Yalpi ichki mahsulot va yalpi qo’shilgan qiymat bir narsami? Keyns nazariyasiga ko’ra, qiymat shakllanishining asosiy manbalari bo’lib quyidagilar hisoblanadi: er, mehnat, kapital va tadbirkorlik faoliyati. Ushbu ishlab chiqarish omillaridan birgalikda foydalanish natijasida mahsulot yaratiladi (natura va pul shakllarida). Er egasi ishlab chiqarish jarayonining oxirida (yoki boshida) renta, yollanma xodim – mehnat haqi, tadbirkor esa – foyda (individual mehnat bilan shug’ullanuvchi shaxslar – aralash daromad) ko’rinishida daromad oladilar.
Mahsulot qiymatida kapitalning qatnashuvi amartizatsiya ko’rinishida hisobga olinadi. Ushbu qayd qilingan daromadlar yig’indisi bitta korxona miqyosida qo’shilgan qiymat, mamlakat miqyosida esa (iqtisodiyot bo’yicha) yalpi qo’shilgan qiymat (YAQQ) deb yuritiladi. YAQQ YAIMga to’la xarakteristika berishi uchun qo’shimcha hisob-kitoblarni amalga oshirish talab qilinadi, ya’ni unga (YAQQga) mahsulotlarga bilvosita soliqlarni qo’shib, korxonalarga beriladigan subsidiyalar ayirilish lozim. MHTning ishlab chiqarish scheti sxemasiga ko’ra YAQQ hajmini hisoblash uchun yalpi ishlab chiqarishdan (YAIM)oraliq iste’moli ayiriladi.
YAIM tarkibiga noishlab chiqarish bitimlari kiritilmaydi. Noishlab chiqarish bitimlari asosan sof moliyaviy bitimlar va oldingi davrlarda ishlab chiqarilgan tovarlarni qayta sotuvlardan iborat bo’ladi.
Sof moliyaviy bitimlarga davlat byudjetidan transfert to’lovlari, xususiy transfert to’lovlari va qimmatbaho qog’ozlar oldi-sotdilari kiradi.
Davlat byudjetidan sof transfert to’lovlariga ijtimoiy sug’urta bo’yicha to’lovlar, ishsizlarga nafaqalar, pensiyalarni kiritish mumkin.
Xususif transfertlarga talabalarning o’z uylaridan har oyda oladigan subsidiyalari (ota-onasi yoki boshqa qarindoshlardan oladigan), boy qarindoshlaridan bir marotaba oladigan sovg’alar va h.k.lar kiradi.
Qimmatli qog’ozlar bo’yicha oldi-sotdi bitimlari pul aktivlari bilan almashuvni ifodalagani uchun joriy ishlab chiqarish hajmini bevosita ko’payishiga olib kelmaydi.
YAIM tarkibiga oldingi davrlarda ishlab chiqarilgan tovarlarni sotishning kiritilmasligiga asos bo’lib, ushbu mahsulotlarning o’sha – ishlab chiqarilgan vaqtda hisobga olinganligi hisoblanadi, aks xolda bu takroriy hisobga olib keladi.