Kirakash – Kirakashlarga ikki barobar ortiq haq to‘lanib, yo‘lni yaxshi biladigan odam tanlandi. (Me’mor romani, 200-bet)
Aravakash – To‘g‘rirog‘i, zabardast bir aravakash kelib, o‘zi olib borajagini bildirdi. (Me’mor romani, 200-bet).
-bon affiks ham adib asarlarida faol yasovchi sifatida qatnashganligini quyidagi misollar orqali ko‘rish mumkin:
Zindonbon –Zindonbonlar shalviragan odamlar, ular shop mo‘ylabini burab, mahbuslarga olib kelingan xo‘rakka sherik bo‘lib o‘ltirishadi, deyishgan edi.
(Me’mor romani, 33-bet)
Darvozabon – Otliq navkarlar chopgancha, darvozabonlarga xabar qilgani jo‘nashdi. (Me’mor romani, 431-bet).
Ulgurjifurush (Ularning bir kambag‘al kosib oshnasi mehnat haqini to‘lamay, ancha vaqtdan beri muttahamlik qilib kelayotgan xo‘jayini ulgurjifurush boyvachcha ustidan qoziga arz qilgan edi. (Me’mor romani, 310-bet).
Shuningdek asarda –furush (telpakfurushon, zargaron, sarrofon, timlar – Har qanday janjal va tartibsizliklar qattiq jazolanishi aytilib, hokim hazratlarining farmoni rasta-yu madrasalarda, bozor-u toqi telpakfurushon, toqi zargaron, sarrofon va timlar ichida jarchilar baland ovozda e’lon qilgan edilar. (Me’mor romani, 385-bet), -boz kaptarboz – Hirotlik kaptarbozlar o‘n tillo va qimmatbaho sarupo berishni buyurdi. (Me’mor romani, 126-bet) singari yasovchilar hunarmandchilik terminlarini yasashda faol ishtirok etganligini ko‘rish mumkin.
Adib asarlarida miqdor sonlarning ot bilan qo‘shiluvidan hosil bo‘lgan qo‘shma terminlar, ayniqsa, faolroq qo‘llanilayotganligi aniqlandi:
1. To‘qilgan, tikilgan yoxud yasalgan buyumlar nomlarini anglatadi: uchoy, to‘qqizoy, oltiqubba, mingqubba va b.
2. Tayyorlanadigan buyumlarga to‘qiladigan, tikiladigan, yasaladigan naqshlar nomlari yoxud naqsh solish usullari nomlarini ifodalaydi: ikkilola, birlola, uchg‘uncha, beshterma, birxona, o‘n ikki xona, yigirma to‘rt xona, sakkizqo‘l, to‘rt qarij//to‘rtqarich, to‘rtqalqon, olt qalqon, ikkiqalqon va b.
3. Buyum to‘qish, tikish, yasash maqsadida ishlatiladigan xomashyolar nomlarini bildirib keladi: birjup I (kosiblikda va yo‘rmado‘zlikda foydalaniladigan maxsus igna), birjup II (to‘qimaga solinadigan iplarning beshtasi); birto‘p, birchuyka, birqo‘l va b.
O‘zbek tilida hisob sonlar, ya’ni numerativlar ham ko‘plab ishlatiladi. Bunday sonlar, garchi oz miqdorda bo‘lsa-da, kasb-hunarmandlikka aloqador ayrim qo‘shma terminlarning birinchi komponenti bo‘lib keladi: qo‘shjoynamoz (ikki kishining namoz o‘qishi uchun mo‘ljallab tikilgan kashtali buyum), qo‘shshajonona (xotin-qizlar ko‘ylagining yeng va etak qismlariga tikiladigan bezak).