«Albatta, Qorun o‘zi Muso qavmidan edi. Bas, u (qavmdoshlariga) kibr havo qildi... Bas, Biz (Qorunni) ham, uning hovli-joyini ham Yerga yutdirdik» (Qasos
surasi, 76-81).
Ibn Javziy aytganlarki, Qorunning haddan oshishi borasida bir qancha qarashlar bor:
1. U bir fohishaga Muso alayhissalomga tuhmat qilgin, nomini badnom etgin, deb pul
beradi. U shunday qiladi. Muso alayhissalom undan aytgan gapiga qasam ichishini talab
etadi. U Qorun bilan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gap-so‘zni xabar qiladi. Qorun shunday qilib
haddidan oshgan. Bu gap Ibn Abbosning fikri.
2. U Alloh azza va jallaga kufr keltirib haddidan oshgan. Zahhok shunday degan.
3. Kibr qilib haddidan oshgan. Bu Qatodaning fikri.
4. Kiyimlarini bir qarich uzun qilib sudrab yurgan. Ato Xurosoniy shunday degan.
5. U Fir’avnning xodimi bo‘lgan va Bani Al-Isroilga zulm va tajovuz qilgan. Movardiy shu
fikrni bildirgan.
«Bas, Biz o‘zini ham, hovli joyini ham (erga) yutdirdik» oyati karimasining sharhida
shunday deyiladi: «Qorun fohishani Muso alayhissalomga tuhmat qilishga buyurgach,
Muso alayhissalom darg‘azab bo‘ldilar va Qorunni duoibad qildilar. Shunda Alloh taolo:
«Men yerga senga itoat etishni buyurdim. Bas, unga buyur», deb vahiy qildi. Muso
alayhissalom: «Ey yer, uni yut», dedi. Yer uni yutib yubordi. Qorun buni ko‘rgach, Muso
alayhissalomdan rahm qilishni o‘tinib, yolvora boshladi. U zot: «Ey yer, uni yut», degan
edi, oyoqlarini yutib yubordi. Muso alayhissalom Qorunni butunlay yutib
yuborgunigacha, «uni yutgin», deb buyuraverdi. Shunda Alloh taolo u zotga vahiy qildi:
«Ey Muso, izzatim va ulug‘ligimga qasamki, agar Mendan yordam so‘raganida, unga
najot berardim».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilarki, yer uni qa’riga yutib yubordi.
Samura ibn Jundub roziyallohu anhu aytdilarki, u tunu kun bo‘yi barobar yer tagigacha
kirib ketaverdi.
Muqotil aytganlarki, Qorun halok bo‘lgach, Bani Isroil: «Muso uning hovlisi va hisob-
kitobini o‘ziniki qilib olish uchun halok etdi», deb gap tarqatdi. Alloh uning hovlisi-yu,
mol-dunyosini ham yerga yuttirib yubordi.