RASULULLOHNING (sollallohu alayhi vasallam) ME’ROJGA CHIQISHLARI BAYONI
Alloh taolo aytadi:
ô⎯ÏΒ
…µçtƒÎ¸∴ã9Ï…µç9sθömy $oΨøZ t≈t/
“¿Ï!©$#
$|ę%ø{F#$ωfÉ¡óϑyø9$#
’
ωfÉ¡óyϑ9ø#$š∅ΒiÏξW‹ø9s⎯Íν‰Ï7öèy/Γ3¸u ór&
ü“¿Ï!©$#
⎯z≈ysö6ß™
∩⊇∪ 縬ęÅ7tø9$# ßşŠϑÏ¡¡9$# uθδè…絯ΡÎ) 4!$ΨozÏ≈tƒ#u™
"(Alloh) bir kecha O‘z bandasi (Muhammad) ni – unga oyat-mo‘’jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidal-Haromdan (Quddusdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo‘ygan Masjidal-Aqsoga sayr qildirgan (barcha aybu nuqsondan) pok zotdir. Darhaqiqat, U eshitguvchi, ko‘rguvchi zotdir" (Al-Isro surasi, 1-oyat).
Hasan ibn Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Menga salovotni ko‘p aytinglar, chunki sizlarning salovotlaringiz sabab gunohlaringiz mag‘firat bo‘ladi. Men uchun shafoat maqomini va ulug‘ darajalarni so‘ranglar, chunki men Rabbim huzurida sizlarga shafoatchi bo‘lurman" ("Jome’us sog‘ir").
Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki azonni eshitgan vaqtda: "Ushbu komil da’vatning va hozir bo‘lgan ushbu namozning Parvardigori bo‘lgan ey Alloh! Hazrati Muhammadga vasila va fazilat eto etgin. Ul zotni O‘zing va’da qilgan maqtovli maqomga chiqargin. Albatta, Sen va’daga xilof qilmaysan", desa, qiyomat kuni shafoatimga haqli bo‘ladi", dedilar.
Isro surasining birinchi oyati nozil bo‘lishiga sabab, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarga Me’roj voqeasini aytib berganlarida, ul zotni yolg‘onchiga chiqarishdi, shunda Alloh taolo o‘z payg‘ambarini tasdiqlab, bu oyatni nozil qildi.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oliy darajalariga yetganlarida Alloh taolo Payg‘ambarimizga: "Ey Muhammad! Nima bilan sizni sharaflantiray?" deb so‘radi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Senga bo‘lgan qulchilik – bandachilikni menga nisbat berish bilan meni sharflantirgin", dedilar. Shunda Alloh taolo oyatda Payg‘ambarimizni banda-qul deb zikr qildi.
Imom Buxoriy va Imom Muslimning "Sahih"larida Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Yer yuzida bino qilingan avvalgi masjid Masjidul Harom, undan keyin Masjidul Aqsodir. Uni Ibrohim (a.s.) Ka’bani bino qilganlaridan keyin Yoqub ibn Ishoq (a.s.) bino qilganlar".
Oyatning zohiri isro – sayr qildirish Baytul Maqdisgacha bo‘lganiga dalolat qiladi. Sahih hadislarda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) osmonga ko‘tarilganlariga ham dalil bor.
"Bu ikki dalil qanday jamlanadi va oyatda Masjidul Aqsoning faqat o‘zigina zikr qilinishidan ma’no nima?" degan savol tug‘ilishi mumkin. Aytamizki, Tungi Sayr – Isro Buroqning ustida Masjidul Aqsogacha bo‘lgan, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) u yerdan osmonga me’roj bilan ko‘tarilganlar. Me’roj – ko‘tariladigan asbob deganidir.
Agar Masjidul Aqsoni zikr qilmay, avvaldanoq osmonga ko‘tarilganliklarining xabari berilganida munkirlar me’rojni inkor etishlari yanayam shiddatli bo‘lardi. Shuning uchun Baytul Maqdisga sayr qildirilganlarining xabari ul zotning rost aytayotganlariga dalil bo‘lgan. Bu Tungi Sayrning alomatlari bo‘lib, odamlar ularni tasdiqlaganlari uchun ham Isro me’roj uchun bir hozirlanish bo‘lgandir.
Zuhriydan rivoyat qilinishicha, "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Isro kechasida ko‘rganlarini odamlarga xabar bergan vaqtlarida iymoni zaiflar dindan qaytdi. Odamlar fitna qo‘zg‘ay boshladi. Mushriklarning ba’zilari Abu Bakrning oldiga kelishib: "Sening sohibing bu kecha Baytul Maqdisga
borib, u yerdan osmonga ko‘tarilib, yana tong otmasdan qaytib kelganini da’vo qilyapti", deyishdi. Abu Bakr: "Agar shunday degan bo‘lsalar, rost aytibdilar", dedilar. Ular hayratlanib: "Sen bu gaplarni tasdiqlaysanmi?!" deyishdi. Hazrati Abu Bakr: "Ha. U zot bundan g‘aroyibroq narsani aytsa ham, tasdiqlayman", dedilar. Shuning uchun ham "Siddiq", deb nomlandilar. Mushriklardan biri kelib: "Ey Muhammad! Tur!" dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) turdilar. U: "Oyog‘ingning bittasini ko‘tar", dedi. Ko‘targan edilar, "Ikkinchisini ham ko‘tar", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ikkinchisini ko‘tarsam, yiqilib tushaman", dedilar. Shunda kofir: "Yerdan bir qarich ko‘tarila olmasang, qanday qilib osmonga va Sidratul muntahoga ko‘tarilding", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Masjiddan chiqib bu gapingni Aliga aytsang, u senga javob beradi", dedilar. U Aliga (r.a.) uchrashdi va savolini u zotga berdi. Ali (r.a.) qilichlarini sug‘urib, uning kallasini olib tashladilar. Shunda sahobalar Aliga (r.a.) e’tiroz bildirib: "Nima uchun uni o‘ldirding? Rasululloh senga javob berishni buyurdilar, o‘ldirishni emas", deyishdi. Hazrati Ali (r.a.): "Qaysar kimsaga javob mana shunaqa bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) unga javob berishdan ojiz qolmadilar, balki u javobni qabul qilmasligini aniq bildilar-da, o‘ldirishim uchun uni menga yubordilar", dedilar.
Aslida bu kofirning savoliga javob quyidagicha: "Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) o‘z kuch-qudratlari bilan bir qarich ham ko‘tarilishga qodir emaslar, lekin me’roj ishi har narsaga qodir Olamlar Rabbi tarafidan hosil bo‘lgandir". So‘ng mushriklar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kelib, Baytul Maqdisdagi narsalar haqida so‘ray boshlashdi. Rasululloh javob berganlaridan keyin ular, Shomga ketgan karvonimiz haqida xabar ber, uni ko‘rdingmi, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ha, karvonga Ravha degan joyga kelganda yo‘liqdim. Karvondagilar yo‘qolgan tuyalarini qidirib ketishgan ekan. Yuklarining ichida bir qadah suv turgan ekan, uni ichdim, so‘ng qadahni joyiga qo‘ydim. Karvondagilardan bu haqda so‘ranglar?" dedilar. Ular: "Bu bitta alomat bo‘ladi. Endi bizga tuyalar nechtaligini, yuklarni va kimlar borligining aytib ber", deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yuklarni, tuyalarni, kimlar borligini xabarini berdilar. Keyin ular: "Karvon qachon keladi?" deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Quyosh chiqishi bilan kirib keladi, karvonning boshida ikkita qop yuklangan, kulrang tuya bo‘ladi", dedilar. Ular karvonni kutib olish uchun chiqishdi. Ulardan biri: "Mana quyosh ham chiqib keldi", deganida, boshqasi: "Mana, karvon ham ko‘rindi. Allohga qasamki karvonning boshida kulrang tuya kelmoqda", dedi. Ammo ular Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) bergan xabarlari hammasi to‘g‘ri chiqqanidan keyin ham iymon keltirishmadi. Balki: "Bu ochiq-oydin sehrdir", deyishdi.
Abu Said Xudriy Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) Isro kechasi haqida so‘raganlarida, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Mening oldimga xachirga o‘xshash bir hayvon keltirildi. U Buroqdir. Nigohi tushgan joygacha qadamini qo‘yardi. Men unga minib ketayotganimda, o‘ng tarafimdan: "To‘xtang! Ey Muhammad", degan nidoni eshitdim. Qaramasdan ketaverdim, so‘ng chap tarafimdan ham shu nidoni eshitdim, unga ham qaramasdan ketaverdim. So‘ng qarshimdan, ziynatlanib olgan bir ayol chiqib: "To‘xtang, ey Muhammad", dedi. Men unga ham qaramasdan ketaverdim. So‘ng Baytul Maqdisga keldim. Buroqni nabiylar bog‘laydigan bir halqaga bog‘ladim. So‘ng masjidga kirdim va namoz o‘qidim. So‘ngra: "Ey Jabroil, o‘ng tarfimda bir nido eshitdim", deb so‘radim. Jabroil (a.s.): "U yahudiy da’vatchisi edi, agar to‘xtaganingizda, ummatingiz yahudiy diniga kirib ketardi", dedi. Men: "Chap tarafimda ham nido eshitdim", dedim. Jabroil (a.s.): "U nasroniy da’vatchisi edi, agar to‘xtaganingizda, ummatingiz nasroniy diniga kirib ketardi. Sizga yo‘liqqan ayol esa dunyo edi. Agar uning oldida to‘xtaganingizda, ummatingiz oxiratdan dunyoni afzal ko‘rib, dunyoga berilib ketgan bo‘lardi", dedi. So‘ng menga ikkita idish keltirildi. Birida sut, ikkinchisida may bor edi. Men sutni oldim va uni ichdim. Shunda Jabroil (a.s.): "Fitratga muvofiq ish qildingiz, agar mayni olganingizda, ummatingiz yo‘ldan adashib ketardi", deb aytdi".
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Makkada kechasi uyqu bilan uyg‘oqlik orasida turganimda, oldimga Jabroil (a.s.) keldi va menga: "Ey Muhammad, turing",
dedi. Turdim, qarasam, Jabroil (a.s.) Mikoil (a.s.) bilan kelgan ekan. Shunda Jabroil (a.s.) Mikoilga (a.s.): "Bir idishga Zam-zam suvidan keltiring, qalblarini poklaymiz", dedi. So‘ng ko‘kragimni yorishib, qalbimni uch marotaba yuvishdi, qalbimdan g‘illu g‘ashliklar chiqarib tashlandi va qalbim hikmat, ilm, iymon bilan limmo-lim bo‘ldi. So‘ng yelkamning o‘rtasiga nubuvvat muhrini qo‘yishdi. Shundan so‘ng Jabroil (a.s.) qo‘limdan ushlab, Zam-zam bulog‘ining oldiga olib keldi va: "Tahorat qiling", dedi. Men tahorat qildim. So‘ng: "Ketdik", dedi. Men: "Qaerga?" dedim, "Rabbingiz huzuriga", dedi. Meni Masjidul Haromdan olib chiqdi. Tashqarida eshakdan katta, otdan kichik bir hayvon turardi. U xuddi oq durdek bo‘lib, egari jannat egarlaridan edi. Ikki sonida ikki qanoti bo‘lib, chaqmoqdek yurardi. Nigohi tushgan yerga oyog‘ini qo‘yardi. Baytul Maqdisga kelgunimizgacha yurdik. Biz Baytul Maqdisga yetib kelganimizda, osmondan farishtalar tushib, meni qutlay boshlashdi: "Sizga salom bo‘lsin", deyishardi. So‘ng masjidga kirdim, masjidda payg‘ambarlarning barchasi jamlangan ekan. Ular ham meni qutlashdi. So‘ngra Jabroil (a.s.) meni qanotlariga qo‘yib, osmonga ko‘tarildi. Dunyo osmoniga yetganimizda eshigini taqillatdi. "Kimsan?" degan tovush eshitildi. "Men Jabroilman", dedi. "Sen bilan kim bor?" deyildi. Jabroil: "Hazrati Muhammad alayhissalom", dedi. Eshik ochildi. Biz eshikdan kirdik. Mana shu holatda yettinchi qavat osmonigacha ko‘tarilib bordik. Yettinchi qavat osmoni eshigidan kirgan vaqtimizda Baytul Ma’murga suyanib o‘tirgan Hazrati Ibrohimni (alayhissalom) ko‘rdim. Baytul Ma’murga har kuni yetmish ming farishta kirib chiqar, bir marta tashrif buyurganlariga qaytib kelish navbati tegmas ekan. Keyin Sidratul Muntaho daraxtini ko‘rgani bordik. Uning yaproqlari filning qulog‘idek, mevalari qovoqdek kelar ekan. Rabbimning amriga binoan bu daraxt o‘zgarib, tovlanib turadi. Uning ta’rif, tavsifiga barcha maxluqlar qatori odam ham ojiz. Alloh taolo menga ba’zi ishlarni vahiy qilib, bir kecha-kunduzda ellik marotaba namoz o‘qishni buyurdi. Men birodarim Musoning (alayhissalom) yoniga kelganimda, u: "Rabbingiz ummatingizga nimalarni farz qildi?" dedi. Men ellik marta namoz o‘qishni buyurganini aytdim. U: "Izingga qaytib, Rabbingizdan ibodatni yengillatishini so‘rang, ummatingizning bunga toqati yetmaydi. Sizdan avval men buni bani Isroilda sinab ko‘rganman", dedi. Men darrov izimga qaytib: "Ey Rabbim, ummatimga yengillik ber", deb yolvordim. U namozning besh mahalini qisqartirdi. Musoning (alayhissalom) oldiga kelib, voqeani bayon etdim. U ortga qaytib, yana yengillik so‘rashimni maslahat berdi. Shu zayl Rabbim bilan Musoning o‘rtasida qatnadim. Toki Parvardigorim: "Ey Muhammad! Bir kecha-kunduzda besh mahal namozni farz qildim, har bir namozga o‘n mahalning, besh mahalga ellik mahalning savobini beraman. Kimki biror ezgulikni o‘ylab, uni qilolmasa, bitta savob, mabodo, ko‘ngliga tukkan ezgulikni ro‘yobga chiqarsa, o‘nta savob beriladi. Kimki biron shumlikni ko‘zlasa-yu, amalga oshirmasa, yomonlik yozilmaydi. Mabodo, o‘ylagan yomonligini qilsa, bitta yomonlikning gunohi yoziladi", dedi. Birodarim Musoning yoniga kelib bo‘lgan gap-so‘zlarni aytdim. U yana: "Rabbingizdan yengillik so‘rang", deb maslahat berdi. Men: "Endi Rabbimning huzuriga borishdan uyalaman", dedim".
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) shu kecha Makkaga qaytdilar. Ertalab masjidga chiqqanlarida Abu Jahl ibn Hishomga tunda yuz bergan voqealarni gapirib berdilar. Esi og‘ib qolgan Abu Jahl: "Hoy, Ka’b ibn Luay jamoasi, bu yoqqa kelinglar!" deb odamlarni chaqirdi. Tamoshatalab Quraysh mushriklari yugurgilab kelishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularga ham Me’roj voqeasini bayon etdilar. Kofirlar hayratdan yoqa ushlab, bo‘lmagan gap, deya shovqin solishdi. Ba’zilari chapak chalib yuborishdi, ba’zilari peshonasini ushlab o‘yga cho‘mishdi, iymoni zaiflari shu zahoti dindan chiqdi. Erinmagan xabarchilar bu gapni Abu Bakrga yetkazishdi, ul zot: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday degan bo‘lsalar, demak, rost", dedilar. "Uning shu bo‘lmag‘ur gapiga ham ishonasanmi?" deyishdi mushriklar. "U zotning bundan g‘ayritabiiyroq gaplariga ham ishonaman", dedilar Abu Bakr. Shu kundan e’tiboran Abu Bakr "Siddiq" (rostgo‘y, tasdiqlovchi, haqgo‘y) deb ataldilar. Nochor qolgan mushriklar Rasulullohni sinab ko‘rmoqchi bo‘lishdi. Baytul Maqdisning shakli-shamoyili qandayligini so‘rashdi. Rasululloh uni ilgari ko‘rmagan edilar, lekin uning qanday qurilganini, nechta eshigi borligini, hatto qanday bezaklar bilan bezatilganini aniq aytib
berdilar. "Buni-ku topdik, endi bizning o‘sha yoqqa ketgan karvonimiz haqida gapirib ber", deyishdi mushriklar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) mushriklarning Shomga ketgan karvonida nechta tuya borligini, karvondan odamlarining ahvoli haqida batafsil xabar berib, "Karvon falon kuni tong yorishganda shaharga kirib keladi, targ‘il tuyalar yo‘l boshlovchi bo‘ladi", dedilar. Mushriklar aytilgan kuni yo‘lga chiqib turishdi. Chindan ham quyosh ufqdan bosh ko‘targanda, uzoqdan ikki kulrang tuya yetovidagi karvon ko‘rindi, lekin bu hol ularning iymon keltirish o‘rniga kofirliklari va hasadlarini badtar kuchaytirdi. Ular bu hodisani ko‘z bog‘lagichlikka, folbinlikka yo‘yishdi.
Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) Allohni ko‘rganlariga kelsak, bu mavzuda salaf ulamolar ixtilof qilganlar. Hazrati Oyisha onamiz (r.a.) buni inkor qilganlar va: "Kimki Muhammad Allohni ko‘rgan, desa, yolg‘on gapiribdi", deganlar. Abdulloh ibn Abbos: "Isro kechasi Me’rojda Hazrati Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Allohni ko‘zlari bilan ko‘rganlar", deganlar. Ba’zi ulamolar, ul zot qalb ko‘zlari bilan ko‘rganliklarini rivoyat qilishgan. Robiya ibn Anasdan rivoyat qilingan hadisda aytiladiki: "Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) "Rabbingizni ko‘rdingizmi?" deb so‘rashganida, Sarvari olam (sollallohu alayhi vasallam): "Qalbim ko‘zi bilan ko‘rdim, boshdagi ko‘zim bilan ko‘rmadim", deganlar".
Dostları ilə paylaş: |