[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston
Respublikasining Qonuni
Ta’lim to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrdagi O‘RQ-637-sonli “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga qaratilgan.
2-modda. Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ta’lim sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Ta’lim O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilinadi.
Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
umumiy o‘rta, shuningdek o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishini: akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish;
ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish.
[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.04.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklar / 01.06.04.05 Bilim olish huquqi]
4-modda. Bilim olish huquqi
Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi,
dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqeyi, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi.
Bilim olish huquqi:
davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish;
ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish;
ta’lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o‘qitish, shuningdek ta’lim muassasalarida shartnoma asosida to‘lov evaziga kasb-hunar o‘rgatish;
barcha turdagi ta’lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o‘quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo‘lishi;
oilada yoki o‘zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish orqali ta’minlanadi.
Boshqa davlatlarning fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga ega.
Respublikada istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilim olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
5-modda. Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi
Tegishli ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Pedagog xodimlarni oliy o‘quv yurtlariga ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning ta’lim muassasalarida bu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.04.01 Maktabgacha ta'lim tashkilotlari / 13.01.61.00 Ta’lim muassasalari]
6-modda. Ta’lim muassasasining huquqiy maqomi
Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-fevraldagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi to‘g‘risidagi Nizom.
Ta’lim muassasasi yuridik shaxs bo‘lib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda barpo etiladi. Nodavlat ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlari va ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”.
Ta’lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan ustav asosida faoliyat ko‘rsatadi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 5-sonli qarori bilan ta’lim muassasalari ustavini ishlab chiqish Tartibi tasdiqlangan.
Ta’lim muassasasi attestatsiya natijalariga binoan davlat akkreditatsiyasidan mahrum etilishi mumkin.
Ta’lim muassasalari o‘quv-tarbiya majmuilariga hamda o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va uyushmalariga birlashishga haqli.
Ta’lim muassasalari ustavda belgilangan vazifalariga muvofiq pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining boshqa turlari bilan shug‘ullanishga haqli.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.60.00 Davlat ta’lim standartlari. Ta’lim dasturlari. Ta’lim jarayoni]
7-modda. Davlat ta’lim standartlari
Davlat ta’lim standartlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Davlat ta’lim standartlarini bajarish O‘zbekiston Respublikasining barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 5-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ta’lim standartlari to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 16-avgustdagi 390-sonli “Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, 2000-yil 16-oktabrdagi 400-sonli “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi va 2001-yil 16-avgustdagi 343-sonli “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari.
8-modda. Ta’lim berish tili
Ta’lim muassasalarida ta’lim berish tilidan foydalanish tartibi Davlat tili haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
II. TA’LIM TIZIMI VA TURLARI
9-modda. Ta’lim tizimi
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari;
ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi
ilmiy-pedagogik muassasalar;
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar.
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir.
10-modda. Ta’lim turlari
O‘zbekiston Respublikasida ta’lim quyidagi turlarda amalga oshiriladi:
maktabgacha ta’lim;
umumiy o‘rta ta’lim;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;
oliy ta’lim;
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
maktabdan tashqari ta’lim.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.08.00 Maktabgacha ta’lim]
11-modda. Maktabgacha ta’lim
Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog‘lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi. Bu ta’lim olti-yetti yoshgacha oilada, bolalar bog‘chasida va mulk shaklidan qat’i nazar, boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 3, 10-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.09.2017-yildagi “O‘zbekiston respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3305-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.09.2017-yildagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5198-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.04.2018-yildagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3651-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.09.2018-yildagi “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3955-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.08.2018-yildagi “Davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 681-sonli Qarori.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.09.00 O‘rta ta’lim]
12-modda. Umumiy o‘rta ta’lim
Umumiy o‘rta ta’lim bosqichlari quyidagicha:
boshlang‘ich ta’lim (I—IV sinflar);
umumiy o‘rta ta’lim (I—IX sinflar).
Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgandir. Maktabning birinchi sinfiga bolalar olti-yetti yoshidan qabul qilinadi.
Umumiy o‘rta ta’lim bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki tarzda kasbga yo‘naltirishga va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
Bolalarning qobiliyati, iste’dodini rivojlantirish uchun ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi 173-sonli “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.71.00 O‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi (litseylar, kolledjlar)]
13-modda. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim olish maqsadida har kim umumiy o‘rta ta’lim asosida akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishning yo‘nalishini ixtiyoriy ravishda tanlash huquqiga ega.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari egallangan kasb-hunar bo‘yicha ishlash huquqini beradigan hamda bunday ish yoki ta’limni navbatdagi bosqichda davom ettirish uchun asos bo‘ladigan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi beradi.
Akademik litsey o‘quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal o‘stirishni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo‘naltirilgan bilim olishlarini ta’minlaydigan uch yillik o‘rta maxsus o‘quv yurtidir.
Kasb-hunar kolleji o‘quvchilarning kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirishni, tanlangan kasblar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisos olishni ta’minlaydigan uch yillik o‘rta kasb-hunar o‘quv yurtidir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi to‘g‘risida”gi nizom.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.72.00 Oliy ta’lim (bakalavriat va magistratura)]
14-modda. Oliy ta’lim
Oliy ta’lim yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlaydi.
Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash oliy o‘quv yurtlarida (universitetlar,
akademiyalar, institutlar va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarida) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim ikki bosqichga: davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar bilan dalillanuvchi bakalavriat va magistraturaga ega.
Bakalavriat oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha puxta bilim beradigan, o‘qish muddati kamida to‘rt yil bo‘lgan tayanch oliy ta’limdir.
Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 36-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Magistratura to‘g‘risida”gi nizom.
Fuqarolar ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1844, 21.08.2008-y.).
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.77.00 Oliy ta’limdan keyingi ta’lim (aspirantura, ad’yunktura, doktorantura, tadqiqotchilik)]
15-modda. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgandir. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida (tayanch doktorantura, doktorantura, mustaqil izlanuvchilik) olinishi mumkin.
(15-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ilmiy daraja va ilmiy unvonlar berish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi O‘RQ-355-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-sonli “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2764, 17.02.2016-y.), “Ekspert kengashi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2443, 25.03.2013-y.), “Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2793, 03.06.2016-y.).
16-modda. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kasb bilimlari va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish hamda yangilashni ta’minlaydi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-fevraldagi 25-sonli “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 4-oktabrdagi 400-sonli “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori. Ushbu qaror bilan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarining ro‘yxati tasdiqlangan.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.78.00 Ta’limning boshqa turlari. Qo‘shimcha (maktabdan tashqari) ta’lim]
17-modda. Maktabdan tashqari ta’lim
Bolalar va o‘smirlarning yakka tartibdagi ehtiyojlarini qondirish, ularning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslar madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini tashkil etishlari mumkin.
Maktabdan tashqari ta’lim
muassasalariga bolalar, o‘smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, san’at maktablari, musiqa maktablari, studiyalar, axborot-kutubxona muassasalari, sog‘lomlashtirish muassasalari va boshqa muassasalar kiradi.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 18-fevraldagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabdan tashqari ta’lim muassasasi to‘g‘risida”gi nizom.
18-modda. Oiladagi ta’lim va mustaqil ravishda ta’lim olish
Davlat oilada ta’lim olishga va mustaqil ravishda ta’lim olishga ko‘maklashadi. Bolalarni oilada o‘qitish va mustaqil ravishda ta’lim olish tegishli ta’lim muassasalarining dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ta’lim oluvchilarga vakolatli davlat muassasalari tomonidan uslubiy, maslahat va boshqa yo‘sinda yordam ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2691, 30.06.2015-y.).
19-modda. Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar
Akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat oilada ta’lim olgan yoki mustaqil ravishda bilim olgan va akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha ekstern tartibida imtihonlar topshirgan shaxslarga ham beriladi, davlat ta’lim muassasalarida o‘qitilishi shart bo‘lgan va ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladigan mutaxassisliklar bundan mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 29-yanvardagi 16-sonli “Davlat oliy ta’lim muassasalarida eksternat asosida o‘qish amalga oshirilmaydigan bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga o‘zlashtirilgan fanlar ro‘yxati, ularning hajmlari va fanlarga qo‘yilgan baholar yozilgan varaqa ilova qilinadi.
Dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga belgilangan tartibda falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Davlat ta’lim standartlariga mos kelgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlarning hukumatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama bitimlar asosida har ikki tomonning ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlari belgilangan tartibda o‘zaro tan olinishi mumkin.
Tegishli bosqichdagi ta’limni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi.
Davlat tasdiqlagan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat navbatdagi bosqich ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisoslik bo‘yicha ishlash huquqini beradi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Rasmiy davlat hujjatlarini
tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ilovasining (“Rasmiy davlat hujjatlari”) IV-bo‘limiga muvofiq, 1) to‘liqsiz o‘rta ma’lumot to‘g‘risida shahodatnoma; 2) o‘rta ma’lumot to‘g‘risida attestat; 3) o‘rta maxsus va kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risida diplom; 4) oliy ma’lumot to‘g‘risida diplom; 5) fan nomzodi yoki doktori diplomi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar hisoblanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 393-sonli “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori.
III. TA’LIM JARAYoNI QATNAShChILARINI IJTIMOIY HIMOYA QILISh
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.86.00 O‘quvchilar, talabalar va tarbiyalanuvchilarning huquqlari va ijtimoiy himoyasi]
20-modda. Ta’lim oluvchilarni ijtimoiy himoya qilish
Ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilar qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga muvofiq imtiyozlar, stipendiya va yotoqxonada joy bilan ta’minlanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-avgustdagi “O‘qituvchilar va o‘quvchilar turmushi moddiy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 409-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.96.00 Ta’lim xodimlarini ijtimoiy himoya qilish]
21-modda. Ta’lim muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish
Ta’lim muassasalari xodimlariga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi, haqi to‘lanadigan yillik uzaytirilgan ta’tillar hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: O‘zbekicton Respublikasi Prezidentining 2002-yil 7-avgustdagi PF-3112-sonli “2002-yilning 1-sentabridan boshlab o‘qituvchilar va o‘quv yurtlari muallimlarining, ilmiy xodimlarning ish haqi miqdorlarini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-martdagi PF-3227-sonli “2003-yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha beriladigan imtiyozlar o‘rniga kompensatsiya pul to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-avgustdagi “O‘qituvchilar va o‘quvchilar turmushi moddiy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 409-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-avgustdagi “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 327-sonli qarori va “Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlarining mexanizmi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2175, 30.12.2010-y.).
Ta’lim muassasalari ish haqiga mo‘ljallangan mavjud mablag‘lar doirasida mustaqil ravishda stavkalar, mansab okladlariga tabaqalashtirilgan ustama belgilashga hamda mehnatga haq to‘lash va uni rag‘batlantirishning turli shakllarini qo‘llashga haqli.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.87.00 Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning ta’lim olishi]
22-modda. Yetim bolalarni va ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining vasiyligisiz qolgan bolalarni o‘qitish
Yetim bolalarni va ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining vasiyligisiz qolgan bolalarni o‘qitish va ularni boqish davlatning to‘la ta’minoti asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktabrdagi 230-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehribonlik uyi to‘g‘risida”gi nizom, Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-sonli “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002-2003-yillarda mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalarni va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni pul nafaqalari hamda kiyim-bosh, poyabzal va anjomlar sotib olish uchun nafaqalar, shuningdek transportda yurish kartochkalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1187, 11.11.2002-y.), “Tarbiyalash (patronat) uchun oilalarga beriladigan
yetim bolalarni kiyim-bosh, poyabzal bilan ta’minlash hamda bolani o‘z tarbiyasiga olgan tutingan ota-onalarga har oylik nafaqa to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1189, 18.11.2002-y.) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 29-noyabrdagi 247-sonli “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qiyotgan hamda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni moddiy ta’minlash normalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.87.00 Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning ta’lim olishi]
23-modda. Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar va o‘smirlarni o‘qitish
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar va o‘smirlarni o‘qitish, ularni tarbiyalash hamda davolash uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tashkil etiladi. Bolalar va o‘smirlarni ushbu ta’lim muassasalariga yuborish va ulardan chiqarish ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasiga binoan amalga oshiriladi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quvchilari qisman yoki to‘la davlat ta’minotida bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 17-maydagi 100-sonli “Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari faoliyati to‘g‘risida”, 2011-yil 13-sentabrdagi 256-sonli “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qarorlari.
LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2691, 30.06.2015-y.).
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.87.00 Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning ta’lim olishi]
24-modda. Ijtimoiy yordamga va tiklanishga muhtoj bo‘lgan shaxslar uchun o‘quv-tarbiya muassasalari
Alohida sharoitlarda tarbiyalanish va o‘qishga muhtoj bolalar va o‘spirinlar uchun ularning bilim olishi, kasb tayyorgarligi va ijtimoiy tiklanishini ta’minlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari tashkil etiladi.
Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning ta’lim olishi va mustaqil bilim olishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sharoitlar yaratiladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya kodeksining 100-moddasida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tashga mahkum qilingan shaxslarning umumiy ta’lim olishi bo‘yicha asosiy talablar belgilangan.
[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.01.00 Umumiy qoidalar]
IV. TA’LIM TIZIMINI BOShQARISh
[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang);
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.02.00 Vazirlar Mahkamasi vakolatlari]
25-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ta’lim sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ta’lim sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish;
ta’limni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilash;
ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan, pedagog, ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470 -sonli “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori, 2009-yil 11-fevraldagi 40-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-sonli “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
boshqa davlatlarning ta’lim muassasalariga O‘zbekiston Respublikasining hududida ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish;
qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy davlatlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish va hujjatlarning ekvivalent ekanligini
qayd etish tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida”gi nizom va “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 5-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ta’lim standartlari to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 16-avgustdagi 390-sonli “Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, 2000-yil 16-oktabrdagi 400-sonli “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi va 2001-yil 16-avgustdagi 343-sonli “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari.
davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni tasdiqlash va ularni berish tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyuldagi 607-sonli “Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlarining davlat namunalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 393-sonli “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori.
davlat grantlari miqdori va ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorlarini tayinlash;
ta’lim oluvchilarni akkreditatsiya qilingan bir ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 367-sonli “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibini takomillashtirish haqida”gi qarori, “O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2684, 17.06.2015-y.), “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarni bir ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasidan boshqa ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yoki inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda ta’lim olishi uchun umumta’lim muassasasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2685, 17.06.2015-y.).
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.
26-modda. Ta’limni boshqarish bo‘yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlarining huquq doirasi
Ta’limni boshqarish bo‘yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlarining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish;
ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslub masalalarida ularga rahbarlik qilish;
davlat ta’lim standartlari, mutaxassislarning bilim saviyasi va kasb tayyorgarligiga bo‘lgan talablar bajarilishini ta’minlash;
o‘qitishning ilg‘or shakllari va yangi pedagogik texnologiyalarni, ta’limning texnik va axborot vositalarini o‘quv jarayoniga joriy etish;
ta’lim muassasalarida huquqiy ta’lim va tarbiyaga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni
ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda ta’lim dasturlarini muntazam takomillashtirish;
(26-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
o‘quv va o‘quv-uslubiyat adabiyotlarini nashr etishni tashkil qilish;
ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi va davlat ta’lim muassasalarida eksternat to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;
LexUZ sharhi
Qarang: “Umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1778, 20.03.2008-y.), “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2011, 06.10.2009-y.) va “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1963, 05.06.2009-y.), “Eksternat to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2670, 11.05.2015-y.).
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorini tayinlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
pedagog xodimlarni tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni va qayta tayyorlashni tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.
[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.01.00 Mahalliy davlat vakillik organlari (Xalq deputatlari kengashlari) / 01.15.01.02 Mahalliy vakillik organlarining vakolatlari;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.04.00.00 Mahalliy ijroiya organlari (Hokimliklar) (shuningdek, 01.15.03.00ga qarang) / 02.04.02.00 Hokimni tayinlash va tasdiqlash. Vakolatlari]
27-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
ta’lim muassasalari faoliyatining mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligini ta’minlaydilar;
ta’lim muassasalarini tashkil etadilar, qayta tashkil etadilar va tugatadilar (respublika tasarrufida bo‘lgan muassasalar bundan mustasno), ularning ustavlarini ro‘yxatga oladilar;
o‘z hududlaridagi ta’lim muassasalarini vakolat doirasida moliyalash miqdorlarini va imtiyozlarni belgilaydilar;
ta’lim sifati va darajasiga, shuningdek pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga bo‘lgan davlat talablariga rioya etilishini ta’minlaydilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradilar.
28-modda. Ta’lim muassasasini boshqarish
Ta’lim muassasasini uning rahbari boshqaradi.
Ta’lim muassasalarida qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko‘rsatadigan jamoat boshqaruvi organlari tashkil etilishi mumkin.
29-modda. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari bilan nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar
Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Nodavlat ta’lim muassasalari ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, akkreditatsiya qilgan organlar ularning faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq to‘xtatib qo‘yishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi 241-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizom” va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470 -sonli “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
Nodavlat ta’lim muassasalariga qabul davlat o‘quv yurtlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son qarori bilan tasdiqlangan “Akademik litseylarga umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tanlab olish, o‘qishga qabul qilish, ularning o‘qishini ko‘chirish va o‘qishdan chetlatish tartibi to‘g‘risida nizom”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
V. YAKUNLOVChI XULOSALAR
30-modda. Ota-onalar yoki qonuniy vakillarning vazifalari
Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgardirlar.
31-modda. Ta’limni moliyalash
Davlat ta’lim muassasalarini moliyalash respublika va mahalliy budjetlar mablag‘lari, shuningdek budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
32-modda. Ta’limni rivojlantirish fondlari
Ta’limni rivojlantirish fondlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan tashkil etilishi mumkin.
33-modda. Xalqaro hamkorlik
Ta’lim muassasalari ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etadilar, chet davlatlarning tegishli o‘quv yurtlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular bilan qo‘shma o‘quv yurtlari tashkil etish huquqiga ega.
34-modda. Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-avgust,
464-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda; 2013-y., 41-son, 543-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son; 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)