Hozirgi kunda davlat sektori va xususiy sektorning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati bozor iqtisodiyotining ajralmas sharti bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlat va biznesning bunday o‘zaro hamkorligining shakllari va uslublari bozor munosabatlari sharoitining yetilganlik darajasiga va uning milliy xususiyatlariga bog‘liqdir. Qayd etish lozimki, bunda davlat hech qachon umummilliy manfaatlar bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy mas’uliyatli funksiyalarini bajarishdan ozod bo‘lmaydi. O‘z navbatida biznes ham jamiyat boyligining yaratilishi va iqtisodiyot rivojlanishining manbasi va asosi bo‘lib qolaveradi. So‘ngi o‘n yillikda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotida davlat va xususiy sektorning o‘zaro hamkorlik faoliyati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. So‘z ilmiy adabiyotlarda “Davlat va xususiy sektor hamkorligi” (ingl. PPP – public-private partnership) deb ataluvchi davlat va biznesning o‘zaro hamkorlik munosabatlari to‘g‘risida bormoqda.
Bugungi kunda davlat va xususiy sektor hamkorligining dolzarbligi, ahamiyati, modellari, shakllari va mexanizmlari bir qator olimlarning olib borgan tadqiqotlarida namoyon bo‘lmoqda. Olimlardan V.G. Varnavskiy, Yu.V. Zvorыkina, M.N. Afanasyeva, V.V. Maksimov, S.Yu. Glazьyev, M.A. Deryabina, V.V. Yevenko, V.Yu. Soldatenko, O.N. Xomyachenko, M.V. Vilisov, Gʻ.A. Samatov, M.B. Xamidulin, R.I. Yaushev, T.U. Qodirov, M.N. Ravshanov va boshqalarning ilmiy ishlarida bu borada atroflicha tadqiqotlar olib borilgan. Ularning ayrimlarini “davlat va xususiy sektor hamkorligi” atamasiga bergan ta’riflari, ushbu mavzu yuzasidan yondashuvlar to‘g‘risidagi qarashlarni quyidagicha ifodalash mumkin.
1. V.G. Varnavskiy. Iqtisodiyot va jamiyatning konsessiyalardan foydalanish uchun institusional jihatdan tayyorgarligi sust. Umuman va alohida olingan tarmoqlarda xo‘jalikning konsession mexanizmiga o‘tish strategiyasi konsepsiyasi mavjud emas, konsession tashkilotlar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish vositalari aniq emas, konsessiya muammosining majmuaviy, ilmiy asoslangan va aniq hisob-kitoblarga tayanilgan tadqiqotlarning ozligi sezilmoqda.
Bundan tashqari, konsession loyihalarning iqtisodiy va byudjet samaradorligi muammolari uslubiy qayta ishlanishga kam eьtibor berilmoqda. Tadqiqotda asosan konsessiyalarning iqtisodiy nazariyasi va xo‘jalik amaliyotining majmuaviy tahliliga e’tibor qaratilgan. Tabiiyki, bunda davlat va xususiy sektor hamkorligining zamonaviy nazariyasida konsession siyosatning nazariy asoslarini qayta ishlashga keng o‘rin berilgan. Mazkur masala yechimining zarurligi shu bilan asoslaniladi-ki, ijtimoiy hamkorlik, davlat tomonidan tartibga solish, aralash iqtisodiyot kabi masalalar bo‘yicha ilmiy ishlar sonining ko‘pligiga qaramasdan, konsessiya va unda yuzaga keluvchi davlat va xususiy sektorning xo‘jalik munosabatlari muammosi uzoq vaqt davomida tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari soyasida qolib ketgan hamda mustaqil ravishda o‘rganilmagan.
Tadqiqotdagi nazariy tahlil umumiylikdan xususiylikka qarab amalga oshirilgan: konsessiya davlat va xususiy sektor hamkorligidan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqiladi va u o‘z navbatida aralash iqtisodiyot nazariyasining asosiy elementlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Bunday yondashuv zamonaviy aralash iqtisodiyot aloqalarining murakkablashuvi va liberalizasiya jarayonlaridagi konsession munosabatlarining muhimligi haqidagi nazariy farazni tasdiqlash imkonini beradi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ilmiy adabiyotlarda hali konsession faoliyatning iqtisodiy muammolariga, ayniqsa, tabiiy monopoliya va infratuzilma tarmoqlarida yetarlicha e’tibor berilmayapti.
V.G. Varnavskiy “Davlat va xususiy sektor hamkorligi” atamasiga quyidagicha ta’rif bergan: “Konsessiya – bu nafaqat hamkorlikning shakllaridan biri, balki konsession jarayon tomonlari –davlat va biznes –o‘rtasidagi jamiyat manfaatlarini ifoda etuvchi munosabatlardir”.
2. V.V. Maksimov. Transport va uning infratuzilmasi rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda hamkorlarning manfaatlari balansini ta’minlash va uni tartibga solib turish mexanizmiga doir nazariy va uslubiy ishlanmalarning yetarli emasligi seziladi. Buning uchun quyidagi masalalarni hal etish lozim:
- transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishda davlat va xususiy sektor hamkorligi mexanizmi mazmuniga aniqlik kiritish;
- davlat va xususiy biznesning rasional ulushda ishtirokini aniqlash maqsadida transport sohasidagi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning xorijiy tajribalarning xususiyatlarini aniqlashtirish;
- konsession tanlovlar ishtirokchilarining takliflarini mavjud baholash uslublarining samaradorligini baholash va muqobil variantlarni ishlab chiqish;
- davlat va xususiy sektor hamkorligi asosidagi investision loyihalarni amalga oshirishda davlat investisiyalarining samaradorligini baholash ko‘rsatkichini taklif qilish, uni hisoblash tartibini shakllantirish va qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Transport infratuzilmasi tarmoqlarida davlat va xususiy sektor hamkorligining nazariy asoslari va amaliy mexanizmini takomillashtirish ham ilmiy, ham amaliy nuqtai nazardan dolzarb masaladir.
Xususiy kapitalni, samarali menejment va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun davlat shunday iktisodiy va tashkiliy-huquqiy mexanizm shakllantirishi kerak-ki, mexanizm xususiy investorlar manfaatlarini va transport loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshishining kafolatini oshirish xamda ishlab chiqarish risklari (xavf – xatar) va xarajatlarini kamaytirish imkonini beruvchi, konsyession tanlovlar ishtirokchilari takliflarini baholashning samarali mezonlar tizimiga asoslangan tanlovning adolatli jarayonini taьminlashi kerak.
V.V. Maksimov “Davlat va xususiy sektor hamkorligi” atamasiga ta’rif berishda quyidagicha yondashgan: “Davlat va xususiy sektor hamkorligi – bu ko‘p qirrali muammo bo‘lib, u o‘z ichiga davlat va xususiy investorlarning roli va funksiyalarini aniq belgilashni, tomonlar o‘zaro harakatlarining xusuiyatlari va tamoyillarini, hamkorlik jarayonlarini uning amalga oshish davrining barcha bosqichlarida institusional ravishda tartibga solib turishni qamrab oladi”.
3. V.V. Yevenko. Davlat va xususiy sektor hamkorligidan foydalanish mexaizmini u qo‘llanilmayotgan sohalarda ishlab chiqish hamda ushbu loyihalarni amlga oshirish jarayonlarini tezlashtirish zarur. Bundan tashqari, davlat va xususiy sektor o‘rtasilagi vakolatlarning taqsimlanishi va shu kabi masalalarini hal qilish darkor bo‘ladi.
Davlat va xususiy sektor hamkorligi – bu oddiygina resurslarning yig‘indisi emas. davlat va xususiy sektor hamkorligida tomonlar turli xil motivasiyalarga ega bo‘ladi. Tomonlarning har biri o‘z maqsadlariga ega bo‘ladi va o‘zlarining konkret masalalarini hal qiladi. Davlat sektori xalqqa ko‘rsatiladigan infratuzilma va ijtimoiy tarmoqlar xizmatlarining hajmi va sifati oshishidan manfaatdor. Xususiy sektor esa muntazam ravishda foyda olish va uni ko‘paytirib borishga harakat qiladi. Bunda ikkala tomon ham loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishidan manfaatdor bo‘ladi.
V.V. Yevenko “Davlat va xususiy sektor hamkorligi” atamasiga mana shunday ta’rif bergan: “Davlat va xususiy sektor hamkorligi – bu butun mamlakat yoki alohida olingan hududlar miqyosidagi, iqtisodiyotning strategik muhim tarmoqlaridan tortib to jamiyat xizmatlari ob’yektlarining rivojlanishigacha bo‘lgan keng ko‘lamli faoliyat sohalaridagi jamiyat uchun ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish maqsadidagi jamiyat hokimiyati va xususiy biznes o‘rtasidagi institusional va tashkiliy alyansdir”.
4. O.N. Xomyachenko. Shahar xo‘jaligi sohasida tijorat konsessiyalarini qo‘llashning me’yoriy-huquqiy bazasini rivojlantirish masalalari. Shahar iqtisodiyotining zamonaviy holati va shahar byudjetining defisiti shaharning ijtimoiy va infratuzilmaviy ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha faol investision faoliyatni amalga oshirish imkonini bermaydi. Bunday sharoitlarda davlat va xususiy sektor hamkorligi doirasida konsession sxemalar orqali byudjetdan tashqari investisiyalarni jalb qilish shahar boshqaruv organlari hal qilishi lozim bo‘lgan dolzarb masala hisoblanadi.
O.N. Xomyachenko bu borada quyidagi ta’rifdan foydalangan: “Konsessiyalar – bu favqulodda egiluvchan universal vositadir”. [5]
5. M.V. Vilisov. Davlat va xususiy sektor hamkorligi boshqaruv jarayonlari nuqtai nazaridan yondashganda muayyan loyihada quyidagi bosqichlarga muvofiq o‘rnatilishi lozim:
Mexanizmning amalga oshirilishi siyosiy va huquqiy qarorlar qabul qilinishini talab etadi.
M.V. Vilisov esa “Davlat va xususiy sektor hamkorligi” atamasiga huquqiy jihatdan ta’rif bergan: “Davlat va xususiy sektor hamkorligi –davlatning boshqaruv maqsadlariga erishishiga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish doirasida davlat va biznesning teng huquqliligini ta’minlovchi va manfaatlarini muvofiqlashtiruvchi huquqiy mexanizmdir”. [6]
Jahon banki esa “Davlat va xususiy sektor hamkorligi”ni “ishlab chiqarish, shuningdek zarur bo‘lgan infratuzilma xizmatlarini ko‘rsatish masalasidagi qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilish va eng muhimi, davlat investisiyalarining samaradorligi oshirish imkoniyati” sifatida ta’rif beradi. [7]
Yevropa Ittifoqining Yevropa parlamentining "Davlat-xususiy sheriklik va davlat shartnomalari hamda konsessiyalar” to‘g‘risidagi Qonuniga ko‘ra, davlat va xususiy sektor hamkorligi davlat organlari va biznes o‘rtasidagi asosiy maqsadi moliyalashtirish, qurilish, rekonstruksiya qilish, boshqarishni ta’minlash va infratuzilma ob’yektini saqlash yoki xizmat ko‘rsatish bo‘lgan hamkorlik shakli sifatida tavsiflanadi. [8]
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi 2019 yil 12 iyundagi Qonunida berilgan ta’rifga muvofiq, “Davlat-xususiy sheriklik — davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi”dir.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, butun dunyoda davom etayotgan jahon moliyaviy – iktisodiy inqirozi davlat va xususiy sektor hamkorligi mexanizmining muhimligini kamaytirmaydi, aksincha, uni transport va iqtisodiyotning boshqa infratuzilmaviy tarmoqlarida keng qo‘llash mumkinligini anglatadi.