Ishchi kuchi resurslari. Korxona xarajatlarining asosiy qismi ishchi va xizmatchilarga ish haqi to‘lash uchun ketadigan xarajatlar hisoblanadi. Boshqa sharoitlar o‘zgarmay qolganda, ish haqining o‘zgarishi mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Mavjud ishchi kuchi resurslarining ko‘payishi ish haqining pasayishiga, ularning kamayishi esa ish haqining oshishiga olib keladi.
Kapital. Agar jamiyat asosiy kapital zahirasini o‘stirib borsa, yalpi taklif o‘sish tamoyiliga ega bo‘ladi. Masalan, agar jamiyat o‘z daromadining asosiy qismini tejab, uni investitsion tovarlar sotib olishga yo‘naltirsa, yalpi taklif o‘sadi. Xuddi shunday asosiy kapital sifati yaxshilanganda ishlab chiqarish xarajatlari kamayadi va yalpi taklif ko‘payadi. Korxona o‘zining eski, sifati past bo‘lgan qurilmalarini yangi va ancha takomillashgan qurilmalar bilan almashtirishi bunga misol bo‘la oladi. Agar mamlakat asosiy kapitalining miqdori kamaysa va sifati yomonlashsa, yalpi taklif qisqaradi.
Tadbirkorlik qobiliyati. Vaqt o‘tishi bilan mamlakatda tadbirkor kishilar soni ko‘payadi va bu yalpi taklifga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, keyingi vaqtda respublikamizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga asosiy e’tiborning qaratilishi bunday faoliyat bilan shug‘ullanishga harakat qiluvchi kishilar sonining ko‘payishiga olib kelishi muqarrar va bu o‘z navbatida yalpi taklifni oshiradi.
Import resurslar narxlari. CHet ellardan resurslar importi milliy iqtisodiyotda yalpi taklifning ko‘payishiga olib keladi. Import resurslariga narxlarning pasayishi milliy iqtisodiyotda yalpi taklifni oshiradi, narxning oshishi esa yalpi taklifni kamaytiradi. Keyingi davrda import resurslarga narxning o‘zgarishiga olib kelayotgan asosiy omillardan biri - valyuta kurslarining o‘zgarib turishi hisoblanadi. Bu qanday ro‘y berishini tushunib olish uchun chet el valyutalarining so‘mga nisbatan narxi tushdi, ya’ni so‘mning qiymati ko‘tarildi, deb faraz qilamiz. Bunda korxonalarga har bir so‘m uchun ko‘proq chet el valyutalari olish imkoniyati vujudga keladi va bu milliy ishlab chiqaruvchilar uchun chet el resurslarining so‘mda ifodalangan narxi tushganligini bildiradi. Bunday sharoitda milliy korxonalar chet el resurslari importini ko‘paytiradi va ishlab chiqarishning mavjud darajasida mahsulot birligiga bo‘lgan xarajatlarni kamaytirishga erishadi. Aksincha, chet el valyutalarining so‘mga nisbatan narxi oshgan taqdirda, ya’ni so‘m qadrsizlanganda import resurslari narxlari ko‘tariladi. Natijada bu resurslarning importi kamayadi, mahsulot birligiga xarajatlar ortadi.