www.ziyouz.com kutubxonasi
35
Jamol KAMOL
«QIZIL, SORIG‘, YASHIL...»
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,
Shu’layi ohim esar har yon qizil, sorig‘, yashil.
Gulshan etdim ishq sahrosin, samumi ohdin,
Kim esar ul dasht aro har on qizil, sorig‘, yashil.
Orazi, xoling oila xatting xayolidin erur,
Ko‘zlarimning oldida davron qizil, sorig‘, yashil.
Shishadek ko‘nglimdadir gulzori husning yodidin
Tobadoning aksidek alvon qizil, sorig‘, yashil...
La’lgun may tutqil oltin jom birlan sabzada,
Kim bulardin yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig‘, yashil:
Faqr aro beranglik dushvor erur behad, valek,
Hirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.
Ey, Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,
Bo‘ldi nazming rangidin devon qizil, sorig‘, yashil...
Alisher Navoiy g‘azallari – go‘zallik mulkining mangu so‘lmas chechaklaridir. Ularda ishq bor,
dard bor, farah bor... Beorom, otashin qalbning buyuk talpinishlari, yuksak, oliyjanob ruhning betakror
suvratlari, manzaralari...
Ma’no va tafakkur, xayol va tasavvurning avj pardalari, uchqur parvozlari, so‘ngsiz jilvalari,
demakdir... Ularni baholash, talqin etish uchun biz, faqirlarga Navoiy yetukligi darajasiga ko‘tarilish
yo‘l bo‘lsin, lekin, harholda hazratning ma’naviy dunyosiga yaqinlashish, uning kamoliga ergashish
shart. Shu ma’noda Navoiy ijodi buyuk bir ko‘zgudirkim, har kimsa unga ko‘z solib, unda ko‘zi
ilg‘agancha ko‘rar, u bir xazinadirkim, har kishi unga qo‘l cho‘zib, undan qurbi yetganicha olar...
Navoiyning har bitta bayti zamirida bir, uch, besh yoki o‘nlab ma’no va mazmunlar yashirin, inchunin,
ularning izohi uchun bir, uch, besh yoki o‘nlab talqinlar tug‘ilishi muqarrar. Ularning qirralari,
chizg‘ilari, tovlanishlari, ramzu ishoralari behisob. Bir yo‘la qamrab olib bo‘lmaydi. Dunyoni bir
qarashda qamrab yoki bitta talqinga sigdirib bo‘lmagandek... Lekin Navoiy dunyoqarashining bosh
ustuni bor. U shoir dunyosini, uning osmondek azamat gumbazini boshida tikka ko‘tarib turadi. Bu -
tasavvuf ta’limoti, naqshbandiylik tariqati. Shoir falsafasi ana shu ta’limot, ana shu tariqatga suyanadi.
Bu ta’limot va tariqatning qisqacha mazmuni shunday: olamdan maqsad – odamdan maqsad – xudo,
xudodan maqsad – kamolot, kamolotning esa yo‘li cheksiz. Bu yo‘lga chiqqanlar «haqiqat yo‘lchilari»
atalib, ishq-muhabbat ularga rahiamo bo‘ladi... Alisher Navoiy olam va odamni ana shu nuqtai
nazardan kuzatadi va idrok etadi, boshqacha aytganda, u olam markazida odamni, odam siymosida
olamni ko‘radi, olam va odam birligida esa «husni mutlaq», «mehri mutlaq» quyoshning rang-barang
shu’lalarini ko‘rib, hayrat va hayajonga tushadi. Uniig g‘azallari haq-haqiqatning ana shu cheksiz
shu’lalari qarshisidagi cheksiz hayrat va hayajonlarning so‘ngsiz nidolari, sadolaridirlar. O‘qiymiz, ilk
manzara — ilk hayrat:
Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar
Dostları ilə paylaş: |