AKTIV = XUSUSIY KAPITAL + MAJBURIYaTLAR Bu tenglikdan ko’rinib turibdiki, xususiy kapital har bir xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining mulkiy va moliyaviy holatini ifodalaydi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1997 yil 15 yanvaridagi 5-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan moliyaviy hisobotning 5-shaklda xususiy kapitalning tuzilmasi quyidagilardan iboratdir, deb ko’rsatilgan: ustav kapitali, qo’shilgan kapital, rezerv kapitali, taqsimlanmagan foyda, xususiy kapital bilan qoplanmagan zarar.
Xususiy kapital deganda xo’jalik yurituvchi sub’ektga tegishli bo’lgan mulkning qiymati tushuniladi. Bu kapital jami kapital bilan qarzga olingan kapitalning o’rtasidagi farq sifatida aniqlanishi mumkin, ya’ni:
Kx = Kj - Kq. Bunda, Kx - xususiy kapital, Kj - jami kapital, Kq-qarzga olingan kapital.
Xususiy kapitalni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun ularni bir qancha belgilari bo’yicha tasniflashni taqozo qiladi. Aksariyat olimlar xususiy kapitalni tasniflash belgilari sifatida ularning turlarini, xizmat muddatlarini, tashkil etish manbalarini olish zarur, deb hisoblaydilar.
Ularni tasniflashda moddiylik belgisini, turgan joyi, faoliyatda ishtirok etish darajasini ham e’tirof etish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, tasniflash belgilarining ierarxiyasini to’g’ri asoslash ham uni o’rganishda muhim omildir. Chunki bu tizimni aniq belgilash xususiy kapital elementlarini bosqichma-bosqich birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali schyotlarda aks ettirish, ular to’g’risidagi ma’lumotlarni umumiylikka qarab yig’ish, jamlash, to’plashning yaxlit tizimini yaratishga imkon beradi. Bu esa nazariy va metodologik jihatdan katta ahamiyat kasb etadi.
Xususiy kapitalni tasniflashning ierarxik tizimi tizimi quyidagi ketma-ketlikdan tashkil topishi lozim.
Xususiy kapitalni tasniflash belgilari ierarxik tizimi
Ushbu shakldan ko’rinib turibdiki, xususiy kapitalni tasniflashning yuqori bo’g’inida uning moddiylik belgisi turadi. Ushbu belgisiga ko’ra, aktsiyadorlik jamiyatlarining barcha xususiy kapitalini ikki guruhga, ya’ni moddiy xususiy kapital va nomoddiy xususiy kapitalga ajratish mumkin.
Moddiy xususiy kapital deganda, aktsiyadorlik jamiyatlarining moddiy bo’lgan barcha aktivlari tushuniladi. Aktsiyadorlik jamiyatlarining barcha moddiy xususiy kapitali barcha aktivlarning bir qismi sifatida buxgalteriya balansining «AKTIV» qismida joylashadi. Nomoddiy xususiy kapital o’z ifodasini nomoddiy aktivlarda topadi. Bu ham buxgalteriya balansining aktiv qismida joylashadi.
Xizmat muddati belgisi bo’yicha xususiy kapital aktsiyadorlik jamiyatlariga qancha muddatda iqtisodiy samara berishi, ya’ni foyda keltirish bilan tasniflanadi. Ushbu belgi bo’yicha barcha xususiy kapitalni uzoq muddatli va qisqa muddatli xususiy kapitalga ajratish mumkin. Xizmat muddati belgisi sifatida buxgalteriya hisobida, odatda, bir yillik muddat qabul qilingan. Ushbu muddatga ko’ra bir yildan ko’p xizmat qiladigan xususiy kapital uzoq muddatli, 1 yilgacha amal qiladigan xususiy kapital esa qisqa muddatli xususiy kapital hisoblanadi.
Uzoq muddatli xususiy kapitalga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar (patent, litsenziya, turli huquqlar, yangi g’oyalar va boshqalar) va bir yildan kam bo’lmagan muddatga qo’yilgan qo’yilmalar kiradi. Qisqa muddatli xususiy kapitalni adabiyotlarda (shu jumladan, 1997 yil 1 yanvardan qo’llanilib kelinayotgan buxgalteriya balansida) «aylanma aktivlar» deb ham ataydilar. Ularga ishlab chiqarish zaxiralari, tovar moddiy boyliklar, pul mablag’lari va boshqalar kiradi.
Faoliyatda ishtirok etish darajasiga ko’ra barcha xususiy kapitallar faol va faol bo’lmagan xususiyatlarga ega bo’lishi mumkin. Odatda, aylanma mablag’lar, asosiy vositalarning faol qismi (mashina va mexanizmlar) korxona faoliyatida faol ishtirok etadi va ko’proq foyda keltiradi. Hisob-kitoblar bo’yicha boshqa mijozlarda bo’lgan xususiy kapital, ya’ni debitorlik qarzlar korxona faoliyatining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Turgan joyiga ko’ra xususiy kapital ekspluatatsiyadagi, ya’ni foydalanishdagi va zaxiradagi (konservatsiya qilingan) xususiy kapitalga bo’linadi. Foydalanishdagi kapital bu aktsiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy-xo’jalik faoliyatini yuritishda qatnashayotgan kapitaldir.
Zaxiradagi kapital esa vaqtinchalik qurilishi tugatilmagan binolar, tsexlar, ishlab chiqarishga mo’ljallanib sotib olingan, lekin mablag’ etishmasligi sababli vaqtincha omborda turib qolgan uskuna va jihozlardan iboratdir.
Turi va ko’rinish belgisiga ko’ra xususiy kapital real moddiy-tovar boyliklaridan iborat bo’ladi, ya’ni u, bino, inshootlar, materiallar, tayyor mahsulotlar, tovarlar, pul mablag’lari va boshqalar hisobiga shakllanadi. Bular ham buxgalteriya balansida o’z aksini topgan.
Aktsiyadorlik jamiyatining xususiy kapitali, asosan, quyidagi manbalar hisobidan shakllanishini kuzatish mumkin, ya’ni: aktsionerlarning mablag’laridan, ta’sischilar ulushidan, faoliyatdan olingan foydadan, qaytarib bermaslik sharti bilan olingan mablag’lardan va hokazolardan.
Korxonalar, shu jumladan, aktsiyadorlik jamiyatining xususiy kapitalini shakllantirish manbalari ichida eng muhim rolni ustav kapitali o’ynaydi. Hisob-kitoblarga ko’ra ustav kapitalining hajmining jami xususiy kapitaldagi hissasi ko’pchilik korxonalarda, shu jumladan aktsiyadorlik jamiyatlarida 90% gacha boradi.