Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar
www.ziyouz.com kutubxonasi
47
Nusratullo JUMAYEV
SATRLAR SILSILASIDAGI SEHR
She’rdagi badiiyat salmog‘i — mazmun, g‘oya va ruhiy ta’sir kuchini teran tushunish uchun
asarning shakliy tuzilishi, so‘zlar, satrlar aro ma’nan, suratan bog‘lanish sehrini ilg‘ab olish muhim.
Shunday tarkibiy tuzilish badiiyatini ilmda «kompozitsiya» istilohi ifodalaydi. Barcha rubobiy (lirik)
asarlar singari, g‘azalda ham kompozitsiya tabiiy xususiyat. San’atkor atay kompozitsiya yaratmaydi,
muayyan kompozitsiya tanlab, so‘igra shu asosda asar yozmaydi. Kompozshshya — shakl masalasi.
G‘azal badiiyati — mazmun va shakl birligi, mutanosibligi mahsulidir. Shunday ekan, g‘azalning
bo‘lg‘usi mazmuni o‘ziga xos kompozitsiya bilan birga bunyodga keladi.
G‘azal kompozitsiyasiga ko‘ra to‘rt mustaqil turga ajraladi: 1. Mustaqil baytli g‘azal. 2. Yakpora
gazal. 3. Voqeaband g‘azal. 4. Musalsal gazal. G‘azal faqat shakliy sayqaldorlikkagina emas, balki
badiiy yetuklik, g‘oyaviy yuksaklik va mazmun salmoqdorligiga omil bo‘luvchi kompozitsion
belgilarga asosan shunday turlarga bo‘linadi. Bular — g‘azalning o‘ziga xos kompozitsion tiplari. Har
bir tipga mansub g‘azallar o‘ziga xos kompozitsion xususiyatlari bilan o‘zaro farqlanib turadi.
O‘zbek g‘azaliyoti tarixiy tajribalarining eng yuksak natijalari Alisher Navoiy g‘azaliyotida
mujassamlashgan. Uning devonlarida g‘azalning mazkur to‘rt turiga oid ajoyib namunalar mavjud.
Qayd etilgan tipdagi g‘azallarning eng oliy navi musalsal (silsilali) g‘azaldir. Navoiyiing shunday
asarlaridan birini tahlil etishdan avval musalsal g‘azalning xos fazilatlari haqida fikr yuritaylik.
Tarkibidagi lirik voqea, manzara, fikr va kechinma satrlar silsilasida, darajama-daraja rivojlanish
xususiyatiga ega bo‘lgan g‘azal musalsal g‘azaldir. Klassik poetikadagi tadrij usulining butun g‘azal
doirasida faol qo‘llanishi o‘sha g‘azalning o‘zig‘a xos kompozitsion tur — musalsal g‘azal sifatida
shakllanishiga xizmat qiladi. Musalsal g‘azal ichki tadrijiy takomilga ega bo‘lgan yakpora va
voqeaband gazalga o‘xshab ham ko‘rinishi mumkin. Ammo musalsal g‘azal bilan voqeaband yoki
yakpora g‘azallar orasiga tenglik alomati qo‘yib bo‘lmaydi. Ya’ni, ular aynan bir turdagi g‘azallar
emas. Musalsal, voqeaband, yakpora gazallar orasida quyidagicha tafovut mavjud. Albatta, har qanday
voqeaband g‘azal zamirida muayyan syujet yotadi. Bu syujet «ma’lum bir fabula va hikoya ma’nosida
emas, balki fikr va tuyg‘ularning bir-biriga mantiqiy ravishda bog‘lanib kelishligi» (M. Shayxzoda)
tarzida tajassum topgan taqdirda ham, u ibtido, rivojlanish va intiho bosqichlaridan iborat bo‘ladi. Agar
mana shu bosqichlar izchil silsilalardan tashkil topsa, g‘azal voqeabandlik bilan birga musalsallik ham
kasb etadiki, bu yuksak san’at namunasiga aylanadi. Demak, barcha voqeaband g‘azallar musalsal
bo‘lavermaydi, ayni paytda, har qanday musalsal g‘azallar ham voqeaband bo‘la olmaydi. Yakpora
g‘azallar ham shunday. Qo‘yilgan masala matla’dan maqta’ga qadar tadrijiy usulda, misralar silsilasida
rivojlantirilsa, poetik fikr va kechinmalarning bunday rivojlanishiga poetik obraz hamda boshqa badiiy
vositalar ham hamohang bo‘lsagina, g‘azal ayni paytda yakporalik (yaxlitlik) va musalsallik fazilatiga
ega bo‘ladi. Musalsallik g‘azalning butun komnozitsiyasiga tegishli xususiyat. Shuning uchun, ayrim
baytlarida tadrijiy takomil mavjudligiga qaramay, mustaqil baytli g‘azallar musalsal bo‘la olmaydilar.
Alisher Navoiyning «Yordin ayru ko‘ngul mulkedurur sultoni yo‘q, Mulkkim, sultoni yo‘q,
jismedururkim, joni yo‘q» yoki «Jong‘a chun dermen: «Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?» Derki: «Bois
bo‘ldi jism ichra marazning shiddati» matla’i bilan boshlanuvchi asarlari musalsal g‘azalning klassik
namunalaridir. Quyida Navoiyning musalsal gazallaridan birini tahlil etamiz.
Do‘stlar, mahram deb elga roz ifsho qilmangiz,
Boshingizga yuz balo kuch birla paydo qilmangiz.
Fosh qilmang roz, chunkim asray olmay qildingiz,
O‘zgalardin asramoq bore tamanno qilmangiz.