Microsoft Word islom karimov asarlar 19-jild ziyouz com doc



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə4/62
tarix02.01.2022
ölçüsü0,6 Mb.
#41554
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   62
19tom2011yilpdf

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti I.Karimov

OZBEKISTON PAXTAKORLARI VA BARCHA MEHNATKASHLARIGA
Qadrli do‘stlar!

Bugun el-yurtimiz hayotida quvonchli bir kun. Mamlakatimiz paxtakorlari 3 million 400 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, katta mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritdilar.

Haqiqatan ham ulkan va sharafli mehnat samarasi bo‘lmish mana shunday marraga erishganingiz bilan o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan siz, azmi qat’iy dehqon va fermerlarimizni, barcha qishloq mehnatkashlarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, bu yilgi mavsumning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ko‘p gapirish mumkin, lekin men uchta muhim jihatga alohida e’tibor qaratishni o‘rinli deb bilaman.

Avvalo, qishloq mehnatkashlarining yuksak uyushqoqlik namunasini ko‘rsatib, ishni to‘g‘ri va oqilona tashkil etish hisobidan bu yilgi hosilni paxtachilik tariximizda kam uchraydigan g‘oyat qisqa muddatda yig‘ib- terib olishga erishganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim.

Qo‘lga kiritilgan bu yutuqning e’tiborli ikkinchi tomoni shuki, yetishtirilgan paxtaning asosiy qismi yuksak sifat bilan tayyorlandi. Mamlakatimiz bo‘yicha birinchi navga topshirilgan paxta xomashyosining ulushi taxminan 90 foizni tashkil etgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.

Yana bir diqqatga sazovor tomoni – bu yil paxtachilikda hosildorlik darajasi sezilarli ravishda oshgani barchamizni quvontiradi. Joriy yilda mamlakatimiz bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga oshib, gektaridan 26,3 sentnerni tashkil etgani buning yorqin dalilidir.

Bunday muhim yutuq avvalambor barchamizni boqadigan yerimizning unumdorligi, shu bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligida mehnat samaradorligining tobora ortib borayotganidan darak beradi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Bugun mana shunday qutlug‘ ayyomda mamlakatimizning yuksak xirmoniga munosib hissa qo‘shgan viloyatlar, tuman va fermer xo‘jaliklarining nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Bu yilgi mavsumda Navoiy viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining paxtakorlari shartnomaviy majburiyatlarni qisqa muddatlarda ortig‘i bilan ado etgani uchun har qancha tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

Shu borada Amudaryo, Paxtaobod, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Vobkent, Gurlan tumanlari sentabr oyida, Kegeyli, Oltinko‘l, Izboskan, Romitan, Shahrisabz, Muborak, Qiziltepa, Navbahor, Narpay, Denov, Xonqa tumanlari esa oktabr oyining boshida, 20-25 ish kunida birinchilar qatorida rejalarni bajarib, boshqalarga o‘rnak bo‘ldilar.

Yuqori sifat ko‘rsatkichlariga erishgan Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida paxtaning 90-94 foizi, Shahrisabz, Koson, Vobkent, Qorovulbozor, Qiziltepa, Amudaryo, Narpay, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo kabi tumanlarda esa 94-97 foizi birinchi navga topshirilgani ayniqsa e’tiborlidir.

Hosildorlik bo‘yicha yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan Qanliko‘l tumanidagi “Ganjebek”, Buloqboshi tumanidagi “Baraka hosil samarasi”, Romitan tumanidagi “To‘xtamurod”, Kasbi tumanidagi “Kenja bobo Egamberdiyev”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hosil”, Denov tumanidagi “Mamatmurod Hotamov”, Arnasoy tumanidagi “Sangzor”, Navbahor tumanidagi “Muslim Madaminov”, Chinoz tumanidagi “Hikmatilla Yo‘ldoshev”, Oltiariq tumanidagi “Nurobod”, Namangan tumanidagi “Navbahor namunasi”, Sirdaryo tumanidagi “Tinibek bobo”, Xonqa tumanidagi “Bekajon Sobirova” kabi fermer xo‘jaliklarida – bunday ajoyib yutuqlarga erishgan xo‘jaliklar sonini yana ko‘plab keltirish mumkin – gektaridan 45-50 sentner va undan ham yuqori hosil olinganining o‘zi dehqonchiligimiz tarixiga yangi sahifa bo‘lib kirishi shubhasiz.

Ko‘pchilikning e’tiborini, hayrat va havasini uyg‘otadigan, joriy yilda erishgan yutuqlarimiz negizida yotgan mezon va omillar haqida alohida gapirishni zarur deb bilaman.

Avvalo, buning zamirida keyingi yillarda g‘o‘za seleksiyasi masalasiga katta e’tibor qaratib, O‘zbekistonning har qaysi hudud va mintaqasiga mos bo‘lgan, kasalliklarga chidamli, ertapishar va serhosil, yuqori daromad beradigan navlarni yaratish va tanlash, ularni rayonlashtirish bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz mujassam ekani barchamizga ayon.

Ayni vaqtda zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilgani, hosilni zararkunandalardan himoya qilishda biologik usullardan keng foydalanilgani, barcha agrotexnik tadbirlar, jumladan, defoliatsiya o‘z

vaqtida va sifatli o‘tkazilgani yutuqlarimizda hal qiluvchi omil bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Shu borada bundan uch yil oldin qabul qilingan, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan dasturimizning ahamiyati, mohiyati va samarasini, o‘ylaymanki, baholashning o‘zi qiyin. Bu fikrning tasdig‘ini quyidagi raqamlar yaqqol ifoda etadi. 2008-2010 yillar davomida mamlakatimiz bo‘yicha 37 ming kilometrdan ortiq, shu jumladan, 35 ming kilometrlik tumanlar va xo‘jaliklararo kollektor va drenaj tarmoqlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish hisobidan 740 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Buning uchun mamlakatimiz bo‘yicha taxminan 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilganining o‘zi bu masalaga qanday katta e’tibor berayotganimizning isbotidir.

Albatta, qo‘lga kiritgan yutuqlarimizning poydevori bo‘lgan, ulkan mablag‘, kuch va imkoniyatlarni talab qiladigan bunday dastur va tadbirlar haqida gapirishimiz tabiiy. Lekin, qishloq xo‘jaligi sohasini samarali boshqarishni zamonaviy darajaga ko‘tarish yo‘lida chuqur islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochib berish, uni dehqonchilikning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish, shuning hisobidan dalada ishlayotganlarning mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish bu borada eng muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Biz bugungi kunda dehqon va fermerlarimizning dunyoqarashi tobora yuksalib, yerga, mehnatga munosabati tubdan o‘zgarib, ularda o‘z yeriga haqiqiy egalik hissiyotining kuchayib borayotganini qishloq hayotini obod va farovon etishning, el-yurtimiz qo‘lga kiritayotgan barcha marralarning asosiy sharti va garovi deb bilamiz.

Hech kimga sir emas – har qanday yutuqning pirovard natijasi daromad bilan – bu qishloq xo‘jalik xodimi yoki oddiy dehqonning daromadi bo‘ladimi, tuman yoki viloyat, qolaversa, davlat budjetiga tushadigan mablag‘ bo‘ladimi – hamma qilayotgan ishlarimizning samarasi daromad va yana bir bor daromad bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, bu yil paxtachilikdan olinadigan umumiy daromad taxminan 2 trillion so‘mdan ziyod bo‘lishi va o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payishi kutilayotgani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Xalqimizda daromadga yarasha buromad, degan oqilona hikmat bor. Shu nuqtai nazardan qaraganda, qo‘lga kiritgan daromad hisobidan yangi- yangi maktablar, litsey va kollejlar, shifoxonalar, qishloq vrachlik

punktlari, madaniyat va sport maskanlarini qurish, qishloqlarda qulaylik nuqtai nazaridan shahardagidan aslo kam bo‘lmagan zamonaviy uy-joylar barpo etish, yo‘llarni ta’mirlash, aholini tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirish borasida oldimizda katta imkoniyat va ufqlar paydo bo‘lishini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Aziz do‘stlarim, birodarlarim!

Mana shu xursandchilik damlarida barchamizni yorug‘ kunlarga yetkazib, el-yurtimizni o‘z panohida asrab, bizdan marhamatini darig‘ tutmasdan, hamisha yo‘limizni ochib berayotgani uchun Yaratganimizga shukronalar aytishimiz ham qarz, ham farz deb bilaman.

Sizlarni, butun xalqimizni bugungi katta g‘alaba bilan yana bir bor tabriklar ekanman, hammangizga chin qalbimdan minnatdorlik bildirib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik- osoyishtalik va qut-baraka tilayman.

Mehnatingizning rohatini ko‘ring, hech qachon kam bo‘lmang, qadrdonlarim!


Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin