Mijoz buxgalteriya hisobi bo’limining tashkiliy tuzilmasi va uni o’rganish
Reja:
1. Tekshiriladigan korxona (mijoz) faoliyatini o’rganish
2. Buxgalterlik hisobining tashkil etilishini o’rganish
3. Korxona hisob siyosatini o’rganish
Tekshiriladigan korxona (mijoz) faoliyatini o’rganish
Auditorlik tekshiruvni rejalashtirish tekshiriladigan korxona faoliyatini batafsil o’rganishdan boshlanadi. Auditor korxona faoliyatini o’rganishdan ikkita maqsadni ko’zlaydi: a) audit o’tkazishni osonlashtirish va sifatini oshirish; b) tekshiriladigan korxona iqtisodini yaxshilashga qaratilgan amaliy maslahat yordami ko’rsatish. Buning uchun korxona faoliyatiga ta’sir qiladigan ichki hamda tashqi omillar haqida ma’lumotlarni to’plash zarur.
Auditor birinchi navbatda e’tibor berish lozim bo’lgan, korxona iqtisodiga ta’sir qiladigan ichki omillarga quyi-dagilar kiradi: mulkchilik shakli va boshqaruv tuzulmasi, korxonaning qanday maqsadda tashkil etilganligi, korxona faoliyatida amalga oshiriladigan asosiy muomalalar, moliyasi, xodimlari, hisob yuritish siyosati, korxonaning uchinchi shaxslar bilan o’zaro munosabatlari. Tashqi omillarga mijoz faoliyat qiladigan tarmoq, mamlakatdagi iqtisodiy holat kiritiladi.
Tekshiriladigan korxonaning maqsadlarini tahlil qilish, uning muomalalarini yaxshi tushunishga imkon berib, tekshiriladigan hisobot haqida to’g’ri fikr shaklllantirilishi uchun zarurdir. Chunonchi, agar auditor ishini rejalashtirish chog’ida mulk egalarining korxonani tugatmoqchi ekanliklari aniqlansa, bunda u korxona hisobotiga nisbatan faoliyat qilayotgan korxona printsipini qo’llamasligi haqida auditorlik hisobotiga izoh kiritishga tayyorlanishi zarur.
Mijozning muomalalari haqidagi ma’lumotlar auditorga o’zining xatarli holatlarini to’g’ri baholash, samarali tekshirish dasturi tuzish va uni o’tkazishga ketadigan vaqtni tejashda yordam beradi. Korxonaning moliyaviy tuzilmasini bilish auditorga korxonaning mablag’larga bo’lgan talabi va ularning kelish manbalarini, korxonaning haqiqiy to’lov qobiliyatini aniqlash va shu bilan birga u kelgusida o’z muomalalarini amalga oshira olishini aniqlashda yordam beradi.
Korxona rahbariyati va bosh mutaxassislardan so’rab-surishtirish yo’li bilan asosiy muammolarni, xususan, raqobat, soliq masalalari, korxonaning moliyaviy ahvoli, korxonaning yirik muomalalari, biznesdagi, rahbariyatdagi, mulkchilik shakllaridagi o’zgarishlar, ichki nazoratning tashkiliy tuzilmasi va metodlari, rahbariyatning auditor maxsus e’tibor qaratishini istagan o’ziga xos muammolarini aniqlashi mumkin. Bo’linmalar, ishlab chiqarish urinlari va omborlarga borib, mijozning amalga oshiradigan muomalalari, ishlab chiqarish tovar-moddiy zaxiralarning mavjudligi haqida tasavvurga ega bo’lishi mumkin.
Shuningdek, korxona faoliyati haqidagi uning hisobotida (buxgalterlik hisobotlari va analitik yozuvlar; direktorlar, boshqaruv va aktsiyadorlik kengashining majlis bayonnomalari; ichki auditorning va taftish komissiyasining hisobotlari, lavozim yo’riqnomalari), tashqi axborot manbalari (matbuotda chiqqan nashr mahsulotlari, ma’lumotlar bazasi, analitik nashrlar, qonunchilikka oid va boshqa me’yoriy byulletenlar) keltirilgan ma’lumotlarni tahlil qilishi lozim.