O’qituvchining o’rni va unga qo’yiladigan talablar. Komenskiy o’z
davrida iste’dodsiz, ma’lumotsiz o’qituvchilarni qattiq tanqid etdi. O’qituvchilikni «er
yuzidagi har qanday kasbdan ko’ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb» deb
hisobladi. Bu o’qituvchiga nisbatan yangi ilg’or qarash edi, chunki o’sha davrda
o’qituvchilik kasbiga hurmat bilan qaralmas edi. Komenskiy aholining o’qituvchiga
hurmat bilan qarashini talab etishi bilan o’qituvchining o’zi jamiyatda muhim vazifani
bajarayotganini tushunib olishi va o’z qadr-qimmatini yaxshi bilib olishi lozimligini
uqtiradi. O’qituvchi sof vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli bo’lishi, o’z ishini sevishi,
o’quvchilarga otalardek muomala qilishi, ularda bilimga havas tug’dirishi lozim.
«O’zi» namuna ko’rsatib, o’quvchilarni o’ziga ergashtirishi o’qituvchining birinchi
vazifasidir, degan edi.
Shunday qilib, taniqli slavyan pedagogi YAn Amos Komenskiy butun
dunyoda pedagogika ilmiga asos solib, maktab taraqqiyotiga, pedagogik ilmiga katta
ta’sir ko’rsatdi. Uni ko’p G’arbiy Yevropa mamlakatlari maktab ishini yaxshilash
maqsadida taklif etdilar. Uning darsliklari ko’p tillarga, jumladan o’zbek tiliga ham
tarjima etildi. 150 yildan ortiq vaqt davomida uning yozgan asarlari boshlang’ich
ta’lim uchun darslik sifatida xizmat qildi. Mashhur nemis olimi Leybnis qayd qilib
o’tganidek, falsafani taraqqiy ettirishda Kopernik qanday rol’ o’ynagan bo’lsa,
pedagogikani taraqqiy ettirishda Komenskiy ham shunday rol’ o’ynadi.
Komenskiyning pedagogikasi ilmiy pedagogik bo’lib, jahon madaniyatiga
qo’shilgan katta hissadir. Uning qarashlari hozirgacha o’z ahamiyatini yo’qotgani
yo’q.
Dostları ilə paylaş: |