Mavzu Sudlangan mahkum shaxsni psixologik o\'rganish, uning sud -fayllar.org
Jinoyatchi shaxsi va uning o’ziga xos psixologik xususiyatlar. «Jinoyatchi shaxsi» ko’p qirrali tushuncha bo’lib, bir qator fanlarning o’rganish obyekti hisoblanadi. Uni nafaqat psixologlar, balki yuristlar ham predmet obyekti sifatida o’rganadilar. Jinoyatchi shaxs psixologiyasi haqida bir qator psixolog (M.I.Yenikeyev, O.L. Kochetov, Yu.V. Chufarovskiy, Yu.L. Vasilyev va boshq.) olimlar ilmiy adabiyotlarda o’z fikrlarini bildirganlar. Yuridik psixologiyada ham ushbu muammo markaziy o’rinlardan birini egallaydi. Jinoyatchi shaxsi – jinoyatchining asosiy intellektual-ma’naviy xislatlari, ruhiy va jismoniy holatining majmuidir. Jinoyatchi shaxsini o’rganish shaxs sodir etgan qilmishni malakali baholashni, jumladan individual bashorat qilishni ta’minlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jinoyatchi shaxsi to’g’risida har tomonlama va chuqur tasavvurga ega bo’lish uchun tahlil nafaqat jinoyat sodir etilgan vaqtni va uni tekshirish davrini, balki tekshiriluvchining rivojlanishini ham qamrab olish kerak. Bunda jinoyat sodir etilishining yashirin motivlarini ham, psixologik-psixiatrik xususiyatlarini ham baravar inobatga olish lozim. Jinoyatchining shaxsi va jinoyat o’zaro bog’liq bo’lganligi bois, kriminalistik ish doirasida jinoyatchining shaxsi to’g’risida tegishli ma’lumotlarni olish jinoyatni tergov qilish faoliyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Chunki O’zR JK 54-moddasiga binoan, sud jazo tayinlashda jinoyatchi shaxsini boshqa holatlar bilan bir qatorda inobatga olishi lozim. Jinoyatchi shaxsning ichki dunyosini anglash uchun uning hayotda tutgan o’rni, atrof muhitdagi voqyelik, insonlar, jamiyat, davlat, qonun, mehnat va hokazolarga munosabatini bilish lozim. Buni esa uning ehtiyojlari, ma’naviy yo’nalishlari va faoliyatining motivlarini o’rganmasdan turib amalga oshirish mumkin emas. Ya’ni, har qanday jinoiy faoliyat ko’p jihatdan jinoyatchining o’ziga xos individual-psixologik xususiyatlariga bog’liq. Jinoyat-prosessual qonuni isbotlash predmetini belgilashda ayblanuvchining javobgarlik darajasi va xususiyatiga ta’sir etuvchi holatlarni, shuningdek, ayblanuvchi shaxsini ifodalaydigan boshqa holatlarni aniqlashni talab etadi. Shu bois jinoyatchi shaxsining aniqlanishi lozim bo’lgan belgilarini ishlab chiqish yuridik psixologiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi. Jinoyatchi shaxsini psixologik jihatdan o’rganishda uni ijtimoiy muhit bilan o’zaro aloqadorlikda tahlil qilish kerak bo’ladi. Chunki jinoiy xulqni shaxs yoki
muhit emas, balki aynan ularning o’zaro aloqasi yuzaga keltiradi. Ijtimoiy muhitning jinoiy xulqqa ta’siri murakkab xususiyatga ega. Boshqacha aytganda, jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatlari jinoyatning modellashtiriladigan mexanizmi shakllanishiga tashqi ta’sir ko’rsatadi, ayni vaqtda, modellashtiriladigan jinoyatchining psixologik xususiyatlari uning go’yoki ichki mazmunini tashkil etib, uni shakllantiradi. Jinoyatchi shaxsi yuridik psixologiya uchun ham, kriminologiya uchun ham alohida qiziqish uyg’otadi, zero u muayyan tashqi shart-sharoitlarni oddiygina aks ettirib qolmay, balki o’zaro aloqaning faol tomonini tashkil etadi. Binobarin kriminologiyada “jinoyatchi” va “jinoyatchining shaxsi” kabi atamalar kategoriya, ya’ni har biri mustaqil tushuncha sifatida talqin qilinadi. “Jinoyatchi shaxsi” tushunchasi o’ziga xos ravishda jinoyatchining ijtimoiy belgilarini ifodalaydi, ya’ni shaxsning “ijtimoiy qiyofasi”ni ochib berishga xizmat qiladi. Ijtimoiy shart-sharoitlarning g’ayriijtimoiy xulq bilan aloqasi murakkabdir, buning ustiga doimo ijtimoiy shart-sharoitlar jinoyatda muayyan shaxs orqali o’zgargan holda namoyon bo’ladi. Bir qator hollarda ular uzoq vaqt ijtimoiy o’zaro munosabatda bo’lish jarayonida shaxsda nisbatan barqaror iz qoldiradi va ayrim jinoiy harakatlarni emas, balki barqaror g’ayriqonuniy yo’nalishni yuzaga keltiradi. Bu yo’nalish jinoyatchiliklar majmuida ko’rinadi. G’ayriijtimoiy xulqning qonuniy xatti-harakatdan farqi, bizningcha, qadriyatlar, qarashlar va ijtimoiy maqsadlar tizimidan, ya’ni ongning mazmun bilan bog’liq tomonidan kelib chiqadi. Umum e’tirof etishicha, g’ayriijtimoiy xulqning bevosita sabablarini aynan shaxs va ijtimoiy muhitning qadriyatlinormativ tizimlaridan, ularning o’zaro munosabatidan izlash kerak. Yuridik psixologiyaga oid adabiyotlarni tahlil qilish ham jinoyatchi psixologiyasini o’rganish masalalariga katta e’tibor qaratilgani va qaratilayotganidan dalolat beradi. Shunga qaramay, amaliyotning ko’rsatishicha, jinoyatchilarning psixologik xususiyatlari borasida amalga oshirilgan nazariy tadqiqotlar jinoiy faoliyatning manzarasini yetarlicha to’liq aks ettira olmayapti, ya’ni ko’pgina savollar (masalalar) «kadr ortida» qolib ketmoqda. Masalan, jinoyatni sodir etish usulini tanlashda, jinoyatchi ko’p hollarda nafaqat psixologik xusu- siyatlarni, balki ruhiy holatlarni ham hisobga oladi. Ruhiy holat esa, ma’lumki, psixologiyaning predmetini tashkil etadi. Shaxsni psixologik tiplashtirish mazkur hodisani bilish usullaridan biridir, ammo muayyan jinoyatchilarning shaxs-larini o’rganishda olingan ma’lumotlarni tegishlicha nazariy asoslash zarur. Jinoyatchilikni ijtimoiy determinasiyalash mexanizmi shaxsni o’rganishda ikki xil yondashuvni – ijtimoiy-tipologik va ijtimoiy-rolli yondashuvlarni birlashtirishni talab qiladi. Shu ma’noda jinoyatchi shaxsi – individ sodir etgan muayyan turdagi jinoiy qilmishni keltirib chiqargan uning tipologik xislatlari majmui. Jinoyat sodir etgan shaxsni o’rganishda unda ustunlik qiluvchi, uning qadriyatlari, hayot-faoliyatining mazmuni, mayllari va qarashlarini aniqlash zarur. Chunki, jinoyatchilar o’zlarining g’ayriijtimoiy xatti- harakatlarining asl mohiyatini ko’proq yoki kamroq darajada anglagan holda, o’zlarini oqlaydigan motivlar, bahonalar tizimini axtaradilar va jinoiy maqsadlariga erishishlariga xalal beruvchi qadriyatlarni rad etadilar. O’z harakatlarini oqlash maqsadida javobgarlikdan bo’yin tovlash, o’zini ruhiy jihatdan himoyalash aksariyat jinoyatchilarga xos bo’lgan psixologik xususiyatdir. Oldindan rejalashtirilgan va sodir etilgan jinoyatni oqlash turli usullar bilan amalga oshiriladi:
– jinoyat qurbonining aybdorligini bo’rttirib ko’rsatish;
– ijtimoiy va huquqiy normalarni g’ayriijtimoiy guruhlar (banda, o’g’rilar to’dasi)ning qoidalariga qarshi qo’yib qadrsizlantirish;
– javobgarlikni boshqalarning gardaniga qo’yish, yuzaga kelgan vaziyat bilan o’zini oqlash va sh.k.
Ijtimoiy qadriyatlardan begonalashgani bois jinoyatchi ruhiy dekompensasiyalar (ichki ruhiy muvozanat hosil qiluvchi soxta «o’rinbosar»lardan foydalanish) asosida o’zining jinoiy xulqi sabablarini ichki salbiy xislatlarida emas, balki tashqi vaziyatlar, boshqa odamlarning xattiharakatlaridan axtaradi. Jinoyat motivlari jinoyatchining shaxsiy salbiy xislatlari
– g’araz, kek saqlash, rashk, shuhratparastlik, yolg’on qarashlar tizimi (burch, o’rtoqlik kabi xislatlarni noto’g’ri tushunish) orqali shakllanadi.
Jinoyat sodir etgan shaxslarning ehtiyojlari asosan quyidagi xususiyatlarga ega:
– ehtiyojlarning torligi, cheklanganligi, moddiy-utilitar xarakterga ega ekanligi;
– ijtimoiy zarur ehtiyojlarning (mehnat, axloqiy xulqqa bo’lgan ehtiyojlarning) rivojlanmaganligi;
– shakli buzilgan, o’rtacha standartdan va qondirishning qonuniy imkoniyatlaridan ortiq bo’lgan ehtiyojlar;
– buzilgan ehtiyojlar.
Shu ma’noda aksariyat huquqbuzar shaxslarda iste’molchilik gipertrofiyasi mavjuddir.