Mavzu tarbiya fanini o\'qitish tarbiya treninglari asosida faoli
Ta’limning ilmiyligi tamoyili ta’lim mazmunini zamonaviy fan va texnika rivojlanish darajasi, jahon sivilizatsiyasi to‘plagan tajribaga mos kelishini ifodalaydi. Bu tamoyil ta’lim vaqtida va o‘qishdan tashqari vaqtda amalga oshiriladigan ta’lim mazmuni o‘quvchilarni ob’ektiv ilmiy dalillar, hodisalar, qonunlar, zamonaviy yutuqlar va rivojlanish istiqbollarini ochib berishga yaqinlashtirib, u yoki bu sohaning asosiy nazariya yoki konsepsiyalari bilan tanishtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishini talab etadi.
Ta’limning tarbiyalovchilik tamoyili yaxlit pedagogik jarayonda ta’lim va tarbiyaning birligi qonuniyatlariga tayanadi. Bu tamoyil ta’lim jarayonida barkamol rivojlangan shaxsni shakllantirishni ko‘zda tutadi. Ta’lim jarayonida tarbiyalashning samarali kechishi shaxsning intellektual rivojlanishi, birinchi navbatda, o‘quvchilarning qiziqishlari, idrok etish hamda individual qobiliyatlarining hisobga olinishi bilan bog‘liq.
Ta’limning fundamentalligi va amaliy yo‘nalganligi tamoyili umuiy o‘rta ta’lim maktablaridayoq o‘quvchilar chuqur nazariy va amaliy tayyorlikdan o‘tadilar. Mazkur holat an’anaviy didaktikada ta’limning hayot bilan, nazariyaning amaliyot bilan bog‘liqligi kabi ifoda etiladi.
Ta’limning tabiat bilan uyg‘unligi tamoyili. Ya.A.Komenskiy o‘zining tabiatga uyg‘un bo‘lishi g‘oyasini ifoda etib, tabiatda hayot bahordan boshlangani kabi ta’lim olish jarayoni uchun eng qulay davr bolalik ekanligini ta’kidlaydi. Ertalabki soatlar mashg‘ulotlarni bajarish uchun juda qulay hisoblanadi. O‘quvchilarga ularning yosh davrlarini inobatga olgan holda bilimlarning berilishi ushbu bilimlarning ular uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlaydi. Demak, tabiat bilan uyg‘unlik g‘oyasi asta-sekinlik, ketma-ketlik va mustaqil faoliyat kabi ta’lim tamoyilining asosi hisoblanadi.
Ta’limda insonparvarlik tamoyilinibolaning shaxs sifatidagi qadr-qimmati, uning erkinligi hamda baxtli hayot kechirishini ta’minlash, uni rivojlantirishi, ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi, unga hayotda o‘z o‘rnini topishda yordam ko‘rsatishi va hokazolarni nazarda tutadi.
“Insonparvarlik” va “odamiylik” so‘zlari yunoncha humanus “odamiylik” bir so‘zdan kelib chiqqan. Insonparvarlik, odamiylik ma’naviy-axloqiy tushunchalardir. Insonparvarlik g‘oyasi antik davr faylasuflari (Suqrot, Aflotun, Arastu va boshqalar) qarashlarida ilk bor ko‘zga tashlanadi. Markaziy Osiyoda insonparvarlik g‘oyalari Sharq Uyg‘onish davrida keng rivojlandi. Abu Nasr Forobiyning fikricha, bolani eng avval o‘qimishli, saxovatli inson qilib tarbiyalash kerak, zero, salbiy nuqsonlar bolalikdan paydo bo‘ladi. Shu bois oilada tarbiyani yo‘lga qo‘yishda xato qilmaslik zarur.