadimgi Xett an’anasiga ko`ra, podshoning vorisi podsho oilasidan tanlangan. Ko`pincha voris tanlashda podshoning jiyanlari, uning opa-singillarining o`g`illariga imtiyoz berilgan. Odatga ko`ra, davlatni ikki hukmdor: podsho va malika boshqargan. Agar podsho vafot etsa, malika o`z unvonini yangi podsho hukmronligi davrida ham saqlab qolgan. Yangi podshoning rafiqasi malika bo`lish uchun, sobiq podshoning bevasi-malikaning o`limini kutib turgan. Anita vafotidan keyin, er. avv. XVII asr oxirida boshqa Xett urug`i hokimiyat tepasiga keladi. Xett davlati asoschilarining birlashtiruvchi siyosatini istilochi va islohotchi podsho Labarna ( yoki Tabarna, er. vv. 1675-1650 yillar atrofida boshqargan) tugallaydi. U istilochilik yurishlarini davom ettirib, Tavr tog` tizmasining shimoliy qismini egallaydi va Shimoliy Qora dengizga chiqadi. Xett davlati chegaralarini “dengizdan-dengizgacha” kengaytirdi. Uning ichki va tashqi siyosatidan kuchli ta`sirlangan va tan bergan keyingi vorislari Labarna va uning rafiqasi Tavannanna nomlarini o`zlariga unvon sifatida qabul qildilar.
Labarna mavjud Xett an’analariga zid ravishda o`g`li Xattusilini o`z vorisi deb e’lon qiladi. Xattusili I (er. avv. 1650-1625-yillar atrofida) poytaxtni xettlarning sobiq bosh markazi Xattusiga ko`chiradi (Shu voqeadan keyin, davlat rasmiy ravishda “Xatti” zamonaviy fanda “Xett” deb atala boshlanadi).
Uning vorisi Mursili I (er. avv. 1625-1590 yillar atrofida) davrida Xett podsholigida markazlashuv kuchayadi. U Mesopotamiyadan Finikiyaga boradigan yo`ldagi asosiy savdo markazi bo`lgan Shimoliy Suriyadagi Xalpa shahrini bosib oladi. Mursili I er. avv. 1595-yilda uzoq Bobilga yurish qilib, Xammurapi sulolasini tugatadi. Ammo mamlakat ichida keskin vaziyat vujudga keladi. Saroy fitnachilari podsho hokimiyatini kuchayishini istamay, taxt vorisligiga ko`pgina da’vogarlar bo`lishiga imkoniyat beradigan an’analarni saqlab qolishga urinadilar. Oqibatda Mursili I saroy fitnasi qurboni bo`ladi. Xett hukmron tabaqalari ichida o`zaro kelishmovchiliklar boshlanadi.
O`zaro kelishmovchiliklarga Telepin I (er. avv. 1530-1500 yillar atrofida) chek qo`yadi. Uning davrida faqat podshoning o`g`li taxtga chiqish huquqiga ega bo`ladi. Agar podshoning o`g`illari bo`lmasa, uning singlisining o`g`li va eng so`nggida podshoning kuyovlari taxtga davogar bo`lish qoidasi o`rnatiladi. Taxt vorisligining bunday tartibi qat’iy bo`lib, zodagonlar kengashi «pankus»ning taxt vorisligi masalasidagi rolini tugatdi. Ammo qolgan masalalarda «pankus» o`z huquqini saqlab qoladi. Pankusning yuqori pog`onasi bo`lgan «tuliya» hal qiluvchi rol o`ynaydi. Tuliyaning ruxsatisiz podsho uning biror-bir a’zosi bo`lgan zodagonni qatl qila olmas edi. Agarda tuliyaning ruxsati bilan uning biror a’zosiga podsho tomonidan o`lim jazosi berilgan taqdirda ham podsho aybdorning oilasini ta’qib ostiga olish va mol-mulkini musodara qilish huquqidan mahrum edi. Tadqiqotchilar, bu davrni (er. avv. XVIIII- er. avv. XVI asrlar) qadimgi Xett podsholigi davri deb hisoblaydilar.
Telepin va uning o`g`li hukmronligidan so`ng, Xett davlatining tushkunlik davri boshlanadi. Bu davr O`rta Xett podsholigi davri (er. avv. XV asr ) deb nom oladi. Bu davrda Xett podsholigining ahvoli yana og`irlashadi. Bir asr davomida Xett davlati va jamiyati go`yoki tushkunlikni boshdan kechiradi.
3. Yangi Xett podsholigi davrida Buyuk Xett davlati (er. avv. XIV -XII asrlar). Er. avv. XIV asr boshlarida Old Osiyoda Misr, kassitlar Bobili va Mitanni davlatlari zaiflashib, xalqaro munosabatlarda Xett davlatining kuchayishi uchun qulay shart-sharoit tug`iladi. Er. avv. 1450-yillar atrofida kelib chiqishi xurrit bo`lgan omadli amaldor taxtni egallab, yangi Xett sulolasiga asos soladi. Yangi sulola podsholari qadimgi Xett buyuk davlatchiligi g`oyalarini qaytarishga da`vo qilib, harbiy-byurokratik monarxiyani tashkil qiladilar. Podsho ilohiylashtirilgan mutloq hukmdorga aylanadi va o`ziga voris tayinlaydi (Bu voris alohida “Tuxkante” lavozimiga aylanib, bu vazifadagi kishini zarur bo`lganda almashtirish mumkin edi). Endilikda saroy to`ntarishlari isyonga aylanib ketmaydi. Shu vaqtdan boshlab podsho alohida samoviy ilohiylik egasi hisoblanib, “quyoshim” deb ulug`landi.
Xett podsholari ichida eng taniqli diplomat, uzoqni ko`ra oladigan siyosatchi, mohir sarkarda Suppilium I (er. avv. 1380-1335-yillar atrofida) davlatning harbiy qudratini oshiradi. U yengil, tez yuradigan jang aravalari bilan qo`shinni ta’minlaydi. Xett shaharlari, ayniqsa, poytaxt Xattusining mudofaa inshootlari mustahkamlanadi. Suppilium I Sharqiy O`rtayer dengizi qirg`og`i mayda davlatchalarini va Mitanni davlatini o`ziga bo`ysundiradi. Mitanniga tegishli Suriya viloyatlarini va shaharlarini bosib oladi. Suppilium I o`z kuyovini Mitanni taxtiga o`tqazdi. U Suriyada markazi Karxemish va Xalpa bo`lgan xettlarga qaram davlatlarga asos solib, bu davlatlarni hukmdori qilib o`z o`g`illarini tayinlaydi. Bobil vaAxey (Miken Yunonistoni) davlatlari Suppilium bilan do`stlik aloqalarini o`rnatishga majbur bo`ladi.
Uning vorisi Mursili II ( er. avv. 1335-1305 yillar atrofida) otasining davlatini to`la hajmda saqlab qoladi, lekin qaram hududlardagi isyonlar, qo`zg`olonlar va boshqa qudratli davlatlarning mamlakat hududiga tazyiqiga qarshi to`xtovsiz urushlar olib borishga majbur bo`ladi. Mursili II Kichik Osiyodagi Janubiy Frigiya va Lidiya, Milavan (Milet) hokimlarini bo`ysundiradi. U an’anaviy raqib Arsava podsholigiga (Kichik Osiyo) qarshi g`olibona yurish qilib, Egey dengizi qirg`og`igacha chiqadi. Ammo Mursili II podsholigining so`nggi yillarida Misr XIX sulola davrida yanada kuchayadi va Sharqiy O`rtayer dengizi qirg`ogi uchun Xett davlati bilan yana raqobat boshlaydi. Er. avv. 1286 yilda Kades shahri yonida har ikki tomon uchun hal qiluvchi janglardan biri bo`lib o`tadi. Jangda Misr qo`shinlari yengiladi. Shunga qaramasdan Misr fir’avni, iste’dodli sarkarda Ramzes II yana urushga tayyorlanib, xettlarni Falastin, Finikiya va Suriyaning katta qismidan siqib chiqaradi. Oxir-oqibatda Misr va Xett davlati er. avv. 1280 yilda tinchlik shartnomasini imzolaydilar. Shartnoma bo`yicha Suriyaning bir qismi, Shimoliy Finikiya Xett davlati ta’siri ostida qoladi. Har ikki davlat o`rtasida savdo aloqalari kuchayadi. Endilikda Xattusili III kuchayib borayotgan Osuriyaning harbiy tazyiqiga qarshi Bobil bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi, lekin Osuriyani Yuqori Mesopotamiyadan siqib chiqara olmaydi. Xett davlati kuchli qo`shinga ega bo`lgan Osuriya tazyiqini qiyinchilik bilan qaytaradi.
So`nggi Xett podsholari Tutxaliya IV va uning ikki o`g`li davrida axeylar, Bolqondan kelgan frigiyaliklarni Kichik Osiyoning g`arbida hujumini zo`rg`a qaytaradilar. Axeylar tor-mor qilinganidan keyin, Kichik Osiyo g`arbidagi Ilion shahri bosib olinadi. So`nggi Xett podshosi Suppilium II Kipr orolini yana qayta bosib oladi. Er. avv. XII asr oxirida Egey dengizi qirg`oqlari va orollarining etnik jihatdan ola quroq «dengiz xalqlari» Xett davlatini tor-mor qildilar (er. avv. 1190-yillar). Shunday qilib, yangi Xett davlati tarix sahnasidan abadiy tushib ketdi. Markazlari Karxemish va Melida bo`lgan so`nggi Xett podsholiklari qoldiqlari er. avv. VIII asr oxirlarida Osuriya tomonidan tugatildi.
4. Xett davlati harbiy tashkiloti. Xett davlati istilochilik siyosatini muntazam va ko`ngillilardan tashkil topgan, yaxshi qurollangan qo`shinga tayanib amalga oshiradi. Harbiy yurishlar asosan bahorda boshlanib, kech kuzda tugagan. Yurishlar o`rtasida muntazam qo`shinlarning bir qismi maxsus harbiy qarorgohlarda joylashtirilgan. Xettlarning chegara shaharlarida maxsus harbiy garnizollar joylashtirilgan. Qaram davlatlar Xett garnizollarini ozuqa bilan ta`minlashga majbur bo`lganlar.
Qo`shin asosan og`ir qurollangan piyodalar va jang aravalaridan tuzilgan. Harbiy san`at tarixida xettlar qo`shinda yengil jang aravalarini birinchi bo`lib qo`llaganlar. Xett jang aravasida ikki ot qo`shilgan bo`lib, arava haydovchi, nayzali jangchi va uni himoyaqilib turadigan qalqonbardordan iborat bo`lgan. Xettlarning jang aravalarini harbiy jangda qo`llashi podsho Anitaning qadimgi Xett matnida uchraydi. Matnda Anitaning 1400 piyoda askari va 40 jang aravasi bo`lganligi aytiladi. Kades yonidagi jang to`g`risidagi manbalarda Xett podshosi Muvatalli qo`shinlari taxminan 20 ming piyoda askarlar va 2500 jang aravalaridan tashkil topgani to`g`risida ma`lumot beriladi.
Jang aravalari yuqori darajada texnik mohirlik bilan yasalgan bo`lib, juda qimmat turgan. Ularni yasash uchun yog`ochning alohida navlari, teri va metallar talab qilingan. Ko`rinishidan jang aravalarini ishlab chiqarish markazlashgan holda davlatning maxsus ustaxonalarida tashkil qilingan. Ustalar uchun jang aravalarini yasash bo`yicha Xett podsholarining yo`riqnomalari saqlanib qolgan. Jang aravalariga qo`shiladigan otlarni tayyorlashni maxsus usullar bo`lgan. Xettlar shaharlarni bosib olish uchun maxsus qamal qurollaridan foydalanganlar.
5. Xett diplomatiyasi.Xettlarning tashqi siyosatida diplomatiya muhim o`rin tutgan. Ular Kichik Osiyo va Old Osiyoning ko`p davlatlari bilan diplomatik aloqalar o`rnatganlar. Bu aloqalar ko`p hollarda maxsus shartnomalar bilan mustahkamlangan. Xett arxivlarida Old Osiyoning boshqa mamlakatlari arxivlariga qaraganda, bir necha marta ko`p miqdorda diplomatik hujjatlar saqlanib qolgan. Xettlar boshqa mamlakatlar bilan davriy ravishda elchilar orqali maktublar, sovg`a-salomlar almashib turganlar. Davlatlar o`rtasidagi aloqalar sulolaviy nikoh shartnomalari bilan mustahkamlangan.
Podsho devonxonasida xalqaro aloqalarga maxsus muassasa rahbarlik qilgan. Bu yerda elchilar, tarjimonlar, mirzolar ishlagan va shartnomalar matnlari tuzilgan. Shartnomalar odatda ikki tilda: biri xett tili, ikkinchisi akkat tilida tuzilgan. Davlatlararo shartnomalar matnlari podsho oldidagi kengashda muhokama qilingan. Shartnomalarga podsholar muhrlari tushirilgan. Matnlar loy, metall (kumush, jez, temir) taxtachalarga bitilgan. Shartnomalar matnlari yozilgan taxtachalar mamlakatning oliy xudolari haykallari oldida saqlangan. Chunki xudolar shartnomaning bosh guvohlari sifatida kim uni buzsa, jazolash huquqiga ega bo`lganlar.
Xettlarning xalqaro shartnomalarning ko`pchiligida Xett qo`shinlarining harbiy g`alabalari mustahkamlangan. Shu sababli, ularda ko`p hollarda tomonlarning o`zaro munosabatlarning teng huquqda bo`lmagani ko`rinadi. Xett podsholari ko`pincha qaram davlatni o`lpon to`lashga majbur qilganlar. O`lpon to`lovchilar har yili Xett podshosi oldiga kelishga, qaram davlat hududida joylashtirilgan Xett garnizonlariga g`amxo`rlik qilishga, birinchi chaqiriq bilan Xett hukmdoriga qo`shin bilan yordamga kelishga majbur qilinganlar.
Qaram davlat har yili (ba`zida yilida uch marta) shartnomani o`qishlari majbur bo`lgan. Qaram mamlakat hukmdori o`g`illari, nevaralari va evaralari shartnomaga rioya qilishlari shart qilib qo`yilgan. Xett diplomatik amaliyotining o`ziga xos xususiyatlaridan biri xettlarning sulolaviy nikohlariga jiddiy e`tibor berganlaridir. Xett podsholari o`z qizlari va opa-singillarini boshqa podsholarning nikohiga berishga harakat qilganlar. Bu nikohlar har ikki tomonning o`zaro munosabatlarini barqaror bo`lishini ta`minlagan. Xettlar Xett malikalari turmushga chiqqanda albatta bosh rafiqa bo`lishi shartnomada alohida qayt qilingan. Bunday nikohlar vositasida Xett podsholari boshqa davlatlarda o`z ta`sirlarini mustahkamlaganlar. Bundan tashqari, chet davlat taxtining qonuniy vorislari hukmdorni bosh rafiqasining o`g`illari bo`lgan.
6. Yangi Xett podsholigi davrida iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlar. Yangi Xett davrining xo`jalik va ijtimoiy munosabatlarini tavsiflovchi asosiy manba Xett qonunlaridir. Xo`jalikning asosini dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik (metallurgiya va metallardan mehnat qurollari tayyorlash, kulolchilik, quruvchilik ishlari va h.k) tashkil qilgan. Dehqonchilikda sun’iy sug`orish sezilarli bo`lmagan. Sun’iy sug`orish inshootlari cheklangan holatda barpo qilingan. Xo`jalikda savdo ham muhim o`rin tutgan. Yer egaligi podsho yerlari, ibodatxona yerlari, jamoa yerlaridan iborat bo`lgan. Davlat yerlariga egalik qilish va foydalanish natural (saxan)va mehnat (lussi) majburiyatlarini o`tash bilan bog`langan. Saxan va lussidan ibodatxona yerlari ozod qilingan. Podsho xizmatida bo`lgan xususiy kishilarning yerlari, podshodan hadyaga olingan yerlar ham saxan va lussi bilan bog`langan majburiyatlardan ozod qilinishi mumkin bo`lgan. Davlatning diniy markazlari bo`lgan Arinna, Nerika va Siplanda shaharlarining kohinlari, to`quvchilari, xizmatchilari majburiyatlarni o`tashdan ozod qilinganlar.
Hunarmandchilikning rivojlangani to`g`risida ma`lumot beradigan qonunlar va boshqa hujjatlarda temirchi, kulol, duradgor va tikuvchi kasblari tilga olinadi. Mehnat qurollari va harbiy qurol-aslahalar ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo dastlab mis, keyinchalik qalay bo`lgan. Temirdan faqat diniy marosimlar uchun haykalcha va boshqa buyumlar yasashda oz miqdorda foydalanilgan.
Xett davlatida podsho oilasi va podsho bosh kohin sifatida juda katta miqdorda yerga egalik qilgan. Podsho va ibodatxona yerlarida ishlovchilar o`z yerlariga biriktiribqo`yilib, turli soliq va majburiyatlarni o`taganlar. Xett davlati ma’muriyati qarori bilan ekin yerlari ishlovchilar bilan birga o`z foydasiga soliq yig`ish huquqi bilan podsho amaldorlari va ibodatxonalar ixtiyoriga berilganlar. Ayrim ibodatxonalar umumdavlat soliqlaridan ozod qiluvchi immunitet yorliqlarini olgan. Davlat va ibodatxona yerlaridan tashqari, boshqa yerlar xususiy mulk bo`lib, oldi-sotdi qilingan.
Xett jamiyatida barcha aholi ikki guruhga bo`lingan: soliq to`lovlari va boshqa majburiyatlarni o`tovchi (podsho, ibodatxona yoki xususiy shaxs foydasiga) kishilar erkin bo`lmagan mavqega ega bo`lib, kamsitilganlar. To`la ma’noda erkin kishilar deb zodagonlar, amaldorlar, kohinlar va katta yer egalari hisoblanganlar. Xett davlati ma`muriyati tomonidan bosib olgan hududlarni boshqarmagan, balki ulardan faqat xiroj olish bilan cheklagan. Qaram hududlar, davlatlarni o`z mahalliy hokimlari boshqargan. Lekin ular turli to`lov va majburiyatlarni o`tashga majbur bo`lgan.
Shaharlarning aholi yashash markazlari sifatida vujudga kelishi dunyo tarixidagi eng uzoqqa cho`zilgan bo`linishni yuzaga keltirdi: shahar va qishloqning bo`linishi. Daryo bo`yida joylashgan shaharlarda odamlar ixtisoslashgan mehnatga va mahsulot ishlab chiqarishga asoslangan hayot tarziga o`tishdi. Bunga farqli ravishda, qishloq aholisi o`z yerlari bilan qolishdi, dehqonchilik va chorvachilik bilan shugùllanishdi, lekin ular donli va chorva mahsulotlarini shahar markazlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ayirboshladilar. Shu sabab ushbu bo`linish ajralishni yuzaga keltirmadi, chunki ikkala hayot tarsi o`zaro bog`liq edi. Shahar va qishloqning bo`linishiga qaramasdan , ikkala dunyo o`rtasidagi aloqa saqlanib qoldi oilaviy rishtalar, savdo, siyosat, va din orqali. Shaharlashuvning rivojlanishi intellektual siljishlarga zamin yaratdi. Ulkan siljishlardan biri yozuv tizimining kashf etilishi, u odamlarga tovushlar va so`zlarni tasviriy belgilar orqali ifodalash va yozib qoldirish imkonini berdi. So`zlar va fikrlarning ramziy belgilar bilan ifodalanishi misli ko`rilmagan madaniy inqilob bo`lib, odamlarning muloqot darajasi va xotirasini kengaytirdi: ulamolar og`zaki gaplarni, oxir –oqibat esa hattoki daryo havzalaridagi yashash hududlari haqidagi dostonlarni ham yozuvga aylantirish yo`llarini topishdi.
7. Xett madaniyati. Xett jamiyatining o`z madaniy tarqqiyotida Misr va Mesopotamiyaning yuksak madaniyatlari ta’siri yaqqol seziladi. Xett madaniyatida, ayniqsa, xurritlarning ta’siri kuchli bo`lgan.
Xett dini o`ziga xos belgilarga ega bo`lgan. Xettlarning ming ma’bud va ma’budalari to`g`risida manbalarda eslatishlar mavjud. Amalda esa, cheklangan miqdorda ilohlarga sig`inilgan. Poytaxt Xattusining oliy homiysi chaqmoq xudosi bo`lgan. U bilan birga, xurritlarning chaqmoq xudosi Tesubga ham sig`inilgan. Xattusida quyosh, hosildorlik xudosi Telepinga va mahalliy Kilikiya hosil xudosi Sandanga e’tiqod qilingan. Podsho quyoshga o`xshatilib ilohiylashtirilgan. Shu sababli, xettlar o`z podsholarini «quyoshim» deb sig`inganlar.
Xett yozma asarlaridan bizgacha yetib kelgan podsholarning «tarjimai hollari» juda qiziqarli va batafsil bayon qilingan. Ularda yorqin obrazlar, chuqur kechinmalar va o`ziga xos axloqiy qarashlar seziladi. Xett yilnomalarida mamlakat tarixini uch davrga bo`lishga urinish yaqqol ko`zga tashlanadi. Xett arxivlarida boshqa mamlakatlar, masalan, Akkad tarixi to`g`risida ma’lumotlar ham mavjud.
O`rta va Yangi Xett podsholiklari davrida Xett adabiyotida duolar alohida o`rin tutadi. Jahon adabiyotidagi eng birinchi yozilgan tarjimai hol Xattusili III ning tarjimai holi matni hisoblanadi. Qadimgi xett dafn qo`shig`i xett poeziyasining yagona namunasidir.
Xett podsholigining boshqa xalqlar bilan yaqin aloqasining mavjudligidan dalolat beradigan yana bir madaniy yodgorlik-uch tilli shumer-bobil-xett lug`atlarining tuzilishidir. Bizgacha Xett podshosining bosh otboqari Kikkuli ismli kishi tuzgan yilqichilik to`g`risidagi ajoyib qo`llanma yetib kelgan. Qo`llanma qadimgi Xett davlati iqtisodiy hayotida yilqichilik muhim o`rin tutganligidan dalolat beradi. Ushbu qo`llanma dunyo tarixida yilqichilik sohasi bo`yicha ilk yaratilgan asardir.
Xett haykal va rel`eflari vazmin va ulug`vorligi bilan ajralib turadi. Mamlakatda ayniqsa, mudofaa inshootlari, qal’a devorlari qurish yuqori darajada bo`lgan. Xett madaniyati ko`p asrlik Shimoliy Mesopotamiyada va unga yaqin boshqa hududlarda yashagan qabila va xalqlarning madaniyatini o`zida aks ettirgan va boshqa madaniyatlarga ham o`z ta’sirini o`tkazgan. Xett davlati halokatidan keyingi asrlarda ham xettlarning madaniy merosi boshqa qo`shni mamlakatlar madaniyatiga ijobiy ta’sir o`tkazdi.
8. Mitanni. Mitanni (akkad tilida-Xanigalabat) davlatiga (er. avv. 1560-1260-yillarda mavjud bo`lgan) Yuqori Mesopotamiyada xurrit qabilasi mitannilar er. avv. XVI asrda asos soladilar. Mitanni poytaxti Yuqori Xaburdagi Vassokanda joylashgan. Mitanni podsholari hind-oriy sulola ismlarini saqlab qolib, “Mand jangchilari podshosi” va “Xurri jangchilari podshosi” unvonlariga ega bo`lganlar. Hind-oriy ma`budlari Indra, Mitra-Varuna va Nasati hukmron sulolalarning homiy xudolari edi. Bu davlatni ehtimol oriylar asos solganlar.
Er. avv. XVI asr oxirida podsho Suttarni I davrida Mitanni Zagros va Nineviyadan Shimoliy Suriyagacha bo`lgan hududni egallab, ulkan davlatga aylandi. Shu vaqtdan boshlab bir yuz ellik yil davomida Old Osiyoda Mitannidan kuchli bo`lgan qudratli davlat yo`q edi. Bu davrda Mitanni Misr bilan Mesopotamiya va Sharqiy O`rtayer dengizi havzasi uchun uzoq kurash olib bordi. Er. avv. XV asrda xalqaro vaziyat o`zgarib, Misr bilan Mitanni o`rtasida ittifoqchilik munosabatlari o`rnatildi va sulolaviy nikohlar tuzildi. Tutmos IV va Amenemxotep III Mitanni malikalariga uylandilar.
Er. avv. XIV asr boshlarida Mitannidagi sulolaviy nizo, saroy fitnalari davlatni zaiflashtirdi. Xett podshosi Suppilium Mitanniga qarshi urush ochib, Suriyani tortib oladi va Mitanniga bostirib kirdi. Yordamga chaqirilgan Osuriya hukmdori Ashshurballit I mamlakatning sharqiy viloyatlarini anneksiya qildi. Shu vaqtdan Mitanni Shimoliy Mesopotamiyadagi kichik bir davlatchaga aylanib qoldi. Uni ustidan nazorat qilish uchun osur va xettlar o`zaro kurash olib bordilar. Qachonlardir qudratli davlat bo`lgan Mitanni qoldig`lari er. avv. 1260-yilda Osuriya podshosi Salmanasar I tomonidan tugatildi.