www.ziyouz.com kutubxonasi
22
Ishni tugatib, Santyago xo‘jayindan ovqat so‘radi.
— Yurchi men bilan, — dedi unga javoban xo‘jayin.
Eshikka “Tushlik payti” deb yozilgan lavhachani ilib, u Santyagoni tor ko‘chaning baland
joyidagi yemakxonaga olib bordi. Ular bu yerdagi yagona stol-ga kelib o‘tirishdi.
Billur sotuvchi kuldi:
— Idishlarni tozalashingga hojat yo‘q edi. Qur’onda och odamning qornini to‘ydirish
buyurilgan.
— Nega siz meni to‘xtatmadingiz?
— Chunki idishlar kir edi. Qolaversa, ikkalamiz ham miyamizni keraksiz lash-lushlardan
tozalashimiz zarur-ku.
Ovqatlanib bo‘lishgach, savdogar dedi:
— Sen mening do‘konimda ishlasang deyman. Bugun, sen idishlarni artib
tozalayotganingda ikkita xaridor keldi —bu xayrli alomat.
“Odamlardan belgi-alomatlar haqida tez-tez eshitasan, — o‘yladi cho‘pon bola, — biroq
ular o‘zlari aytishayotgan gaplarining fahmiga borishmaydi. O‘zim-chi, o‘zim ham,
ma’nisiga bormay necha yil qo‘ylarim bilan so‘zsiz tilda gaplashib yurdim-ku”.
— Xo‘sh, nima deysan — tiqilinch qildi savdogar. — Mening do‘konimda ishlaysanmi?
— Tong otguncha hamma idishlarni yuvib tozalayman, — javob qildi
bo‘zbola. — Haqiga menga Misrga yetib olishimga yetarli pul berasiz.
Savdogar chol yana kulib yubordi.
— Mening do‘konimda yil bo‘yi billur idishlarni yuvib, buning ustiga
har bir sotilgan idish pulidan yaxshigina foiz olib tursang ham
Misrgacha yetadigan pul topolmaysan, baribir qarz ko‘tarishingga
to‘g‘ri keladi. Tanjer bilan Misr orasi — minglab kilometr sahro.
Bir daqiqa og‘ir jimlik cho‘kdi, go‘yo butun shahar uyquga
cho‘mganday bo‘ldi. Bozorlar, o‘z molini maqtab yotgan savdogarlar,
minoraga chiqib azon aytayotgan kishilaru, dastasi hashamli qilichlar — bari g‘oyib
bo‘ldi. Umid va sarguzashtlar ishtiyoqi, keksa podshoh va Taqdir Yo‘li, xazina va
ehromlar o‘z-o‘zidan yo‘qoldi-yitdi. Dunyoni o‘lik sukunat o‘z zabtiga oldi. Chunki
Santyagoning ruhi tamom cho‘kib ketgan edi. U na og‘riqni, na azobni va na afsus-
nadomatni his etar, nigohi yemakxonaning ochiq eshigiga qarab qotib qolgan va faqat
juda-juda o‘lgisi kelar, hammasi hozirning o‘zidayoq butkul yo‘q bo‘lishini istardi.
Savdogar unga qarab qoshini kerdi — ertalab, haligina bu bola quvnoq ko‘ringan edi.
Endi qovog‘idan qor yog‘ayapti: quvnoqligidan asar ham qolmadi.
— Men senga, o‘g‘lim, vataning-ga borib olishing uchun yetadigan pul bera olaman, —
dedi savdogar.
Bo‘zbola indamadi. Keyin o‘rnidan turdi, kiyimlarini tortib to‘g‘riladi va to‘rvasini qo‘liga
oldi.
— Men do‘koningizda qolib ishlayman, —dedi u.
Va biroz sukut saqlab, qo‘shib qo‘ydi:
— Menga pul kerak, to‘rt-beshta qo‘y sotib olishim uchun.