kumushlar) jahannam o‘tida qizitilib, u bilan ularning peshonalari, yonlari va ketlariga tamg‘a bosilib: «Mana bu o‘zlaringiz uchun to‘plagan narsalaringizdir. Endi to‘plagan narsalaringizning mazasini totib ko‘ringlar» (deyilur)» (Tavba
surasi, 34–35).
Butun a’zolar orasidan faqatgina peshona, yonbosh va orqa tomonga tamg‘a
bosilishining boisi, baxil boy faqirlarni ko‘rganda, peshonasini tirishtirib, yonboshi bilan
turib olar, agar yaqiniga kelsa, orqasini o‘girib olar edi. Jazo qilmishiga yarasha, mos
bo‘lishi uchun mazkur a’zolarga tamg‘a bosiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir oltin yoki kumush sohibi
boyligining haqini (zakotini) bermas ekan, qiyomat kuni bo‘lganda olovdan qozonlar
yasalib, boyligi jahannam olovida qizdiriladi-da, u bilan peshonasi, yonboshi va orqa
tomoniga tamg‘a bosiladi. Agar u sovib qolsa, darhol boshqatdan qizdiriladi. Bu miqdori
ellik ming yilga teng bo‘lgan kunda, to bandalar orasida hukm qilinguncha davom etadi.
So‘ng jannatga yoki do‘zaxga eltuvchi yo‘lini ko‘radi». «Yo Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam, tuyalar-chi?» deb so‘rashdi. Rasululloh aytdilar: «Tuya sohibi ham uning
haqqini ado qilmas ekan (uning haqqi sug‘orilgan kuni sog‘ib olinishidir), qiyomat kuni
o‘sha tuya uchun tekis joy hozirlab beriladi. Tuyaning biror bolasi ham qolmasdan,
egasini tuyoqlari bilan toptaydi, og‘izlari bilan tishlaydi, ustidan avvalgisi o‘tsa, yana
boshqasi qaytib keladi. (Bu ish) miqdori ellik ming yil bo‘lgan bir kunda toki bandalar
orasida hukm qilinib, (tuya sohibi) yo‘li jannatga yoki do‘zaxga ekanini ko‘rguncha
(davom etadi)».
Yana aytildi: «Yo Rasululloh, sigir va qo‘ylar-chi?» Rasululloh aytdilar: «Qaysi bir sigir
yoki qo‘y egasi uning haqqini ado etmasa, qiyomat kuni bo‘lganda (o‘sha sigir va qo‘y
uchun) hamma narsa ko‘rinadigan tep-tekis bir yer kengaytirib beriladi. (U sigir va
qo‘ylar) ichida shoxi bir-biriga kirishib ketgan bo‘ladi, shoxsiz yoki shoxi singani
bo‘lmaydi, ular uni (egasini) shoxlari bilan suzadilar, tuyoqlari bilan toptaydilar, ustidan
bittasi o‘tib ketsa, yana boshqasi kelib bosadi. (Bu ish) miqdori ellik ming yil bo‘lgan bir
kunda bo‘lur. Toki hukm qilinib, (mol egasi) yo‘li jannat yoki do‘zaxga ekanini
ko‘rguncha (davom etadi)».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Do‘zaxga birinchi bo‘lib kiradigan uch
toifa: zolim amir, molidagi Alloh taoloning haqini ado qilmaydigan boy, mutakabbir
kambag‘al» (Ibn Hibbon, Ibn Huzayma rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Kimning Alloh taolo baytini haj qilishga yetadigan
mablag‘i bo‘lsa-yu, haj qilmasa, yoki zakot berish vojib bo‘lsa-yu, zakot bermasa
o‘layotgan vaqtida hayotga qaytarilishini so‘raydi», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Ibn
Abbos, Allohdan qo‘rq, hayotga qaytarilishni kofirlar so‘raydi», deya e’tiroz bildirdi. Ibn
Abbos roziyallohu anhu: «Senga bu haqda Qur’on (oyati) o‘qib beraman. Alloh taolo: