Ko’p zararli dasturlar shubhali dasturiy ta’minot to’plami ichida bo’lishi yoki haqiqiy ilovalarning «qaroqchilik» versiyalariga joylashtirilgan bo’lishi mumkin. Kompyuteringizga zararli dasturlarni yuqtirishning eng ishonchli yo’llaridan biri unga «qaroqchilik»(litsenziyasiz) dasturlarini o’rnatishdir. Agar sizga ma’lum bir dasturiy ta’minot juda ham kerak bo’lsa, lekin uni sotib olishga imkoningiz bo’lmasa, yodda tuting, deyarli barcha yirik dasturiy mahsulotlarning bepul muqobil versiyalari (alternativ versiyalari) mavjud. Ko’pincha, muqobil versiyalardagi ko’plab funksiyalar cheklangan bo’lsa-da, ular vazifangizni bajarish uchun yetarli bo’ladi. Iloji bo’lsa, har doim xususiy tijorat mahsulotlaridan ko’ra ochiq kodli dasturiy ta’minotni tanlang.
Ilovalarni faqat rasmiy ilovalar do’konlari orqali yuklab oling. Agar siz biror ilovani birinchi marta o’rnatayotgan bo’lsangiz va u haqida ma’lumotingiz bo’lmasa, uning qanchalik ishonchliligini aniqlash uchun boshqa foydalanuvchilarning fikrlari bilan tanishishingiz to’g’ri bo’ladi.
Qurilmalaringizga oʻrnatilgan barcha ilovalarni muntazam ravishda qayta koʻrib chiqishni odat qiling. Keraksiz ilovalarni o’chirib tashlang.
Biriktirmalardan foydalanishda ehtiyot bo’ling
Notanish yoki siz toʻliq ishonmaydigan shaxslar tomonidan yuborilgan elektron pochta xabarlari, ijtimoiy media yoki sms xabarlaridagi biriktirmalarni hech qachon yuklab olmasligingiz yoki ochmasligingiz kerak. Bu raqamli xavfsizlikning eng asosiy qoidalaridan biridir. Firibgarlar va jinoyatchilar, zararli dasturlar bilan zararlangan Word, Excel, PowerPoint va PDF fayllarini qo’llashni ko’proq afzal ko’radilar. Agar elektron pochta yoki ma’lum bir boshqa turdagi xabar sizga g’alati yoki shubhali ko’rinsa, buning eng yaxshi yechimi uni darhol o’chirishdir.
Hatto, siz tanigan va ishongan odamlarning elektron pochta akkauntlari buzib kirilgan bo’lishi ham mumkinligini unutmang. Shuning uchun, agar siz ulardan biriktirmali kutilmagan xabar olsangiz, uni ochishdan oldin sizga xabarni yuborgan tanishingiz bilan bog’langaningiz ma’qul.
Notanish odamlar yoki tashkilotlar tomonidan yuborilgan havolalarni hech qachon bosmang. Shuningdek, olingan har bir havola salohiyatli xavfga ega deb hisoblang. Hamkasbingiz, bank yoki siz foydalanayotgan ijtimoiy media xizmatidan elektron xabar olganingizda, undagi havolani bosishga shoshilmang. Toʻliq veb-sayt manzilini havola ustiga kursorni olib borib (ustiga bosmang) tekshiring. Shunda qilib havolani bosish kerak yoki yo’qligini aniqlay olasiz. Shu bilan bir qatorda, sayt haqiqiy ekanligiga amin bo’lish uchun brauzer oynasini ochib, manzilni to’g’ridan-to’g’ri URL maydoniga kiritishingiz mumkin.
Sizga biroz bo‘lsada shubhali bo‘lib ko‘ringan havolaga bosishdan avval uning xavfsizligini tekshirish uchun havolalar skaneri, masalan, Norton Safe Web dan foydalaning.
Qisqartirilgan URL havolalardan foydalanishda esa o’ta ehtiyot bo’ling. Qisqartirilgan havolaning ortidagi asl URL havolani har doim tekshiring. Qisqartirilgan URL manzilini “dekodlash – ochib ko’rish” uchun UnshortenIt kabi bepul onlayn xizmatidan foydalanishingiz mumkin.
Hammamiz ham Internetdan foydalanayotganimizda to’satdan qalqib chiqib, kompyuterimiz zararlanganligi va uni himoyalash uchun zarur dasturni yuklab olishimizni tavsiya qiladigan qalqib chiqivchi oynalarga duch kelganmiz. Bunday tuzoqlarga ilinmang. Oqilona ish tuting.
Zararli dastur ko’pincha USB xotira karta, tashqi qattiq disk, flesh-kartalar va boshqalar tashqi ma’lumot saqlash vositalari orqali turli qurilmalarga tarqaladi. O’zingizga tegishli bo’lmagan notanish bunday qurilmani kompyuteringizga hech qachon ulamang. Agar sizga tanish tashqi ma’lumot saqlash media qurilmasidan foydalanishingiz zarur bo’lsa, ochishdan oldin uni antivirus dasturi bilan skanerlaganingiz ma’qul.
Dostları ilə paylaş: |