Ko‘krak umurtqalarining tanasi – corpus vertebrae (tepadan pastga qarab) hajmi jihatidan kattalasha boradi. Ko‘krak umurtqalarining ikki yonboshiga va ko‘ndalang (processus transversus) o‘simtalariga 12 juft qovurg‘aning bo‘g‘im hosil qilib qo‘shilib turishi ularni boshqa umurtqalardan ajratib turadi. Aksariyat qovurg‘alarning boshchalari yonma-yon joylashgan ikkita umurtqa tanalarining yonbosh oralig‘iga o‘rnashgan bo‘ladi. Shuning uchun aksariyat umurtqalarning ikkala tomonida (tepa va pastida) yarimtadan chuqurchasi (foveae costales sureriores et inferiores) bo‘ladi. Bundan birinchi umurtqa mustasno bo‘lib, tanasining yuqori qirrasida birinchi qovurg‘a uchun bitta butun qovurg‘a chuqurchasi (foveae costalis superior), tanasining pastida ikkinchi qovurg‘a uchun yarimta qovurg‘a chuqurchasi (foveae costalis inferior) bo‘ladi. O‘ninchi umurtqada esa (X qovurg‘a uchun) bitta yarim chuqurcha va XI–XII umurtqalarda har birining ikki yonboshida (tegishli qovurg‘alar uchun) bittadan to‘la chuqurcha joylashgan.
Umurtqa tanasi bilan uning ravog‘i o‘rtasida umurtqa teshigi (foramen vertebrale) bor. Yuqori va pastdagi bir juftdan frontal holatda joylashgan bo‘g‘im o‘simtalari (processus atriculares superiores) bilan umurtqalar o‘zaro birlashib turadi. Umurtqa tanasining ikki yonboshidagi ko‘ndalang o‘siqlarining old tomonida bo‘g‘im yuzachalari (fovea costalis processus transversus) joylashadi. Umurtqa ravog‘ining o‘rta qismida o‘tkir qirrali o‘siq (processus spinosus) joylashgan.
Bel umurtqalari(vertebrae lumbales) 5 dona , umurtqalarga gavda og‘irligi tushganligi sababli, uning tanasi (corpus vertebrae) kattalashgan buyrak shakliga o‘xshash bo‘ladi, uning teshigi katta va uchburchak shaklidadir. Ko‘ndalang o‘sig‘i (processus transversus) deyarli frontal vaziyatda bo‘lib, uchi orqaga qarab turadi. O‘tkir qirrali o‘siq (processus spinosus) harakatchan bo‘lganidan to‘ppa-to‘g‘ri orqaga qarab turadi. Tepa bo‘g‘im o‘siqlari (processus articularis superior)ning bo‘g‘im yuzalari (facies articularis superior) medial tomonga, pastki bo‘g‘im o‘siqlari (processus articularis inferior) yuzalari (facies articularis inferior) tashqariga qaragan bo‘ladi. Tepa bo‘g‘im o‘sig‘ining orqasida kichkina so‘rg‘ichsimon do‘mboq (processus mamillaris) joylashgan.
Dumg‘aza umurtqalari(vertebrae sacrales) 5 dona bo‘lib, 17–25 yoshlarda o‘zaro qo‘shilib, bitta butun dumg‘aza suyagi (os sacrum)ni vujudga keltiradi. Bu ham odamning vertikal holatga o‘tishi bilan gavda og‘irligining dumg‘aza umurtqalariga tushishi natijasida hosil bo‘lgan. Dumg‘aza suyagi uchburchak shaklida bo‘lib, serbar qismi tubi (asosi – basis ossis sacri) bor. Uning ikki yonboshida esa tepa bo‘g‘im o‘sig‘i (processus articularis superior), pastga va oldinga qaragan uchi (apex ossis sacri) bor. Dumg‘aza suyagi tubi bilan beshinchi bel umurtqasining tanasiga birlashadi. Dumg‘aza suyagining oldingi chanoq yuzasi (facies pelvina) tekis va yoysimon bukilgan bo‘lib, to‘rtta oldingi teshiklar (foramina sacralia pelvina) va ko‘ndalang joylashgan chiziq (lineae transversae) lar ko‘rinib turadi.
Dumg‘azaning orqa yuzasi g‘adir-budur bo‘rtib chiqqan bo‘lib, u umurtqa o‘siqlarining o‘zaro suyaklanib ketishidan 5 ta qirra va dumg‘azaning orqa to‘rtta teshiklari (foramina sacralia dorsalia) ni hosil qiladi. Jumladan, o‘tkir qirrali o‘siqlarning birlashishidan dumg‘azaning o‘rta qirrasi (crista sacralis mediana), bo‘g‘im o‘siqlarining birlashishidan oraliq qirrasi (crista sacralis intermediana – orqa teshiklarning tashqi tomonida joylashgan) ko‘rinadi. Nihoyat, umurtqalarning ko‘ndalang o‘siq qoldiqlari yig‘indisidan dumg‘aza suyagi orqa yuzasining eng chetida joylashgan lateral qirra (crista sacralis lateralis) lari ko‘rinadi. Qirralardan tashqariroqda muskullar yopishadigan dumg‘aza g‘adir-buduri (tuberositas sacralis) joylashgan. O‘siqlarning qovurg‘a qoldiqlari bilan o‘zaro qo‘shilib ketishidan paydo bo‘lgan dumg‘aza tubining yon qismi (partes lateralis) quloqsimon yuza (facies auricularis) bo‘lib, chanoq suyagining ana shunday yuzasi bilan bo‘g‘im hosil qilib qo‘shilib turadi (Chanoq suyaklarining birlashuviga qaralsin). Dumg‘aza umurtqalari teshiklari o‘zaro qo‘shilib dumg‘aza kanali (canalis sacralis)ni hosil qiladi. Dumg‘aza kanalining pastki teshigi (hiatus sacralis) ikkala tomonidan chiqib turadigan o‘siqchalar (cornu sacrale) ni hosil qiladi. Ayollarning dumg‘aza suyagi kengroq, kaltaroq va kamroq bukilgan bo‘lishi bilan erkaklar dumg‘azasidan ajralib turadi.
Dum umurtqalari(vertebrae coccygeae) 4–5 dona bo‘lib, odamda qoldiq (rudiment) umurtqalardan iborat. Bular o‘rta yashar odamlarda suyaklanib, dum suyagi (os coccygis)ni vujudga keltiradi. Birinchi dum umurtqasida tanasidan tashqari, uning ikki yonboshida bir juft shoxchasi (cornu coccygeum) ko‘rinadi.