www.ziyouz.com kutubxonasi
13
tezak qoldirib ketgan senmiding, Oltinoy? - deb savol berdi.
– Ha, - dedim men.
Duyshen o‘zi bilan o‘zi gaplashganday: «O‘zim ham shunday deb o‘ylovdim» deganday
miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Hali-hali esimda, o‘sha onda ikki yuzim yonib olov bo‘lib ketdi: bundan chiqdi, bu arzimagan
narsani muallimim bilgan va esida saqlab yurgan ekan-da! O‘zimni baxtiyor his qildim, boshim
osmonga yetdi.
Duyshen ham mening xursandligimni sezdi.
– Sadag‘asi ketay, shu oppoq qizni, - dedi u meni erkalatib,– qanday dono qizki... Qani endi
qo‘limdan kelsa, seni katta shaharga yuborib o‘qitsam. Ulug‘ martabali odam bo‘lib yetisharding-a!
Shunday dedi-yu, Duyshen shartta burilib ariq bo‘yiga bordi.
Toshlar ustidan shaldirab oqib turgan ko‘m-ko‘k suv labida ikki qo‘li orqasida-yu, ko‘krak kerib,
tog‘ ustidan suzib o‘tayotgan oq bulutlarga chanqoq ko‘zlari bilan tikilib, o‘y surib turgani hali-hali
ko‘z oldimdan ketgan emas.
Nimalarni o‘yladi ekan o‘shanda? Xayolida meni rostdan ham katta shaharga o‘qishga yuborgan
bo‘lsamikin! Men bo‘lsam Duyshenning shineliga o‘ralib olib: «Oh, qani endi Duyshen tug‘ishgan
akam bo‘lsa-yu, bo‘yniga osilib erkalab qattiq-qattiq quchoqlasam, ko‘zimni chirt yumib dunyoda bor
shirin-shirin gaplarni shivirlab qulog‘iga aytsam! Ey, xudoyim, uni menga tug‘ishgan aka qila qolsang
nima bo‘pti!» - deb tilak tilagap edim. O‘shanda muallimimizni odamgarchiligi, yaxshi niyatlari uchun,
bizlarning kelajagimiz to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilganligi uchun ham unga mehr qo‘yib, izzat-hurmatini
bajo keltirgan bo‘lsak kerak. Bizlar go‘dak bolalar bo‘lsak ham, o‘yimcha, o‘sha vaqtdayoq aqlimiz
yetib turardi shunaqa narsalarga.
Bo‘lmasa tizzadan suv kechib, izg‘irinda nafasimiz kesilib, shuncha uzoq joyga – tepalikka har
kun qatnab tinka-madorimizni quritishga bizni kim majbur qilardi, deysiz? Maktabga o‘z ixtiyorimiz
bilan havas qilib borardik. O‘qishlaringga borsalaring-chi, deb bizni qistovga oladigan hech kim yo‘q
edi. Bu muzxona saroyda yuz-ko‘zlarimizni qirov bosib, oyoq-qo‘llarimiz sovuqdan muzlab qolsa
ham, chidab o‘tirardik. Faqat pechka yoniga borib navbatma-navbat isinib olardik, qolganlarimiz o‘z
o‘rnimizda Duyshenning darslariga quloq solib, o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lardik.
Mana shunday qahraton qish kunlaridan birida, endi o‘ylasam yanvar oyining oxirlarida bo‘lsa
kerak, Duyshen uyma-uy kirib, bizlarni yig‘di-da, maktabga boshlab ketdi. U indamay borar, qovoqlari
burgut qanotiday uyulgan, rangi o‘chgan, yuzi bamisoli cho‘g‘da toblangan temirday unniqib ketgan
edi. Biz muallimimizni hech qachon bunday holatda ko‘rmagan edik. Uning, avzoyiga qarab bizlar
ham jim bordik: biron ko‘ngilsiz hol yuz berganini sezib turardik.
Yo‘lda qor tepaliklariga duch kelganimizda Duyshen doimo avval o‘zi yo‘l ochar, uning ketidan
men yurardim, keyin hamma bolalar o‘tib olishardi. Bu gal ham tepaga chiqaverishda kechasi qor
uyilib qolgan ekan, Duyshen yo‘l ochgani oldinga o‘tib ketdi. Ba’zida odamning orqasidan ham uning
avzoyini, ko‘nglidan nima gaplar o‘tayotganini bilsa bo‘ladi. O‘shanda ham muallimimiz boshiga og‘ir
musibat tushganligi sezilib turardi, nega deganda, u boshini quyi solib zo‘rg‘a oyoq sudrab ketayotgan
edi. Ko‘z oldimda goh qora, goh oq dahshat solib namoyon bo‘lib turgani hali-hali esimda: bizlar
g‘ozday tizilib tepalikka chiqib ketayotganimizda, qora shinel ostidan Duyshenning bukchaygan qaddi
ko‘zga tashlandi, undan yuqorida oppoq qor tepaliklari tuya o‘rkachlariday ko‘rinib turar, shamol har
gal hamla qilganda ularning uchini uchirib ketardi, undan ham balandroqda – sutday oppoq osmonda
bir qora bulut qora dog‘day ko‘zga chalinardi.
Maktabga yetib kelganimizda Duyshen pechkaga olov ham yoqmadi.
– O‘rninglardan turinglar, - deb buyurdi. Hammamiz o‘rnimizdan turdik.
– Telpaginglarni olinglar, - dedi.
Bizlar hammamiz itoatgo‘ylik bilan telpagimizni qo‘limizga oldik, o‘zi ham askarlikdan kiyib
kelgan quloqchinini boshidan yulib oldi. Nima bo‘layotganiga aqlimiz yetmay turaverdik. Keyin