www.ziyouz.com kutubxonasi
191
bayramona madhiya va qutlovlar eshitilardi. Kechikkan yo‘lovchilar eshaklarini xalalab, hayqirishib
o‘tib borishardi. Iudaning oyoqlari uning ixtiyorsiz ketib borar, oqibat u hammayog‘ini shox bosgan
mudhish Antoniy minoralari poyidan o‘tib ketganini ham payqamadi, qal’ada chalinayotgan karnay
na’rasini ham eshitmadi, qo‘lidagi mash’alasi bilan uning yo‘lini mudhishona yoritgan rimlik otliq
soqchilarga parvo ham qilmadi. Iuda minora yonidan o‘tib ketgach, orqasiga o‘girilib, jome ustida,
juda ham balandda ikkita g‘oyat ulkan besh shamli qandil yonayotganini ko‘rdi. Lekin Iudaning
ko‘ziga u shamlar ham elas-elas ko‘rindi, nazarida Yershalaim uzra misli ko‘rilmagan kattalikdagi
o‘nta shamchiroq yoqilganu ular shahar uzra tobora yuqoriroq ko‘tirilayotgan tunning taiho
shamchirog‘i — oy shu’lasi bilan shu’la sochishda kim o‘zarga o‘ynashayotgandek ko‘ringandi. Endi
Iudaning hech nima bilan ishi qolmagan, u faqat Hefsimaniya darvozasi tomon intilar, tezroq shaharni
tark etib chiqib ketishni istar edi. Ba’zan ko‘ziga ko‘chadagi olomon orasida Nizaning o‘ynoqi qiyofasi
lip-lip ko‘ringanday va Iudani ohanrabo singari o‘ziga ergashtirib ketayotgandek tuyulardi. Lekin bu
noto‘g‘ri tasavvur edi — Nizaning ancha oldinlab ketganligini Iuda yaxshi bilardi. U sarroflar rastasi
yonidan o‘tib, nihoyat Hefsimaniya darvozasiga yetdi. Bu yerda, garchi sabri chidamayotgan bo‘lsa
ham, bir oz turib qolishga majbur bo‘ldi. Shaharga tuyalar karvoni kirib kelayotgan edi, karvon
orqasidan ketma-ket suriyaliklar harbiy patruli kirib keldiki, Iuda bu patrulni ichida rosa bo‘ralab
so‘qdi...
Lekin har narsaning intihosi bor. Betoqat Iuda endi shahar tashqarisida ketib borardi. U chap
tomonda mo‘‘jazgina bir qabristonni, qabriston yonida ziyoratchi xudojo‘ylarning bir necha olabayroq
chodirini ko‘rdi. Iuda oy yog‘dusiga cho‘milgan sertuproq yo‘lni kesib o‘tib, Kedron soyi tomon otildi.
Soy uning oyog‘i ostida jildirab oqardi. U toshdan-toshga sakrab-sakrab, nihoyat soyning narigi,
Hefsimaniya sohiliga o‘tib oldi va bu yerda bog‘lar tepasidan o‘tgan yo‘lda hech zog‘ yo‘qligini
ko‘rib, quvonchdan ko‘ngli yorishib ketdi. Sal nariroqda juvozkashlik mulkining yarim xaroba
darvozasi ko‘rindi.
Havosi dim shahardan chiqqan Iuda bahor tunining atridan sarxush bo‘ldi. Bog‘dagi mirta
daraxtlarining va Hefsimaniya yalangligida o‘sgan akas daraxtlarining xushbo‘y hidi dimoqqa gup-gup
urilardi.
Darvozada qorovul yo‘q edi, umuman, bu yerlarda hech kim yo‘q edi, shunga ko‘ra, endi Iuda
sershox azim zaytun daraxtlarining antiqa ko‘lankalari ostidan g‘izillagancha chopib ketdi. Yo‘l
yuqoriga o‘rlab borardi, Iuda og‘ir-og‘ir nafas olarkan, oy shu’lasi vujudga keltirgan guldor soyalarni
bosib o‘tardiki, bu oyalar Nizaning rashkchi eri do‘konidagi turfa gulli gilamlarni eslatardi. Bir ozdan
keyin Iuda chap tomonda sayhonlikda juvozxonani, uning ulkan tosh g‘ildiragini va uyilib yotgan
bochkalarni ko‘rdi. Bog‘da hech kim yo‘q edi. Ish kun botgandayoq tugagan edi. Bog‘da yug‘ ham
ko‘rinmas, Iudaning boshi uzra endi bulbullar tinmay chaqchaqlashar, xonish qilishardi.
Iuda ko‘zlagan yer yaqin edi. U hozir o‘ng tomonda, qorong‘ilikda g‘orda jildirab oqayotgan
suvning ovozini eshitadi. Shunday bo‘ldi ham, ana suv jiddirashi eshitildi. Salqin bo‘la boshladi.
Shunda u qadamini sekinlatib, ohista chaqirdi:
— Niza!
Lekin Nizaning o‘rniga yo‘g‘on zaytun daraxti orqasidan bir barzangi erkak yo‘l o‘rtasiga chiqdi,
uning qo‘lida bir nima bir zumga yalt etib so‘ndi.
Iuda o‘zini orqaga tashlab, zaif ovoz bilan qichqirdi:
— Oh!
Ikkinchi bir odam uning orqasidan to‘sib chiqdi. Iudaning ro‘parasida turgan birinchi erkak undan
so‘radi:
— Hozir qancha pul olding? Gapir, agar jon shirin bo‘lsa!
Iudaning qalbida umid uchquni porladi. Jon holatda chinqirdi u:
— O‘ttiz tetradraxma! O‘ttiz tetradraxma! O‘sha iulning hammasi yonimda. Mana u! Olinglar,
faqat jonimni olmasanglar bo‘lgani!