Mavzu. Qo’shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish
Mavzu.Qo’shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish.
1.Davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkiloti va qo‘shma turdagi davlat maktabgacha tashkilotini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
2.Ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlarga va qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotlarga bolalarni qabul qilish hamda ulardan chiqarish.
3.Ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotda va qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish.
Reja: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 391-son qaroriga 3-ILOVA Ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlar deb ataladi) va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotlar deb ataladi) maqsadlari va vazifalari, huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligini, shuningdek, ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlar va qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotlar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablariga, ushbu Nizomga hamda o‘z ustaviga amalga qiladi.
3. Ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlarning faoliyati rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’lim olishiga, shuningdek, ularni tarbiyalash va reabilitatsiya qilishga qaratilgan.
Qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotlarning faoliyati rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalar va rivojlanishida nuqsonlari bo‘lmagan bolalarning bir tashkilotda alohida guruhlarda birgalikda o‘qishini va tarbiyalanishini tashkil etishga qaratilgan.
Qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotlarda inklyuziv guruhlar tashkil etilishi mumkin.
4. Ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlar va qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilotlar davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar bo‘lishi mumkin.
5. Ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilot va qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilot akkreditatsiyasi attestatsiya asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkiloti va qo‘shma turdagi maktabgacha tashkilot yuridik shaxslar hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda shtampga, mustaqil balansga, budjet va budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega.