ALLOH UCHUN YAXSHI KO‘RISH VA ALLOH UCHUN YOMON KO‘RISH
Alloh taolo aytadi: «U Kunda do‘stlar bir-biriga dushmandir, magar (Alloh yo‘lida do‘stlashgan) taqvodor zotlargina (mangu do‘stdirlar). (U Kunda ularga aytilur): «Ey bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon bo‘lib o‘tgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu xatar yo‘qdir va sizlar aslo g‘amgin bo‘lmaysizlar. Sizlar jufti halollaringiz bilan birga shod-hurram bo‘lgan hollaringizda jannatga kiringiz!» (Zuxruf surasi, 67-70-oyatlar).
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:
«Masjidlaringizni menga salovot aytish bilan ziynatlanglar. Aytgan salovotlaringiz Qiyomat kuni sizlarga nur bo‘ladi», dedilar.
Yana Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:
«Allohning shunday bandalari borki, Qiyomat kuni ular minbarda o‘tiradilar. Ularning liboslari nur, yuzlari yorug‘ bo‘ladi. Ular payg‘ambarlar ham, shahidlar ham emas, lekin payg‘ambarlar ham, shahidlar ham ularga havas bilan qaraydilar». Shunda sahobalar: «Ular kimlar, yo Rasululloh?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Ular Alloh uchun bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar, Alloh uchun bir-birlarini ziyorat qilganlar va Alloh uchun bir-birlari bilan o‘tirganlardir», dedilar (Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh Muso alayhissalomga vahiy qilib dedi: Ey Muso, Men uchun biror amal qildingmi? Shunda Muso alayhissalom: «O’ Parvardigor, Sen uchun namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, sadaqa qildim, Seni zikr qildim», dedilar. Alloh: «Ey Muso, namozing o‘zingning foydangga hujjat, tutgan ro‘zang o‘zingga qalqon, bergan sadaqalaring senga soya va qilgan zikring o‘zing uchun nur bo‘ladi. Men uchun nima amal qilding?» dedi. Muso alayhissalom: «O’ Parvardigor, menga bildir! Sen uchun nima amal qilayin?» dedilar. Alloh: «Ey Muso, Men uchun biror kimsani do‘st tutdingmi va biror kimsani dushman tutdingmi?» dedi».
Bu hadislardan ma’lum bo‘ladiki, Allohga amallarning eng suyuklisi Uning yo‘lida yaxshi ko‘rish va Uning yo‘lida yomon ko‘rishdir. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Alloh qiyomat kuni: «Men uchun bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar qani? Izzatim va buyukligimga qasamki, bugun Men soyamdan boshqa soya yo‘q kunda ularni o‘z soyam (arshning soyasi) bilan ularni soyalantiraman», deydi» (Tabaroniy rivoyati).
Xabarlarda kelishicha, qiyomat kuni bir mo‘min kimsa keltiriladi va amallari taroziga qo‘yiladi. Gunohlari savoblaridan og‘ir keladi. Natijada do‘zaxga hukm qilinadi. Shunda u: «O’ Parvardigor, menga bir soat muhlat berginki, onamdan savob olayin» deydi. Unga muhlat beriladi. U onasining oldiga kelib: «Ey onajon, meni dunyoda tarbiya qildingiz va menga qilmagan yaxshiliklaringiz qolmadi. Shular haqqi, menga do‘zaxdan najot topishim uchun savoblaringizdan ozgina bering», deydi. Onasi: «Ey bolajonim, men o‘z ishimda ojiz bo‘lib, hayratlanib turibmanu, qanday qilib bugun seni qutqara olaman?» deydi. Onasidan umidini uzgan yigit boshqa qarindoshlarining oldiga boradi, lekin hammasining oldidan noumid qaytadi. Alloh uni do‘zaxga tashlashga buyuradi. Shu payt do‘sti uni do‘zaxga haydab ketayotganlarini ko‘rib qoladi, unga: «Bizlardan birimiz do‘zaxdan najot topishimiz uchun senga jamiki savoblarimni beraman. Zero, bu ism ikkalamiz ham do‘zaxga tushmog‘imizdan yengilroqdir», deydi. Unga jannatga kirish buyuriladi, jannatga oshiqayotgan paytida unga: «O’z do‘stingni do‘zaxga tashlab, jannatga kirishing mardlik emas», deb nido qilinadi. U sajdaga yiqilib do‘sti uchun shafoat so‘raydi. Natijada Alloh ikkalasiga ham jannatga kirmoqni buyuradi».
Ibn Abbosdan raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar:
«Kim musulmon birodarini ziyorat qilsa, uning uchun har bir qadamiga bitta qulni ozod qilganlik savobi beriladi. Bu ziyorati sababli uning mingta gunohi o‘chirilib, mingta savob yoziladi». Boshqa bir hadisda esa bunday deyilgan: «Men sizlarga jannat ahlidan bo‘lgan kishilaringizning xabarini
beraymi?» deganlarida, sahobalar: «Ha», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Payg‘ambarlar jannatda, siddiqlar jannatda, shahidlar jannatda, shahar chekkasida turadigan musulmon birodarini faqatgina Alloh roziligi uchun ziyorat qiladigan kishilar jannatdadir», dedilar.
Tabaroniy rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Jannatda bir turli qasrlar borki, ularning ichidan tashqarisi va tashqarisidan ichkarisi ko‘rinib turadi. Alloh taolo ularni bir-birini yaxshi ko‘radigan va bir-birini ziyorat qiladiganlar uchun hozirlab qo‘ygandir», dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Qiyomat kuni mahsharga avvalu oxirgilar jamlanganda, bir nido qiluvchi nido qiladi: «Yerdagi (ya’ni, dunyodagi) Allohning qo‘shnilari qaerda?» Odamlar ichidan bir to‘dasi turib, jannatga yo‘l oladilar. Farishtalar ularga: «Qaerga ketayapsizlar?» deyishganda, ular: «Jannatga», deyishadi. «Hali hisob-kitob bo‘lmasdan oldinmi?» deydi farishtalar. Ular: «Ha», deyishadi. Farishtalar: «Sizlar kimsizlar?» deganlarida, ular: «Biz Allohning qo‘shnilarimiz», deyishadi. Shunda farishtalar aytadilar: «Jannatga kiringlar, amal qilguvchilarning mukofoti naqadar ajoyib!»
Xabarda kelishicha, qiyomat kuni Allohning huzuriga ikki kishini olib keladilar. Ulardan biri itoatli mo‘min bo‘lsa, ikkinchisi osiy mo‘mindir. Alloh Rizvonga itoatli mo‘minni jannatga olib bormoqni, Zaboniyalarga esa osiyni do‘zaxga olib borib, azoblamoqni buyuradi. Itoatli mo‘min kulib, xursand holatda jannatga qarab yo‘l oladi. Jannatga yaqinlashgan vaqtda orqasidan: «Ey do‘stim, ey birodarim, menga rahm qilgin, meni shafoat et», degan nidoni eshitadi. Shu zahoti u joyida to‘xtab qoladi va jannatga kirmaydi. Shunda Rizvon unga: «Jannatga kir va Alloh seni jannatga kirgizganiga shukr qil», deydi. U esa: «Yo‘q, men jannatga kirmayman, meni do‘zaxga olib bor», deydi. Rizvon: «Nima uchun jannatga kirmay, do‘zaxga kirishga rozi bo‘lyapsan?» deb so‘raganida, u: «Chunki do‘zaxga ketgan osiy kishi mening do‘stim edi. U mendan hozir shafoat qilishni so‘radi. Modomiki, men uni shafoat qilishga va qutqarib jannatga kiritishga qodir emas ekanman, men uchun uning oldiga borib, u bilan birga azoblanmoqdan boshqa chora yo‘qdir», deydi. Shunda Alloh do‘sti sababli osiyni ham mag‘firat qilib, jannatga kiritadi.
Hikoya qilinadiki, ikki birodar yo‘liqib qolishdi. Shunda ularning biri ikkinchisidan qaerga ketayotganini so‘radi. U: «Baytullohni haj qildim va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabrlarini ziyorat etdim. O’zing qaerdan kelyapsan?» dedi. Ikkinchisi: «Men Alloh uchun yaxshi ko‘rgan birodarimni ziyorat qilib kelyapman», deb javob berdi. Birinchi kishi: «Sen birodaringni ziyorat qilish fazilatini menga berasanmi? Men senga haj qilganimning fazilatini beraman», dedi. U boshini chayqab «Yo‘q!» dedi. Shu payt nido eshitildi: «Yuzta nafl hajdan Alloh yo‘lidagi ziyorat Allohning huzurida afzaldir».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim yaxshi ko‘rgan birodarini Allohning roziligi uchun ziyorat qilsa, Alloh arshni ko‘tarib turgan farishtalarga: «Bandam meni ziyorat qildi, Men uni ziyofat qilishim lozim. Men bu bandam uchun jannatdan o‘zga ziyofatga rozi bo‘lmayman», deydi», dedilar».
Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar:
«Bir kishi Alloh yo‘lida do‘stlashgan birodarini ziyorat qilish uchun yo‘lga chiqdi. Alloh uning oldiga bir farishtani yubordi. Farishta unga: «Qaerga ketyapsan?» dedi. U: «Falonchini ziyorat qilgani ketyapman», deb javob berdi. Farishta: «U sening qarindoshing bo‘lgani uchunmi?» dedi. «Yo‘q», dedi u. «Uning oldida sen uchun biror bir manfaat bo‘lgani uchun uni ziyorat qilmoqchimisan?»
«Yo‘q», dedi u. Farishta: «Unda nima uchun uni ziyorat qilasan?» deb so‘radi. U: «Men uni Alloh uchun yaxshi ko‘raman», dedi. Shunda farishta: «Men Allohning elchisiman, Alloh seni ham, meni ham yaxshi ko‘radi», dedi.
Dostları ilə paylaş: |