Raqobatning asosiy shakllari va turlari
«Monopolistik faoliyat» va «raqobat» tushunchalari mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun mustaqillik yillaridan keyin keng ishlatiladigan tushunchalar qatoriga kirgan bo‘lsada, bozor munosabatlari sharoitida faoliyat yuritib kelgan barcha mamlakatlarda bu tushunchalar ancha qadimdan mavjud bo‘lib kelgan.
Raqobatga bugungi kunga qadar bir qancha ta’riflar berilgan bo‘lib, Adam Smit uni «ko‘zga ko‘rinmas qo‘l» deb atagan edi. Raqobat iqtisodiy faoliyat
ishtirokchilarining o‘z ehtiyoj va manfaatlarini maksimal qondirish, yaxshi daromad olish, bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash, imkoniyatlarini namoyon etish hamda imijga ega bo‘lish uchun kurashdan iborat jarayondir.
Raqobat so‘zi lotincha «concurrere» so‘zidan olingan bo‘lib, «to‘qnashuv, qarama-qarshi, musobaqalashmoq degan ma’noni bildiradi. Raqobat tovar oldi- sottisi va eng yaxshi ishlab chiqarish uchun bozor tizimi qatnashchilari orasidagi o‘zaro kurash demakdir.
Lekin iqtisodiy va huquqiy adabiyotlarda raqobat to‘g‘risida har xil va qarama- qarshi fikrlar mavjud. Uni ishlab chiqaruvchilar orasidagi asosiy mexanizm, bozorning sifati, chegarasi, belgisi, xo‘jalik mexanizmining elementi, jamiyatni olga intiltiruvchi kuch sifatida ham ta’riflashadi.
Biroq raqobat kurashining keskinlashuvi natijasida ishlab chiqarish xarajatlarining past bo‘lishiga erishgan korxonalar o‘z yashovchanligini saqlab qolib, ishlab chiqarish harajatlari yuqori bo‘lgan korxonalar inqirozga uchray boshladi. Raqobat esa kichik korxonalardan yirik korxonalar o‘sib chiqishini ta’minlaydi. Raqobat kurashida yengib chiqish uchun hamfikr bo‘lib, texnik yangiliklar ustida yakdillik bilan ishlagan kam sonli tadbirkorlar jamoasining keyinchalik moliyaviy jihatdan ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan yirik firmalarga aylanib ketganligiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bugungi kunda butun dunyoga mashhur «Xonda»,
«Ford», «Microsoft» firmalari bunga yaqqol misoldir. Raqobatning asosiy sohasi bozor, chunki unda erkin iqtisodiy sub’ektlarning alohidalashgan manfaatlari to‘qnashadi.
Raqobat kurashining mazmuni to‘g‘risida to‘laroq tushunchaga ega bo‘lish uchun uning asosiy shakllari va belgilarini ko‘rib chiqish zarur. O‘z miqyosiga ko‘ra raqobat eng avvalo ikki turga: tarmoq ichidagi raqobatga va tarmoqlararo raqobatga bo‘linadi.
Iqtisodiy adabiyotlarda bir tarmoq ichidagi raqobatning to‘rtta shakli alohida ajratilib ko‘rsatiladi. Bular erkin raqobat, monopolistik raqobat, monopoliya va oligopoliyadir.
Erkin raqobat ikki darajada namoyon bo‘ladi: tarmoq ichida, ya’ni bir hil tovarlar ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasidagi raqobat va tarmoqlararo, ya’ni turli tarmoqlardagi korxonalar o‘rtasidagi raqobat. Tarmoqlar ichidagi raqobat ishlab chiqarish va sotishning qulayroq sharoitiga ega bo‘lish, qo‘shimcha foyda olish uchun bir tarmoq korxonalari o‘rtasida boradi. Har bir tarmoqda texnika bilan ta’minlanish darajasi va mehnat unumdorligi darajasi turlicha bo‘lgan korxonalar borligi sababli shu korxonalarda ishlab chiqarilgan tovarlarning individual (alohida) qiymati bir xil bo‘lmaydi.
Tarmoq ichidagi raqobat tovarlarning ijtimoiy qiymatini, boshqacha aytganda, bozor qiymatini aniqlaydi va belgilaydi. Bu qiymat, odatda, o‘rtacha sharoitda ishlab chiqarilgan va muayyan tarmoq tovarlarining anchagina qismini tashkil etadigan tovarlarning qiymatiga mos keladi.
Tarmoqlar ichidagi raqobat natijasida texnikaviy darajasi va mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan korxonalar qo‘shimcha foyda oladilar va aksincha, texnik jihatdan nochor korxonalar esa, o‘zlarida ishlab chiqarilgan tovar qiymatining bir qismini yo‘qotadilar va zarar ko‘radilar.
Tarmoqlararo raqobat turli tarmoqlar korxonalari o‘rtasida eng yuqori foyda normasi olish uchun olib boriladigan kurashdan iborat. Bunday raqobat foyda normasi kam bo‘lgan tarmoqlardan foyda normasi yuqori tarmoqlarga kapitallarning oqib o‘tishiga sabab bo‘ladi. Yangi kapitallar ko‘proq foyda keltiruvchi sohalarga intilib, ishlab chiqarishning kengayishiga, taklif ko‘payishiga olib keladi. Shu asosda, narxlar pasaya boshlaydi. Shuningdek, foyda normasi ham pasayadi, kam foyda keltiruvchi tarmoqlardan kapitalning chiqib ketishi teskari natijaga olib keladi: bu yerda ishlab chiqarish hajmi o‘zgaradi, tovarlarga bo‘lgan talab ular taklif qilishidan oshib ketadi, buning oqibatida narxlar ko‘tariladi, shu bilan birga foyda normasi oshadi. Natijada tarmoqlararo raqobat ob’ektiv ravishda qandaydir dinamik muvozanatni keltirib chiqaradi. Bu muvozanat kapital qaerga sarflanganligidan qat’iy nazar, teng kapital uchun teng foyda olinishiga intilishni ta’minlaydi. Erkin raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko‘p sonli korxonalar mavjud bo‘ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko`plab sotuvchilar o‘zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar.
Erkin raqobatli bozorda alohida korxonalar mahsulot narxi ustidan sezilarsiz nazoratni amalga oshiradi. Chunki har bir korxonada umumiy ishlab chiqarish hajmi uncha katta bo‘lmaydi. Shu sababli alohida korxonada ishlab chiqarishning ko‘payishi yoki kamayishi umumiy taklifga, demak mahsulot bahosiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
Erkin raqobat sharoitida yangi korxonalar tarmoqqa erkin kirishi, tarmoqda mavjud bo‘lgan korxonalar esa uni erkin tashlab chiqishi mumkin. Xususan yangi korxonalarning paydo bo‘lishi va ularning raqobatli bozorda mahsulotlarini sotishga huquqiy, texnologik, moliyaviy va boshqa jiddiy iqtisodiy to‘siqlar bo‘lmaydi.
Dostları ilə paylaş: |