www.ziyouz.com kutubxonasi
44
qishqirg‘anicha, suv yuqorisi tomon ot qo‘ymishdur.
Bunday dahshatli xabar tarqalishi bilan har yokdan ot chopishib kelgan qirg‘izlar suv
bo‘ylarida to‘planishib, hayronlik holda qarashib turg‘an edilar. Ko‘rib turgan kishilarning
aytishlaricha, shundayin dahshatlik o‘lim xatarlik, tilsiz yov ustiga kelganida yana
bahodirligi bilinib, o‘zida hech qanday o‘zgarish sezilmagan edi. Balki o‘zini,
payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Allohdan panoh tilagan ko‘zsiz-tilsiz suv balosi
oldida turganini ko‘rib, bu kabi dahshatlik xatarga duchor bo‘lgan bir bechorani
qutqazishga himmat qilg‘onini bilgach, o‘z tilicha: «O qudoyay, qo‘ldoy ko‘r!» na’rasini
tortganicha, suv o‘rtasidagi tosh ustida baqadek chaplashib yotgan cholni mo‘ljallab
anchagina yuqorndan «Alloh» deb ot solmishdur.
Uylardek o‘rkashlab-ko‘pirib yotgan dahshatlik suv to‘lqini ichida belidan botgan holda
toshdan toshga urilib, «O xudo»lab kelayotgan Shodmon botirga suv bo‘yida qarashib
turgan qalin xalqning ko‘zlari tushgach, «O xudo, o‘zing saqlay ko‘r», deb qichqirg‘an
tovushlari ko‘kka ko‘tarilmish edi. Oila jonkuyarlari har yoqdan «O quday» deb qichqurur
edilar. Shundayin haybatli-dahshatlik suv ichida jon hovuchlagan holda yopishib yotgan
chala o‘lik chol ustiga yeta kelib, «Joning bo‘lsa, uzat qo‘lingni!» deb qattiq qichqirgan
bo‘lsa ham, esi oqqanliqdin qo‘l uzatol-mag‘ach, botir qo‘liga ilinmay o‘qdek oqayotgan
suv sirpandisi (suv tezligi ma’nosida) bilan o‘tib ketmishdur. Buni ko‘rgan butun xalq
suron solishib: «Endi ish tugadi, bahodirlik o‘z chekidan o‘tdi, sizday kishi bizga qaydan
topiladi. Bunday chollarning necha minglari sizning bir tol tirnog‘ingizga teng kelmaydi!»
deyishib, qichqirishgan bo‘lsalar ham, bularga qarab qo‘ymay, suvdan chiqishi bilan
yana «Alloh» sadosini ko‘tarib, ikkinchi yo‘li bilan suvga kirganida payg‘ambarimiz
sallallohu alayhi vasallam «Bahodirlarni Alloh do‘st tutqay, tilaklarini xudo qaytarmag‘ay.
Har ishda chidamlik-sabotliklarni maqsadlariga yetkazgay» deganlaridek, Alloh yordami
yetti bo‘lg‘aykim, ul chalajon cholni o‘lim og‘zidan qutqarib, ot oldiga o‘ngarganicha
(ustiga mindirganicha, opochlaganicha), bu kabi dahshatli suvdan salomat chiqmishdur.
Yana bir kuni Oq O’rkavda qurdoshlari bilan qimiz ichib o‘ltirib ekan, yirokdan chiqqan
shov-qin-suron tovushi eshitilmishdur. «Bu nima gap?» deb so‘rasa: «Hay, botir, suv
yoqasidagi qalin chirg‘anak ichida bir yo‘lbars yotqanlig‘ini el bilishib qolib, merganlari
bilan kelgan ko‘pchilik xalq uni yotqan yeridan qo‘zg‘atib ochiqqa chiqarolmay
yotadilar», deganlarida: «Hay, ingragirlar, ko‘pchilik hech ish qilolmaydi, har vaqt xalqi
ortida turgan bahodir, yetuk bir kishi ko‘p ish qila oladi», deb yurtovul (yurtda, ovulda,
el ichida) kunlaridagi kiyim-boshlarini kiyib, qilich osilgan holda otlanmishdur.
Botirning odati, kirishgan ishidan qaytmaslig‘i el ichida ma’lum bo‘lg‘anlikdan, bu
ishdan qaytarish to‘g‘risida hech kim og‘iz ochalmagan edi. Shundoq bo‘lsa ham yer usti
hayvonlari ichida oti ulug‘, haybati zo‘r, changali dahshatli yirtqich-yo‘lbarsga
to‘qnashuvni o‘ylashib, ko‘z otar mergan inisi Mo-mutjon yo‘ldoshi bo‘lmishdur. Shu
yurganicha ergashgan tomoshachi kishilar birgaligida ko‘pchilik xalq o‘rashib olg‘an qalin
chirg‘anaq yaqiniga kelganida: «Hay jonivor, sen — hayvondan chiqqan yo‘lbars
bo‘lsang, men insondan tug‘ilgan arslonmen!», deb yaroqlagan yalang qilichi bilan oning
ustiga otil-mish ekan, botir hujumiga yo‘lbars chidayolmay, yotgan yeridan qochib
chiqayotganida inisi Momut otgan o‘qdan qattiq yaralanmish edi. Buni ko‘rgach: «Hay,
endi yog‘iy yaralandi, yaralang‘an yovni xotin olg‘ay», — deb uyiga qaytmishdur.
Uchinchi voqea. Haj safariga ketayotganida mozorlarni ziyorat qilmoqchi bo‘lib,
Samarqandga tushmush ekan. Amir Temur qabriga kirganida qarasa, sayohat uchun
kelgan rus zobit (ofiqer) laridan birovi Temur sulton qabriga oyog‘ini tirab xat
yozayotganini ko‘ribdur. Buni ko‘rgach bahodirligi qo‘zg‘alib: «Hay, puting (oyog‘ing)
kesilgur junbosh (boshi junli, sochli), er qadrini bilmagan, tort oyog‘ingni!», deb
hayqirgan ekan, qo‘rqqanidan sapchib turib kechirim so‘ramishdur.