Suhbat. Bu metod yordamida psixik hodisalarning ichki – sub’yektiv tomonlari o`rganiladi. Inson psixikasini o`rganishda suhbatning maqsadi va vazifasi belgilanadi, uning ob’yekti va sub’yekti tanlanadi, vaqti, joyi aniqlanadi, yakka, guruhiy va jamoa bilan bog`liq savol-javob tartibi tayyorlanadi. Suhbatning bosh maqsadi muayyan bir vaziyat yoki muammoni hal qilingan jarayonida inson psixikasidagi o`zgarishlarni o`rganishdir.
Anketa metodi. Shaxsga xos bo`lgan individual sifatlar-qiziqish, qobiliyat, talant. Xarakter kabilar anketa yordamida ham o`rganiladi. Bunda o`rganuvchi o`rganilishi lozim bo`lgan individual sifatga oid bir qancha savollar tuzadi. Bu o`rganiluvchiga yetkaziladi va uning bu savollarga javob qaytarish muddatini belgilaydi. O`rganiluvchining belgilangan muddatda qaytargan javoblarini tahlil qilib, ma’lum xulosalarga keladi.
Biografiya(tarjimai hol)metodi inson psixikasidagi ayrim o`zgarishlarni to`liqroq o`rganish maqsadida qo`llaniladi. Bunda avtobiografik ma’lumotlar, xarakteristikalar, xatlar (boshqa shaxs bilan yozishmalar), esdaliklar, kundaliklar, badiiy asardagi tavsiflar, baholar, magnitofon yozuvlari, fotolavhalar, hujjatli filmlar, taqrizlar o`rganilayotgan shaxsni to`laroq tasavvur etishga xizmat qiladi. Biografik ma’lumotlar odamlarning o`zini o`zi tarbiyalash, nazorat qilingan, idora etish, o`zining uslubini yaratish, kamolot cho`qqisiga erishish jarayonida namuna vazifasini o`taydi.
Test. Test-inglizcha so`z bo`lib, sinash, tekshirish demakdir. Shaxsning aqliy o`sishini, qobiliyatini, irodaviy sifatlari va boshqa psixik xususiyatlarini tekshirishda qo`llanadigan qisqa standart masala-topshiriq, misol, masala, jumboqlar, boshqotirmalar ham test deb atalishi mumkin. Test ayniqsa odamning qanday kasbni egallashi mumkinligini, kasbga yaroqliligi yoki yaroqsizligini, iste’dodli yoki iste’dodli emasligini - aqli zaifligini aniqlashda, kishilarni saralashda keng qo`llaniladi.