Iqtisodiy globallashuv sharoitida mamlakat iqtisodiy o’sishini ta’minlashda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko’lamini yanada chuqurlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Mavjud mahalliy xomashyo bazasi asosida import o’rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish mamlakatimizning barqaror iqtisodiy o’sishini ta’minlay olishi amalda o’z isbotini topmoqda. Mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish borasida to’plagan tajribamiz iqtisodiyotimizning tashqi omillarga bog’liqligini kamaytirish, ichki talabni shakllantirish va bozorlarimizni zarur iste’mol tovarlari hamda butlovchi mahsulotlar bilan to’ldirish, valyuta zaxiralarini tejash va ulardan oqilona foydalanish aholi bandligini ta’minlashda muhimligi amalda tasdiklanmokda. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlab o’tganlaridek: “mamlakatning iqtisodiy o’sishida va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o’zgartirishda shuningdek, aholining turmush darajasi va yashash farovonligini oshirishda, ish bilan bandlilik darajasini yanada yaxshilashda hamda bozorlarimizni o’zimizda ishlab chiqarilgan import o’rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to’ldirishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning o’rni ahamiyatlidir. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda shuni alohida e’tiborga olish kerakki, mahalliylashtirilayotgan mahsulotning avvalambor xomashyo resursiga, iste’mol talabiga, yuqori sifatga, arzon narxga va o’z navbatida malakali ishchi kuchiga ega bo’lishini taqozo etadi. SHu bilan birga ishlab chiqarishni tashkil etishda xomashyoni qayta ishlashdan toki uni tayyor mahsulotga aylantirishgacha bo’lgan jarayonni va sarflangan xarajatlarning o’zini qoplashini asoslab berish hamda prognoz qilish maqsadga muvofiqdir.
Mahalliylashtirish viloyat yoki mintaqalarning ixtisoslashuvi bo’yicha hududiy mehnat taqsimoti bilan uzviy bog’liqdir. Ya’ni har bir hudud o’zining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqgan holda u yoki bu mahsulotni ishlab chiqarish uchun ma’lum darajadagi imkoniyatlarga ega.
Mahalliylashtirish xususida iqtisodchi olimlar chuqur izlanishlar olib borishgan.
Jumladan, Alfred Veberning “Ishlab chiqarishni joylashtirish nazariyasi”ga ko’ra ishlab chiqarish joylashgan hududda xomashyoni olib kelish xarajatlari (transport xarajatlari) so’nggi mahsulot xarajatlari minimal bo’lishini ilgari surgan iqtisodiy yo’riqnoma sanaladi. Ushbu nazariya jahon amaliyotida “pure theory”- toza (sof) nazariya nomini olgan va 1909 yildan buyon ishlab chiqarish hududlarida foydalanib kelinadi. Veber asosan ishlab chiqarishni joylashuviga ta’sir etadigan omillarini tahlil qilgan. Bugungi kunga kelib mahalliylashtirishni iqtisodiyot nazariyasida L. Valьras nazariyasi bo’yicha o’rganiladi va tadqiq etiladi. Valьras nazariyasi borliqda iqtisodiy muvozanatlilik modelini o’zida bayon etgan. Uning asosi sifatida esa eksport-import operatsiyalari olingan. Ya’ni, har bir hudud, mintaqa, viloyat, mamlakat o’zining ihtisosligidagi mahsulot ishlab chiqarishni aholi ehtiyojini hisobga olmagan holda ko’paytirishda davom etsa iqtisodiy muvozantni buzilishiga olib keladi. SHuningdek, har bir hudud, mintaqa, viloyat, mamlakat o’z aholisining ehtiyojni hisobga olib, bu extiyojni faqatgina import maxsulot orqali qondirilsa ham iqtisodiy muvozanatning ta’minlanishiga o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatib boradi.Yuqoridagi nazariyalardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki ishlab chiqarishni mahalliylashtirish transport xarajatlari, bojxona to’lovlari va mahalliy ishchi kuchi hisobiga mahsulot narxining minimal darajada bo’lishiga erishiladi. SHuningdek, mahsulotning nafaqat ichki bozor talabini qondirishga balki uni eksportga yo’naltirilishi va mamlakatning valyuta resurslari tejashning asosiy omillardan biriga aylanishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasida barqaror iqtisodiy o’sishga erishish va iqtisodiyot tarmoqlarini yanada kengaytirish maqsadida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni mamlakatimiz iqtisodiyotida yanada keng tatbiq qilish maqsadida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan bir qator istiqbolli qarorlar qabul qilingan. Jumladan, 2015 yilning 11 fevralida “2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish davlat dasturi to’g’risida”gi PQ-2298 sonli, 2009 yil 28 yanvardagi “Mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risida”gi PQ-1050 sonli qarorlarni alohida ta’kidlab o’tish zarur. Yuqoridagi qaror va dasturlarning ijrosini amalga oshirish borasida 2015-2019 yillarda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida taramoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish hisobidan import mahsulotlarini qisqartirishning maqsadli parametrlari tasdiqlangan. 2015-2019 yillarda geologiya, yoqilg’i energetika, kimyo, neftkimyo va metallurgiya sanoati kompleksi bo’yicha yiliga o’rtacha 25,7 foizga, mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoati hamda standartlashtirish kompleksida 19,6 foizga, kommunal va transport, kapital qurilishi va qurilish kompleksida 19,1 foizga, qishloq va suv xo’jaligi, qishloq va suv xo’jaligi maxsulotlari va iste’mol tovarlarini qayta ishlash kompleksida 36,2 foizga, madaniyat, sport, sog’liqni saqlash va ijtimoiy himoya kompleksida 54,7 foizga hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalari kompleksida 20 foizga importni qisqartirish belgilangan. Mazkur dasturlar doirasida 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo’yicha umumiy qiymati 40,8 milliard dollarlik 846 loyiha, muhandislik-kommunikatsiya va yo’l-transport infratuzilmasi ob’ektlarini qurish hamda rivojlantirishga doir umumiy qiymati 9,8 milliard AQSH dollarlik 141 loyihalarni amalga oshirish ko’zda tutilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo’yicha umumiy qiymati 5 milliard AQSH dollardan ziyod 602 loyihani amalga oshirish va 1,2 mingdan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o’zlashtirish ko’zda tutilgan (-rasm). -rasmdan ko’rish mumkinki ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi bo’yicha loyihalar Respublikamizning barcha hududlarida amlaga oshirilmoqda. Bulardan loyihalar soni bo’yicha Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlari yetakchi o’rinni egallamoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi bilan bir qatorda eng avallo, hududlarda yangi ish o’rinlarini paydo bo’lishi aholining ish bilan ta’minlanganlik darajasini oshishiga zamin yaratiladi. Tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor vazifalari va yo’nalishlarini amalga oshirish bo’yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2015 yilda iqtisodiyotni tarkibiy o’zgartirishni yanada chuqurlashtirish, asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning yuqori o’sish sur’atlarini saqlash va yanada iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam asos yaratish ta’minlandi.
3-rasm. 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni maxalliylashtirishning xududlar kesimi bo’yicha tavsifi (bazaviy tarmoq korxonalaridan tashqari). Buning isboti sifatida 2015 yil yakunlari bo’yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining 8 %ga, sanoat mahsulotlarining 8 %ga, qishloq xo’jaligi mahsulotlarining 7 %ga, qurilish montaj ishlarining 18 %ga oshgani va makroiqtisodiy barqarorlik ya’ni davlat byudjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 % profitsit bilan bajarilganini ko’rishimiz mumkin. 2015 yil yakunlariga muvofiq inflyatsiya darajasi 5,6 foizni tashkil qildi, ya’ni prognoz ko’rsatkichlari doirasida bo’ldi. Iqtisodiyotning barqaror o’sish sur’atlari iste’mol talabini rag’batlantirishga doir amalga oshirilgan chora-tadbirlar bilan birga aholi ichki yalpi daromadini 17,4 foizga oshirishga yordam berdi. Bu esa chakana savdo aylanmasi hajmi 15 foiz va aholiga pullik xizmatlar ko’rsatish 10,8 foizga oshishida muhim omil bo’ldi[2]. Shuningdek, qolgan ijtimoiyiqtisodiy ko’rsatkichlarni 2-rasmda ko’rishimiz mumkin.
Ushbu ijtimoiy-iqtisodiy ko’rstakichlarni iqtisodiyotimizni yanada rivojlanishi uchun tatbiq qilinayotgan iqtisodiy dasturlar natijasi sifatida ko’rishimiz mumkin. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, yuqori texnologiyali muhim quvvatlarni ishga tushirishni jadallashtirish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini izchil rivojlantirish asosida tarkibiy o’zgarishlarni chuqurlashtirishga qaratilgan investitsiya siyosatining faol amalga oshirilishi natijasida joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotda o’zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2,7 milliard AQSH dollarni tashkil qildi [5] va 2014 yilga nisbatan 8,7 foizga o’sdi. 2015 yilda tayyor mahsulotlar, butlovchi qisimlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida 2015 yilning birinchi choragida 504 loyiha bo’yicha qiymati 620 milliard so’mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, import o’rnini bosish bo’yicha hisoblab chiqilgan samara 260 million dollardan oshdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishda 430 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar, jumladan, ekskavator ehtiyot qismlari, “Damas” avtomobilining shtamplangan kuzov detallari, kompressor agregatlari ehtiyot qism va uzellari, motor moylari, gidravlika suyuqliklari, shaxta vagonchalari, yangi turdagi maishiy muzlatgich va sovutgichlar, elektr pechlar, maishiy yoritgichlar, energiya tejaydigan yorug’lik diodli chiroqlar, maishiy texnika uchun butlovchi buyumlar, velosipedlar, sport trenajyorlari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi SHuningdek, bazaviy tarmoq va hududlar korxonalari uchun mahalliy xomashyo resurslari negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi qisimlar va materiallar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalari tasdiqlangan bo’lib, unga ko’ra jami 57 turdagi tabiiy xomashyo va nodir metallar ishlab chiqarish resurslari o’zlashtirilishi belgilangan.