III.Yangi mavzu bayoni: Yevrosiyo materigi ikki qit’a – Yevropa va Osiyoga bo‘linadi. Yevropa qit’asi Yevrosiyo materigining g‘arbiy qismini egallaydi. «Yevropa» so‘zi qadimiy assuriyaliklar tilidan kelib chiqqan bo‘lib, «Quyosh botishi», ya’ni «g‘arb» ma’nosini anglatadi. Yevropaning maydoni 10 mln. km2 ga teng bo‘lib, shundan 4,1 mln. km2 hudud Rossiyaning Yevropadagi qismiga to‘g‘ri keladi. Qit’a aholisi, 2018-yil ma’lumotlariga ko‘ra, 746 mln. kishiga, ya’ni jahon aholisining salkam 10 % iga teng.Yevropa qit’asining qirg‘oqlari shimolda Shimoliy Muz okeani, g‘arbda Atlantika okeani, janubda Atlantika okeani havzasiga tegishli bo‘lgan O‘rta va Qora dengizlar suvlari bilan yuviladi. O‘rta dengiz va Gibraltar bo‘g‘izi Yevropani Afrikadan ajratib turadi. Sharqda Yevropa, asosan, quruqlik orqali Osiyo qit’asi bilan chegaradosh. Yevropa va Osiyoning chegarasi ko‘plab geografik adabiyotlarda Ural tog‘lari, Qozog‘istondagi Emba daryosi, Kaspiy dengizining shimoli-g‘arbiy qirg‘oqlari, Rossiya janubidagi Kuma-Manich botig‘i, Azov va Qora dengizlari, Bosfor bo‘g‘izi Marmar dengizi, Dardanell bo‘g‘izi va Egey dengizi orqali o‘tkaziladi. Ayrim manbalarda ikki qit’a chegarasining Kaspiy va Qora dengizlari orasidagi qismi Katta Kavkaz tizmasi orqali o‘tkaziladi. Yevropaning hozirgi siyosiy xaritasida, bir qismi Osiyoda joylashgan Rossiya Federatsiyasini qo‘shganda, 44 ta mustaqil davlat mavjud.
.
Yevropaning siyosiy xaritasi qit’aning ko‘p asrlik tarixi davomida bir necha marotaba keskin ravishda o‘zgargan. Uning zamonaviy siyosiy xaritasi XX asr davomida, asosan, uch tarixiy jarayon – Birinchi Jahon urushi (1914–1918), Ikkinchi Jahon urushi (1939–1945) hamda xalqaro sotsialistik tuzumning parchalanishi (1990-yillar boshi) natijasida shakllangan. Yevropa kichik davlatlar qit’asidir. Yevropada Andorra, San-Marino, Malta, Monako, Vatikan, Lixtenshteyn singari «mitti» davlatlar joylashgan. Mazkur davlatlardan tashqari, Yevropadagi 11 ta davlatning maydoni 50 ming km2 dan kichikroqdir. Qit’adagi 10 ta mamlakat hududi 50 mingdan 100 ming km2 gacha boradi. 12 ta davlatining maydoni, o‘z navbatida, 100 mingdan 500 ming km2 gacha kattalikka ega. Faqat Fransiya, Ukraina va Ispaniyaning hududi 500 ming km2 dan oshadi. Rossiya Federatsiyasi esa maydonining kattaligiga binoan nafaqat Yevropa, balki butun jahondagi eng yirik davlatdir.Yevropa orol va ayniqsa, yarimorol davlatlarning ko‘pligi bilan ajralib turadi. To‘liq orollarda joylashgan mamlakatlarga Buyuk Britaniya, Irlandiya, Islandiya va Malta kiradi. Yarimorol mamlakatlarga Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Gretsiya, Albaniya, Bolgariya va boshqalarni misol tariqasida keltirish mumkin.Yevropadagi 15 ta davlatda dengizga chiqish imkoniyati mavjud emas. Ularning qatorida Belarus, Vengriya, Avstriya, Chexiya kabi birmuncha katta davlatlar bilan birgalikda Andorra, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, SanMarino, Vatikan singari mitti davlatlar ham joy olgan. Yevropadagi 44 davlatdan 32 tasi respublika, 12 tasi monarxiya hisoblanadi. Andorra, Belgiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya davlatlari konstitutsion monarxiya, Vatikan davlati esa mutlaq teokratik monarxiya boshqaruv shakliga ega. Yevropadagi respublikalarning katta qismi parlamentar respublikalar hisoblanadi.Ma’muriy-hududiy jihatdan Yevropadagi 6 ta davlat federativ tuzilishga ega – Avstriya, Belgiya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Shveysariya.Yevropa qit’asi 4 ta subregionga bo‘linadi: Shimoliy Yevropa, G‘arbiy (O‘rta) Yevropa, Janubiy Yevropa va Sharqiy Yevropa.