kabi yog‘du sochaveradilar, ezgulik yo‘lini ko‘rsatuvchilar yulduzlarga o‘xshab mudom va mangu charaqlab turaveradilar». Faylasufning hayoti haqida uning o‘g‘li Immanuil German Fixte o‘z xotiralarida yozib qoldirgan. Fixtening to‘la asarlari to‘plami 8 jilddan iborat bo‘lib, undan quyidagi asarlar o‘rin olgan: «Axloqiylik haqidagi ta’limot tizimi» (1794), «Olimning vazifalari to‘g‘risida ma’ruzalar» (1794), «Umumiy ilmi donish asoslari» (1794-1795), «Ilmi donish yoki falsafa deb ataluvchi tushuncha to‘g‘risida», «Tilga qobiliyat va tilning kelib chiqishi to‘g‘risida» (1795), «Tabiiy huquqning ilmi donish tamoyillariga muvofiq asoslari» (1797), «Keng ommaga eng yangi falsafaning asl mohiyati haqidagi quyosh kabi yorqin xabar» (1800), «Yopiq savdo davlati» (1800), «Yangi falsafiy tamoyillarning ilmi donish nuqtai nazaridan tarixi va tanqidi» (1830). Fixtening qarashlari o‘ziga xos va favqulodda sermahsuldir. Uning fikricha, Alloh yaratgan olam ichra yana bir olam – inson olami mavjud. Uni inson yaratgan. Aslini olganda bizni o‘rab turgan olamda odamlar qo‘li bilan yaratilgan narsalar bisyor. Ular zamondoshlarimiz, ajdodlarimiz mahsulidir. Biz bu mahsullarni so‘zda ifoda etamiz, fikrlar vositasida o‘ylaymiz. Ajdodlardan meros qolgan muammolarni muhokama qilamiz. Ular nom qo‘ygan va oydinlashtirgan narsalarni ko‘ramiz. Ular qoldirgan turmush tarzi asosida yashaymiz. Inson oyog‘i yetmagan go‘shasi yo‘q tabiatning qo‘ynida kun kechiramiz. Hamma narsaning tarxi buzilgan, hamma narsaga ta’sir o‘tkazilgan, hamma narsa o‘zgartirilgan. Fixte ana shunday xulosalar bilan olamni o‘rganish va anglashdagi yangicha, dadil tashabbuslarga yo‘l ochib berdi. * * *