www.ziyouz.com kutubxonasi
3
qizlari bo‘lmag‘an, bo‘lsalar ham yoshliqda o‘lib ketkanlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak,
Otabekka ixlos qo‘yib, unga o‘z bolasi kabi qarar: «O‘lganimdan keyin ruhimga bir
kalima qur’on o‘qusa, bir vaqtlar Hasanali ota ham bor edi deb yodlasa, menga shunisi
kifoya» deb qaror bergan va hozirdan boshlab Otabekka bu to‘g‘rida sipo-rishlar berib,
undan samimiy va’dalar olib yurg‘uchi oq ko‘ngil bir qul edi.
Hasanali ustida bo‘lg‘an haligi gapdan keyin Rahmat so‘radi:
— Toshkanddan nimalar keltirdingiz, bek aka?
— Arzimagan narsalar: gazmol, qalapoy afzali va bir oz qozon.
— Marg‘ilonda gazmol bilan qalapoy afzalining bozori chaqqon, — dedi Homid.
Otabek miqrozi bilan sham’ so‘xtasini kesib tuzatdi. Orada yotsirashka o‘xshash bir
hol bor, nima uchundir bir so‘zlab ikki to‘xtar edilar. Bu o‘ng‘aysiz holatdan chiqish va,
so‘zg‘a ulab yuborish uchun Rahmat tirishkandek ko‘rinar edi.
— Marg‘ilonni qanday topdingiz, bek aka, xushlandingizmi, yo?..
Bu savolning javobiga Otabek ikkilangandek va o‘ng‘aysizlang‘andek bo‘ldi.
— Nima desam ekan... Marg‘ilonni har holda... xush ko‘rdim, Marg‘ilon
Turkistonimizning to‘qug‘uchiliq hunarida birinchi shahridir.
Ikkilanib berilgan bu javobdan Homid bilan Rahmat bir-birlariga qarashib oldilar.
Otabek bu holatni sezdi va o‘zining so‘zini kulgulikka olib izoh berdi:
— Kelgan kunimdan Marg‘iloning‘izni xushlamay boshlag‘an edim. Chunki tanishlarim
yo‘q, musofirchilik bilinib qolayozg‘an edi. Endi bu soatdan boshlab Marg‘ilondan
roziman, negaki, yo‘qlab kelguchi sizning kabi qadrdonlar ham bo‘lur ekan.
— Kechiringiz, bek aka, — dedi Rahmat, — men sizning Marg‘ilon kelganingizni bu
kun otamdan eshit-dim. Yo‘qsa, albatta sizni zeriktirmas edim.
— Aniqmi?
— To‘g‘ri gap, — dedi Rahmat, — otam Toshkand borg‘anlarida to‘p-to‘g‘ri sizning
eshikingizga tushsinlar-da, siz saroyga tushing. Bu taraf bilan sizdan o‘pkani biz qilsaq
arziydir.
— Haqqingiz bor, — dedi Otabek, — ammo bi-rinchidan, sizning havlingizni so‘rog‘lab
topish menga qiyinroq ko‘rindi, undan so‘ng molimizni ortg‘an tuyakashlar shu saroyg‘a
tayinlang‘an edilar.
— Har holda bu uzr emas.
Hasanali dasturxon yozib qumg‘on kirgizdi. Odatiy takalluflar bilan dasturxon va
choyga qaraldi. Homid nonni shinniga bulg‘ar ekan so‘radi:
— Yoshingiz nechada, bek?
Otabekning labi qimirlamasdan choy quyib o‘tirgan Hasanali javob berdi:
— Bekka xudo umr bersa, bu yil hamduna bo‘lsa to‘ppa-to‘g‘ri yigirma to‘rt yoshga
qadam qo‘yadilar.
— Yigirma to‘rt yoshga kirdimmi, ota? — dedi bek. — Chindan ham necha yoshga
kirganimni o‘zim bilmayman.
— Yigirma to‘rt yoshga kirdingiz, bek.
Homid tag‘in so‘radi.
— Uylanganmisiz?
— Yo‘q.
Hasanali Otabekning yolg‘iz «yo‘q» bilan to‘xtashiga qanoatlanmadi va bu to‘g‘rida o‘z
tomonidan izohlar berishni lozim ko‘rdi:
— Bek uchun bir necha joylarga qiz aytdirmak istalingan bo‘lsa ham, — dedi, — avval
taqdir bitmaganlik, undan keyin bekning uylanishka bo‘lg‘an qarshiliq-laridan bu
kungacha to‘y qilolmay kelamiz. Ulug‘ xo‘ja-mizning qat’iy niyatlari bu safardan
qaytg‘ach bekni uylandirishdir.